Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqi

18:06 10 Noyabr 2020 Siyosat
500 0

 

Hurmatli Vladimir Vladimirovich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining barcha ishtirokchilarini chin dildan qutlayman.

Ushbu uchrashuvimiz tashkil etilgani uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy minnatdorligimni yoʻllayman.

Rossiyaning SHHTdagi raisligi pandemiya keltirib chiqargan barcha qiyinchiliklarga qaramay gʻoyat samarali boʻlganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Bugun koʻrib chiqish uchun tayyorlangan hujjatlar, shubhasiz, Tashkilotimizning roli va xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hurmatli Sadir Nurxojoyevich Japarovning sammitimizda koʻrib turganimdan mamnunman.

Oʻzbekiston eng yaqin qoʻshni va strategik sherik sifatida qardosh Qirgʻiziston xalqini tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Togʻli Qorabogʻ mojarosi hududidagi oʻt ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay toʻxtatish toʻgʻrisida Rossiya Federatsiyasining faol koʻmagida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda SHHT oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishiga olib kelgan pandemiya rivojlanishimiz surʼatlariga juda salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu bilan bir qatorda, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashyapti, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda.

Ushbu global xatar va tahdidlarni yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish anʼanalarimizni asrash va koʻpaytirish yoʻli bilangina yengib oʻtish mumkin.

Umumiy qadriyatimiz, birgalikda taraqqiyotga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi –   “Shanxay ruhini” mustahkamlash bugun har qachongidan muhim. 

Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT ham kuchli boʻladi.

Buning uchun bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz muhimdir.

Bugun aynan shunday yondashuv Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni taʼminlashning bosh shartiga aylanmoqda.

Bu mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlari va intilishlariga mosdir.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

SHHTning dolzarb vazifalari yuzasidan nuqtayi nazarimizga qisqacha toʻxtalib oʻtishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan. Iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida eʼtiborni talab qilmoqda.

Asosiy maqsadimiz – savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish.

Bunga erishishning eng samarali usuli oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uygʻunlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qoʻshma dasturlarni amalga oshirishdan iboratligiga ishonaman.

Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni rivojlantirishga yangi, shu jumladan “nostandart” yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha SHHT rejasining asosi boʻlishi lozim.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish hayotiy muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasida Sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish dasturini qabul qilish tarafdorimiz.

Ikkinchidan. Pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy oʻsish “drayveri”ga aylanib bormoqda.

Oʻzaro kelishilgan oʻquv dasturlari asosida aholini oʻqitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu sammitning Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikka doir bayonoti oʻz vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblaymiz.

Uchinchindan. Bugungi sharoitda birgalikdagi saʼy-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirish muhimdir.

Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining yigʻilishlarini oʻtkazish mexanizmini yaratish zarur, deb oʻylayman.

SHHTga aʼzo davlatlarning ushbu yoʻnalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish boʻyicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun Oʻzbekistonda xalqaro forum oʻtkazishni taklif etaman.

Ushbu tashabbusni roʻyobga chiqarishda Xitoy Xalq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foydali boʻlishiga ishonaman.

Toʻrtinchidan. Mamlakatlarimizda aholi sogʻligʻiga xavf tugʻdirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshish kurashish koʻlamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.

Bugun insoniyat avval maʼlum boʻlmagan infeksiyalar bilan toʻqnash kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan bugungi sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlaymiz.

Uning amalga oshirilishini taʼminlash, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼsirchan almashinuvni yoʻlga qoʻyish muhimdir.

Mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratishni taklif etamiz.

Ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash boʻyicha tajriba almashish, qoʻshma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Fursatdan foydalanib, barcha sheriklarimizga, avvalo Rossiya va Xitoyga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda koʻrsatilgan katta yordam va koʻmak uchun minnatdorlik bildiraman.

Pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etioʻ zarurati ham ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan Teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda teletibbiyot usullariga oʻqitish hamda ushbu sohadagi ilgʻor tajriba almashishni nazarda tutish muhim.

Beshinchidan. Bugungi sharoitda terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari nafaqat susaymayapti, balki kuchayib, yangi shakllar kasb etmoqda.

Yoshlarni yollash va radikallashtirish, terrorchilarni moliyalashtirishda axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda.

Shu maʼnoda, SHHTning Mintaqaviy aksilterror turizmasini Tashkilot makonida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan vakolatli idoralarning amaliy muloqotlarini bir necha barobar koʻpaytirish, hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Joriy vaziyatni muntazam muhokama qilish, shu jumladan axborot makonidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi qoʻshma chora-tadbirlarni kelishish muhim.

Pirovardida, SHHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga umumiy hissamiz shunga bogʻliqdir.

Bayon etilgan barcha yoʻnalishlarda kuzatuvchi mamlakatlar, muloqot boʻyicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishni taklif etamiz.

Muhtaram davlat rahbarlari!

Bugun Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchilikka erishish boʻyicha tarixiy imkoniyatni qoʻldan boy bermaslik har qachongidan muhimdir.

Ushbu mamlakatdagi xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun SHHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashning muhim tarkibi qismi sifatida qaralishi lozim.

Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan SHHT mamlakatlarining saʼy-harakatlari tufayli Afgʻonistonda nizoni tinch yoʻl bilan tartibga solishda umid bagʻishlovchi istiqbollar koʻrinmoqda.

Tinchlikka erishish, Afgʻoniston xalqiga iqtisodiy yordam koʻrsatish yoʻlidagi ushbu ijobiy intilishlarni qoʻllab-quvvatlash uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir.

Ishonchim komilki, Afgʻonistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishi ham ushbu mamlakatning tinch, barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan “SHHT-Afgʻoniston” muloqoi guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish tarafdorimiz.

Afgʻonistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi koʻprik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yoʻlaklarini barpo etish tashabbuslari SHHTning barcha mamlakatlari uchun yangi istiqbollar ochadi.

Shu va boshqa masalalarni 2021-yil aprel oyida Toshkentda oʻtkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida muhokama qilishni taklif etaman.

Shu bilan bir qatorda kelgusi yilda, Tashkilotimiz tashkil etilganining 20 yilligi arafasida, “SHHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidiga roli” xalqaro konferensiyasini oʻtkazish taklifini ilgari surmoqchiman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tojikiston Prezidenti Emomali Sharipovich Rahmonni SHHTdagi raislikni qabul qilgani bilan tabriklash hamda ushbu sharafli va masʼuliyatli vazifani bajarishda katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?