Qarz. Nima u?

16:34 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
4898 0

Yuragim sezib turibdi: keyingi yillarda tashqi qarzimizning ortib borayotganligi atrofida turli-tuman fikrlar bildirilayotgan, har xil mish-mishu, mashmashalar sodir boʻlayotgan bir paytda savolning bu tarzda qoʻyilishi ayrimlar uchun oʻrinsizdek tuyuladi. Oramizda “Buning “tashqi qarz muammosi”ga nima daxli bor?” deguvchilar ham topiladi. “Yopiray! XXI asrda ham shu savolning javobini bilmaganlar ham bor ekanmi?” — deya ajablanuvchilar ham yoʻq emas...

Nima desangiz, deng: lekin bu masalada Sizni qoʻllab-quvvatlay olmayman. Zero, tashqi qarzga nisbatan fikrlarni “dadil” bildirayotganlar, avvalo, qarzning oʻzi nima ekanligini toʻgʻri talqin qilishlar kerak. Uning mazmun-mohiyatini toʻgʻri idrok etmoqlari lozim. Aks holda, uzr, “it huraveradi, karvon oʻtaveradi”. Buning ustiga, qarzning asl mazmun-mohiyatidan bexabarlarga uning tarkibiy va oʻta qaltis qismi boʻlgan tashqi qarz toʻgʻrisida gapirishni, maʼzur tutasiz, kim qoʻyibdi?!...

Xavotir olmang: Sizlarga atab “qarz masalasi”da kitobiy maʼruza oʻqimoqchi emasman; har xil ilmiy iboralarni ishlatib, boshingizni ogʻritish niyatim ham yoʻq, ulardan yiroqman. Aksincha, uni "qoʻqoncha" qilib, oddiygina tushuntirmoqchiman, xolos.

Avvalo, qarz — bu zaruriy ehtiyojlarni qondirishning azaliy vositasi. Undan ota-bobomiz, yetti pushtimiz tugul va hatto Odam Ato va Momo Havo zamonlaridanoq foydalanib kelingan boʻlsa, ajabmas. Nega? Chunki u oʻziga xos — “moʻjiza”. Qarzning moʻjizakorligi shundaki, u yordamida cheksiz ehtiyojlarni qondirish imkoni bor. Uning yordamida, xoh ishoning, xoh ishonmang, hatto Oyni ham (faqat bu yerda «Lof ham evi bilan-da!» demang), qoʻlga kiritishimiz mumkin. Faqat uni bizga qarzga beruvchi (buni «Nojiddiy!» deb qabul qilmang) boʻlsa — bas...

Qarz, odatda, ikki tomon oʻrtasidagi munosabatlarni ifodalaydi. Birinchi tomon “Qarz beruvchi” nomiga ega boʻlsa, ikkinchi tomon “Qarz oluvchi” deyiladi. Shular oʻrtasida “umumiy til” topilsa, bir toʻxtamga kelinsa, istagancha qarz berish va shuncha qarz olish mumkin...

Qarz, jumladan, pulning ham harakatlanishini tezlashtiradi. Uning aynan shunday boʻlishi kerakligidan har ikkala tomon (aslida, hamma) ham — manfaatdor. Demak, u manfaatlar mushtarakligiga erishish usuli. Unga erishilsa, togʻni urib, talqon qilish hech narsa emas...

Hayotda doimo bir tomonda “Kimga qarz bersam?” va ikkinchi tomonda “Kimdan qarz olsam?” deguvchilar boʻladi. Toʻgʻri, biz ikkinchisiga koʻproq ishonamizu, biroq hali birinchisini unchalik aqlimiz bovar qilmaydi. “Birovga qarz berganimdan koʻra, pulimni boshimga yostiq qilganim yaxshi!” “falsafa”si bizda ustunlik qiladi. Aslida, bunday “falsafa”ning notoʻgʻri ekanligini idrok etish uncha koʻp aqlni talab etmaydi. Buning uchun, hech boʻlmasa, dunyo barcha “tanga”larining nega aynan aylana (uchburchak, toʻrtburchak, kvadrat, romb va hokazo shakllarda emas) shaklida ekanligiga eʼtibor berish va undan tegishli toʻgʻri xulosani chiqarishning oʻzi kifoya. “Tanga aylana ekan — aylanaversin!” (buni “Pul doimo aylanishi kerak!” deb oʻqing). “Ular”da shunday maqol bor va u bejiz aytilmagan...

Qarz bu — masʼuliyat, demak. U qarz beruvchi va shuni oluvchiga ham bab-barobar tegishli. Har ikkala tomon ham shuni his etmasa, albatta, “nimasi”dandir ajralib qoladi. Buni esa, “tanasida issiq joni bor” har bir tomonning istamasligi tabiiy...

Qarz berish ham va qarz olish ham — “sanʼat”. Faqat xohish-istak yoki “ishtaha”ning boʻlishi, bu yerda, aniq kamlik qiladi. Ularning har biri, eng avvalo, puxta hisob-kitobni, soʻng esa “devor ortidagi koʻcha”ni koʻrishni taqozo etadi. Shuningdek, u oqillik chegarasidan chetga chiqmasligi ham kerak. Buni bilmaganlar va uddalay olmaganlar qarz bermaganlari va uni olmaganlari — maʼqul...

“Oʻzbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligi”dan “tashvish”ga tushayotgan “doʻst”larim! Bu masalada “start”ni yuqoridagilardan kelib chiqib oling-chi, “finish”ingiz qanday boʻlar ekan?...

“Aziz”lar! Yuqoridagi fikrlarim bilan “tashqi qarz” masalasida donolikni daʼvo qilmoqchi emasman. Unga “diagnoz”ni qoʻyish yoki tayyor “retsept”ni berish – xayolimga ham kelmagan. Ularda faqat hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan va aksioma xarakteriga ega boʻlgan “iqtisod alifbosi” aks etdi, xolos. Ularsiz yoki ularni eʼtiborga olmasdan bildirilgan fikr oʻzining mantiqiy asosiga ega emas. U esa Sizu, bizni koʻzlagan maqsadimiz sari yetaklamaydi.

R.S. Navbatdagi “chiqish”imizda Oʻzbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligidan “xavotir”ga tushayotganlar tomonidan bildirilayotgan va juda koʻpchilikni asossiz chalgʻitayotgan ayrim “fikr”larga munosabat bildirish niyatimiz bor. Kuzatib boring. Koʻrishguncha...

Tohir MALIKOV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер