Oʻzbekiston – Chexiya: hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqadi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
Bugun, 25-aprel kuni Toshkent shahrida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston – Chexiya oʻzaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga tushirish, ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish, oʻzaro munosabatlarning koʻlamini kengaytirish va yanada chuqurlashtirish boʻyicha fikr almashildi.
Taʼkidlandiki, Oʻzbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2,6 barobar oshgan.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi.
Shundan soʻng, delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston-Chexiya biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston va Chexiya munosabatlari rivojlanib borayotgani, hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani alohida taʼkidlandi.
Petr Fiala Oʻzbekiston deganda ilgari faqat bitta soʻz, yaʼni paxta tushunilgani, bugungi kunga kelib esa Oʻzbekiston tez va barqaror rivojlanayotgan, yalpi ichki mahsulot oʻsishini saqlab qolayotgan davlatga aylanganini qayd etdi. Oʻzaro hamkorligimiz rivojlanib, oʻtgan yilda tovar aylanmasi rekord darajada oʻsgani kuzatildi. Hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga egaligimiz taʼkidlandi.
Aytib oʻtish joizki, Chexiya Respublikasi mamlakatimizning Yevropadagi eng muhim hamkorlaridan biri sanaladi. Keyingi paytda, ayniqsa, iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar tobora mustahkamlanib, oʻzaro savdo aloqalari uchun qulay muhit yaratildi. Natijada tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortmoqda. Xususan, 2022-yil davomida oʻzaro savdo hajmi 184,8 million AQSH dollari, jumladan, eksport – 30,5 million AQSH dollari, import – 154,2 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Chexiyada yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy mato va gazlamalar, shuningdek, xizmatlarga talab katta boʻlsa, oʻz navbatida, mamlakatimizga farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlar yetkazib beriladi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi “V2V” shaklidagi uchrashuvlarda 50 dan ortiq mahalliy tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi hamda Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Umuman, bugungi tadbirlar Oʻzbekiston va Chexiya kompaniyalari oʻrtasida savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilishini qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Oʻzbekistonda biznes yuritish boʻyicha chex kompaniyalarining tajribasi taqdimotlari oʻtkazildi. Yangi qoʻshma korxonalarni tashkil etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring