Oʻzbekiston iqtisodiyoti hajmi 100 mlrd dollardan oshdi

23:42 31 Iyul 2024 Iqtisodiyot
323 0

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining baholashiga koʻra, Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsulot hajmi 101,6 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi axborot xizmati xabar berdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Statistika agentligi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari ekspert va ilmiy doiralarda muhokama qilindi. Tadqiqotning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” hajmini baholash natijalarini muhokama qilish va uning boshqa makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga taʼsirini oʻrganishdan iborat.

Tadbir doirasida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga taʼsiri boʻyicha hisob-kitob natijalari muhokama qilindi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash tanlanma statistik kuzatuvlar va maʼmuriy maʼlumotlar asosida amalga oshirildi.

Tadqiqot respublika boʻyicha 14 ta hududda olib borildi: xususan, 2023-yilning iyul avgust oylarida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) texnik koʻmak missiyasi jalb etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 165 ta tuman boʻyicha 7 mingdan ziyod uy xoʻjaliklarining yashash va ovqatlanish, transport, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa xizmatlariga xarajatlari soʻrovnoma asosida oʻrganildi.

Yigʻilgan maʼlumotlar asosida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning YAIMga taʼsiri sohalar va hududlar boʻyicha 2017-2023-yillar uchun baholandi. Bu esa mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning koʻlami va uning umumiy iqtisodiy faoliyatga taʼsirini aniqlash imkonini berdi.

Olib borilgan tanlanma statistik kuzatuvlar va hisob-kitoblar natijasida YAIM va aholi jon boshiga YAIM kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning qamrovi yaxshilandi, shuningdek, ularning xalqaro metodologiyalarga muvofiqligi taʼminlandi.

Amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining nominal YAIM hajmi 125,6 trillion soʻmga (10,7 milliard dollarga) oshdi va 1 192,2 trillion soʻm (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi.

Muhokamalar davomida ekspertlar maʼlumotlarni xalqaro standartlarga (XVJ yoki Jahon banki metodologiyasi) muvofiqlashtirishning ahamiyatini taʼkidladi. Bu boshqa mamlakatlar bilan maʼlumotlarni taqqoslash, iqtisodiy koʻrsatkichlarni aniq tahlil qilish uchun foydalanishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер