Oʻzbekiston va Italiya Prezidentlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik rivojlanayotganini olqishladilar
Rim shahridagi Kvirinal saroyida 8-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari tashrif bilan kelish taklifi va samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Serjo Mattarella va Italiya xalqini kuni kecha oʻtgan milliy bayram – Respublika eʼlon qilingan kun bilan qutladi.
Italiya Prezidenti Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi hamda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdilar.
Keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni ikki barobar koʻpaydi. Yurtimizda Italiyaning Pietro Fiorentini, Terra-nova, Danieli, Imagro, Ansaldo, Saipem kabi yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Prezidentlar kuni kecha oʻtgan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod boʻlgan kelishuv va shartnomalarning salmoqli toʻplami imzolandi.
Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, taʼlim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil Oʻzbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib kelmoqda.
Yil boshidan mamlakatimizga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra koʻpaydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afgʻon xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarellani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring