Oʻzbekistondagi masjidlarda juma namozlarini oʻqish boʻyicha karantin cheklovlari bekor qilindi

22:13 10 Avgust 2021 Jamiyat
1498 0

Oʻzbekiston Respublikasida ham xorijiy davlatlardagi singari koronavirus infeksiyasidan emlash boʻyicha tizimli ishlar tashkil etilmoqda.

Bu borada jahon tajribasi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanish darajasidan kelib chiqib, ayrim faoliyat turlariga ruxsat berilayotganligi hamda emlangan fuqarolar uchun karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatayotganligini koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining 2021-yil 8-avgustdagi qarori bilan umumiy ovqatlanish obyektlari bilan bogʻliq karantin cheklovlari yumshatildi.

Yuqoridagilar asosida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida aholini ommaviy emlash ishlarini jadallashtirish, shuningdek, aholiga diniy ibodatlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan kiritilgan takliflar har tomonlama muhokama qilindi.

Muhokama natijalari boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil
13-avgustdan eʼtiboran:

masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼiy nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikatiga ega boʻlgan taqdirda ushbu masjidlarda juma namozini oʻtkazishga ruxsat berish;

masjidlarga juma namozini oʻqish uchun koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritish (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno) toʻgʻrisidagi takliflari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan maʼqullandi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etishni tavsiya qilindi.

Shu bilan birga diniy ibodatlarni ado etish jarayonida tashrif buyuruvchilar tomonidan tibbiy niqobda boʻlish hamda ijtimoiy masofani saqlash boʻyicha karantin cheklovlariga qatʼiy rioya etilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?