Oʻzini oqlaydigan biznes

19:56 26 Noyabr 2025 Jamiyat
97 0

— Hovlingizda uch-toʻrt bosh qoʻy-echki yo qoramollar boqyapsizmi, demak siz qishloqning qoʻli uzun, roʻzgʻori toʻkin odamlaridan birisiz. Agar mehr va aql uygʻunlashsa, chorva kasallikka chalinmay koʻpayib borsa, sarflangan pul tezda oʻzini oqlaydi ham, — deydi Norin tumanidagi Norinkapa qishlogʻida yashovchi yosh tadbirkor Sanjar Azimov. — Bundan uch yil avval 35 ming dollarga 10 bosh zotdor sovliq va 2 bosh naslli qoʻchqor sotib olgan edim. Hozir jonivorlarning soni 26 boshga yetdi. Bunga shu yilning oʻzida 40 ming dollarga sotilgan naslli qoʻchqoru sovliqlar kirmaydi.

Sanjar Azimovning soʻzlariga qaraganda, zotdor qoʻy boqish koni foyda. Molbozorga chiqib qoʻylarni kuzating, tez oʻsadigan, zoti yaxshilangan jonivorlarning xaridori koʻp. Koʻpchilik jaydariga nisbatan zotdor qoʻchqorlarning egasi boʻlishga intilyapti. Hatto arashan zotli uch yillik qoʻchqor 180 kilodan ogʻir boʻlgani bois kechagina Namanganda oʻtkazilgan 3- xalqaro zotdor chorva hayvonlari koʻrgazmasida namoyish etilib, birinchi oʻrinni egalladi. Uning egasiga ikki kamerali zamonaviy muzlatkich sovgʻa qilindi. Hatto oʻsha sovrindor qoʻchqorni oz emas, koʻp emas 10 ming dollarga soʻraganlar ham boʻldi.

—Qoʻy —baraka, tom maʼnoda boylik. Ota -bobolarimiz qadimdan shu sohaga mehr qoʻygan, biz ham shu yoʻldan boryapmiz,— deya soʻzini davom ettiradi Sanjarbek Azimov. — Hovlimdagi mana shu jonivorlarning ozuqasi uchun bir yilda 30 mln. soʻmga yaqin sarf-xarajat qilaman, ammo foyda ikki-uch karra yuqori. Shu yil aprel oyida romitanlik chorvador Shaxriyor Istamovga bir bosh zotli sovliqni qoʻzisi bilan 9 yarim ming dollarga sotdim, desam balki ishonmassiz. Ammo bu bor gap. Bundan tashqari yaqinda shahrixonlik Ulugʻbek Boboyevga 28 ming 600 dollarga ham zotli qoʻchqorlarimdan sotdim. Hademay oʻn boshdan ortiq sovliq tugʻadi, ularga ham hozirdanoq xaridor naqd.

Sanjarbekning otasi Bahodir aka ham koʻpni koʻrgan, gʻayratli inson, asosiy vaqti fermada oʻtadi, chorva hayvonlarini meʼyordagidek parvarishlash borasida tajribasi katta. Muhimi Azimovlar oilasida ahillik, totuvlik bor. Otaning maslahati, duosi Sanjarbekka quch -qudrat berayotir. Otasiyu bobosining erkasi sanalgan Muhammadsolih esa kichkina boʻlsa-da, qoʻzilarni koʻrganda behad quvonib ketadi.

—Davlatimiz rahbari shu yil Namangan viloyatiga tashriflari chogʻida qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari qatori Norindagi chorvachilik rivoji bilan ham qiziqqan edi. Oʻsha jarayonda intensiv baliqchilik qatori Sanjar Azimovning juda qisqa muddatda zotdor qoʻychilikni yoʻlga qoʻygani tilga tushdi. Bu tajribani Norindagi barcha qishloq xonadonlarda joriy etish, Azimovlar tashabbusini qoʻllab quvvatlash lozimligi ham taʼkidlandi,— deydi tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Mirzobobir Maqsudov.

—Qoʻylarni sotgan odam duoga qoʻl ochib, baraka toping, otangizni rahmatini oling, degandi. Oʻshanda bu gapga shunchaki, aytdi -qoʻydi-da, deb koʻpam eʼtibor bermagandim. Oʻsha buxorolik yigit “Qoʻylaringizni daragini eshitib keldim,aka, kam demang, rozi boʻling, bu pulni oʻzim minib yurgan “Kobalt”ni sotib keltirdim,” deganda, u bergan pul ona sutidek halol ekanligini anglaganimda mendan baxtli inson yoʻq edi. Otam baraka top bolam, dedi. Ilgari akam Bahromjon bilan ish izlab Qozogʻistonga borganim, kimningdir qoʻlida mardikor boʻlib ishlaganim yodimga tushdi. Boʻlar ekan-ku, qishloqning oʻzida pul topsa, zotdor qoʻy biznesi ortidan millionlarni topsa dedim oʻzimga oʻzim. Bu ishim oʻzimga ham Bahrom akamga ham katta ruh berdi. Nasib etsa, chorvani yanada rivojlantiraman. Chunki Prezidentimiz tadbirkorlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beryaptilar. Agar ikki-uch yil ichida davlatimiz rahbarining odilona siyosatidan ruhlanib, chorva bosh sonini oʻn karra koʻpaytira olsak, bu bizning ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan yuksaltiradi. Oʻgʻlim Muhammadsolihning kelajagi uchun ham yetarli sarmoya topgan boʻlaman. Qolaversa, halol mehnat, ezgu niyat odamni yangidan yangi gʻoyalaru loyihalar sari ruhlantiradi, —deydi biz bilan xayrlasharkan Sanjar Azimov.

Abdunabi Aliqulov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер