Oʻzlikni anglash maskaniga sayohat

22:17 30 Mart 2026 Jamiyat
170 0

Poytaxtimizda barpo etilgan muhtasham ilmiy – maʼrifiy maskan – Islom sivilizatsiya markaziga jamoatchilikning tashrifi kun sayin kengayib bormoqda. Kuni kecha bu yerga Namangan viloyatining asosan yoshlardan iborat boʻlgan delegatsiyasi ham kelib , yurtimizning boy tarixiy merosi, islom madaniyatining jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasi va buyuk ajdodlarimizning ilmiy faoliyatini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etuvchi koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdi. Ayni jarayonda ularga markazning konsepsiyasi, noyob qoʻlyozmalar fondi, interaktiv ekspozitsiyalar hamda ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

— Bu yerdagi ekspozitsiyalar orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi, ularning jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasi zamonaviy texnologiyalar orqali jonli va taʼsirchan tarzda yoritilgani ayniqsa eʼtiborni tortadi, — deydi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Xusanboy Poshshaxonov. — Delegatsiyamiz aʼzolari ularni koʻrib, tarixiy bilimlarini yanada boyitdilar, olis va yaqin oʻtmishimiz, ilm–fan va milliy qadriyatlarga nisbatan qiziqishlari ortdi. Aksariyat yigit-qizlarda ajdodlarimizning ilmiy yutuqlari bilan faxrlanish hissi ortishi barobarida “biz ham shunday buyuk ishlarni amalga oshirishimiz mumkin”, degan ishonch kuchaydi.

Tashrif davomida ishtirokchilar markazda yaratilgan interaktiv zonalar, zamonaviy multimedia vositalari orqali berilayotgan maʼlumotlarni diqqat bilan qabul qildilar. 150 dan ziyod yoshlarni jamlagan sayohat taassurotlari kelajagimiz egalarining maʼnaviy dunyoqarashini boyitib, ilm-fanga boʻlgan intilishlarini yanada oshirishi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?