O‘zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi yakunlandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tarixiy tashrifi yakunlandi.
Davlatimiz rahbari AQSHga tashrifi chog‘ida Bosh Assambleyaning umumsiyosiy munozaralarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarni hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik eng dolzarb masalalarni hal etish, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning markaziy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni, AQSH Kongressidagi "O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus" raisi, kongressmen Trent Kellini qabul qildi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi AQSH ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati, shuningdek, qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar - "Traxys", "FLSmidth", "McKinsey", "Go Green Partners", Kolorado geologiya maktabi, "BlackRock", "Boeing Global", "Franklin Templeton", "Citigroup", "Air Products", "BNY", "Jefferies", "NASDAQ", "Oppenheimer", "Air Products" va boshqa ko‘plab kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muzokaralar natijasida o‘rta muddatli loyihalar dasturi shakllantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida muhim minerallar, fuqaro aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika va boshqa ustuvor sohalarda imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi yakunida davlatimiz rahbari, an’anaga ko‘ra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring