Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazdilar

12:04 15 Noyabr 2025 Siyosat
156 0

Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari 2024-yilda taʼsis etilgan Oliy davlatlararo kengash formati oʻzining dolzarbligi va samaradorligini koʻrsatganini taʼkidladi.

Munosabatlarimiz bugungi kunda eng yuqori strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini, ikki tomonlama salohiyatdan foydalanish yoʻllarini batafsil muhokama qildilar va Oʻzbekiston – Qozogʻiston sherikligini kengaytirishga sezilarli turtki beradigan bir qator qarorlar qabul qildilar.

Oʻzaro savdoning barqaror oʻsishini taʼminlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish va biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu koʻrsatkichni 2030-yilgacha 10 milliardga yetkazish maqsad qilingan.

Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, savdo va investitsiya bitimlarining salmoqli toʻplami shakllantirilgan, “OʻzKazTreyd” kompaniyasi taʼsis etilgan, ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgan.

Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperatsiyasi sohasida erishilgan katta muvaffaqiyatlarni qayd etdi.

Tashrif doirasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi hamda 1,3 milliard dollarlik qator muhim loyihalar ishga tushiriladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod boʻlgan, jumladan, kimyo, geologiya, infratuzilma, logistika, agrosanoat va koʻplab boshqa sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli Sanoat kooperatsiyasi dasturi tayyorlandi.

Transport va logistika sohasida tizimli sheriklik ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi. Yangi transport yoʻlaklarini, shu jumladan, “Uchquduq – Qiziloʻrda” yoʻnalishini yaratish, Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni ragʻbatlantirish boʻyicha birgalikda ishlash zarurligi qayd etildi.

Energiya resurslarini tashish va qayta ishlash, energiyani tejash, “yashil” texnologiyalar hamda axborot texnologiyalarini joriy qilish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻriladi. Tomonlar tashrif doirasida Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi bitim imzolanishini olqishladilar.

Yetakchilar gumanitar aloqalar alohida oʻrin tutishini qayd etdilar. Joriy yilda Olmaota va Ostona shaharlarida qoʻshma madaniy tadbirlar – “Lazgi” baleti, rassomlar koʻrgazmasi, adabiyotchilar forumi va yoshlar festivali, shuningdek, Oʻzbekistonda Qozogʻiston tibbiyoti kunlari va Toshkent shahrida Ostona kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Fan va taʼlim muassasalari, yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi qoʻshma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.

Qoʻshma sayyohlik yoʻnalishlarini ishlab chiqish, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va maʼnaviy merosini ommalashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, muzokaralar kun tartibi yuzasidan Bosh vazirlar oʻrinbosarlari, energetika, transport va madaniyat vazirlarining hisobotlari tinglandi.

Davlatlararo oliy kengashning ikkinchi yigʻilishi yakunida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?