Oʻzbekiston va Qatar sanoat va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 8-9-may kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Qatar Davlatida boʻlib, ushbu mamlakatning vazirlik va idoralari hamda yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Xususan, Savdo va sanoat vaziri Muhammad al-Tani bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qatar tomoni oʻzaro hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi va Qatar Davlati rahbarining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi koʻp qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi hamda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.
Oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasini hamda energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT sohasi va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishlab chiqishga kelishildi. Ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish, Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolashga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tomonlar birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Toshkentda ikki davlatning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.
Moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbat chogʻida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrishga kelishildi.
Markaziy bank Boshqaruvchisi – Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla al-Tani bilan Qatar va Oʻzbekiston tijorat banklari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Energetika vaziri – Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan Nebras Power kompaniyasi bilan energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa al-Tani bilan uchrashuv doirasida qoʻshma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Qatar National Cement, Baladna, Qatar Diar, Fitco Detergents, Katara Hospitality kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxonalar, savdo-koʻngilochar va turarjoy majmualarini qurish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar tomonlarga rejalarni oʻzaro muvofiqlashtirish hamda hamkorlikni kengaytirish va koʻrib chiqilgan barcha loyiha va tashabbuslarni toʻliq amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring