Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi

09:57 04 Iyun 2021 Iqtisodiyot
944 0

“Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–6240, 02.06.2021-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmon bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi.

Farmonga koʻra, 2021-yil 1-sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshiriladi.

2021-yil 1-noyabrdan:

xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazgandan soʻng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan meʼyorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi;

xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan ayrim turdagi mahsulotlarni Oʻzbekiston rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qatʼi nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima qoʻllaniladi.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda – BHMning 40 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima taʼsir chorasi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?