Oʻzbekistonda bu yil suv taqchilligi kuzatiladimi?

17:22 21 Aprel 2020 Iqtisodiyot
4230 0

Arxiv surat

“Avesto” Vatani boʻlmish Xorazmda azaldan suv nihoyatda qadrlangan. Negaki, hududda ekin ekiladigan yerlarga suv yetkazib, dehqonchilik qilish katta mashaqqat talab etadi.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi paytida nafaqat mazkur hudud, balki butun mamlakatimiz uchun dolzarb boʻlgan suv taʼminoti masalasiga toʻxtalib, “Suvning 1 litri emas, 1 grammi ham hisobli boʻlishi kerak”, deya alohida taʼkidladi. Binobarin, suv — ona zamin bizga tuhfa etgan neʼmatlar orasida eng qadrlisidir.

Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda hal qiluvchi soha — qishloq xoʻjaligi rivoji, dehqonchilik taqdirini usiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Biroq masalaning nozik tomoni shundaki, global iqlim oʻzgarishi taʼsirida kuzatilayotgan suv tanqisligi obihayot resurslari nisbatan cheklangan mintaqada joylashgan Oʻzbekistonda yaqqol sezilmoqda. Baxtga qarshi mamlakatimizda bu yil qish fasli ham nisbatan quruq keldi. Bularning barchasi yaxshi niyat bilan ayni ekin-tikin ishlariga kirishgan dehqon va fermerlarni oʻylantirib qoʻymoqda: bu yil sugʻorma dehqonchilik uchun suv taʼminoti qanday boʻladi? Koʻpchilikni qiziqtirayotgan shu kabi savollar bilan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Shavkat HAMROYEVga murojaat qildik.

— Oʻzbekiston ehtiyoji uchun zarur suv zaxiralarining asosiy qismi qoʻshni davlatlar hududida shakllanadi. Bu esa oʻziga xos murakkabliklarni ham keltirib chiqarishiga amaliyotda koʻp bor duch kelingan. Ayting-chi, suv resurslarini boshqarishdagi hozirgi ahvol qanday? Iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, dehqon va fermer xoʻjaliklarining joriy mavsumda ­suvga boʻlgan ehtiyoji qay tarzda taʼminlanadi?

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng ­yirik sugʻoriladigan ­maydonga ega mamlakat hisoblanadi. Yaʼni yurtimizda 4,3 million gektar yerda dehqonchilik qilinadi. Ushbu ekin maydonlarini sugʻorish, qolaversa, ichimlik ehtiyojlari uchun daryo va koʻllarning chuchuk suv resurslariga bogʻlanib qolingan. Respublikamiz ehtiyojlari uchun Orol dengizi mintaqasidagi ­Amudaryo va Sirdaryo havzalarida har yili shakllanadigan oʻrtacha 116 mlrd. m3 suv resurslarining 52-53 mlrd. m3 qismi ishlatiladi.

Iqlim oʻzgarishi global muammoga aylangan hozirgi davrda, ayniqsa, suv resurslaridan tejamkorlik bilan samarali foydalanish taqozo etilmoqda. Sababi soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida, xususan, Oʻzbekistonda suv kam boʻlgan yillar tez-tez takrorlanmoqda. Misol uchun, 2000-yillarga qadar har 6-8 yil ichida suv taqchilligi kuzatilgan boʻlsa, oxirgi vaqtlarda bu holatga har 3-4 yilda duch kelinmoqda. Buning taʼsirida 2018-yilda Oʻzbekiston boʻyicha umumiy suv tanqisligi 3 mlrd. m3ni tashkil etdi. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 7 mlrd. m3, 2050-yilga qadar esa 13 — 15 mlrd. m3ga yetish ehtimoli bor. Bundan tashqari, havo haroratining koʻtarilishi natijasida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish meʼyorlari 2030-yilga borib 5 foiz, 2050-yilda 7 — 10 foiz oshishi taxmin qilinmoqda. Bularning barchasi oldimizga suv resurslariga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirish, undan foydalanishda tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, sugʻorishda intensiv usullarni tatbiq qilish, eng muhimi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va choʻllanishining oldini olish kabi muhim vazifalarni qoʻymoqda.

Lekin ortiqcha xavotirlanish, oldindan tahlikaga tushish va xulosa chiqarish yaramaydi. Qish mavsumi kam yogʻin kelgan boʻlsa-da, bahorda yogʻingarchilik yaxshi boʻlyapti. Masalan, ayrim yillarda bahorgi yomgʻirlar tufayli suv havzalarida katta miqdorda obihayot yigʻilgan. Shuning uchun bu yilgi mavsumda suv tanqisligi qay daraja boʻlishini aytishga hozir erta. Shunday boʻlsa-da, bu masala oldindan oʻrganilib, tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Salbiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha tezkor choralar olib ­borilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining dastlabki prognoz maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda kutilayotgan suv miqdori meʼyorga nisbatan Ohangaron, Qoradaryo va Fargʻona vodiysi shimolidagi daryolar, Surxondaryo va Qashqadaryo havzalarida 80 foiz, Vaxsh, Zarafshon, Norin, Chirchiq daryo havzalarida 85 foiz, Fargʻona vodiysi janubidagi daryolar havzalarida 90 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda. Ayni paytda vazirlik tomonidan 2020-yil sugʻorish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, sugʻoriladigan yerlarni suv bilan kafolatli taʼminlashda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Unga koʻra, respublika boʻyicha ­vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun yetishmaydigan suv miqdori 6 mlrd. 562 mln. m3ni tashkil etadi. Bu miqdorni qoplash uchun, birinchi ­navbatda, suvni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish, Suv ­isteʼmolchilari uyushmasi va eng quyi tizimdagi kanallar, suv inshootlarini operativ nazorat qilish, daladagi suvchilarni ragʻbatlantirib, 24 soatlik ish tashkil qilish kerak. Suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, zovurlarga qoʻshimcha nasos oʻrnatish hamda yer osti suvlaridan foydalanish, ­shuningdek, ekinlarni toʻgʻri joylashtirish, samarali agrotexnologiyalarni qoʻllash va irrigatsiya ­tadbirlarini amalga oshirish ­choralarini koʻrish zarur.

Ishontirib aytamanki, vazirligimiz iqtisodiyot sohalari va aholini uzluksiz suv bilan taʼminlash uchun tegishli barcha choralarni koʻradi.

— Maʼlumki, iqtisodiyot tarmoqlarida sarflanayotgan suv hajmining 90 foizi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri kelyapti. Shu maʼnoda, davlatimiz ­rahbari tomonidan bu yil suv tejaydigan texnologiyalarni toʻrt barobar koʻpaytirish vazifasi qoʻyilgani sohada resurs tejamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shunday ekan, uning ijrosi qanday?

— Darhaqiqat, Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomada eng muhim sohalar qatorida suv xoʻjaligiga ham toʻxtalib, resurs tejaydigan texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berdi. Shundan kelib chiqib, joriy yilda respublikamiz boʻyicha 44 ming gektardan ziyod maydonda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 24,8 ming gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilinishi rejalashtirilgan. Suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan klaster tashkilotlari va fermer xoʻjaliklariga davlat tomonidan moliyaviy madad berilayotgani sugʻorishning tejamkor usullarini ommalashtirishga xizmat qilyapti.

Binobarin, cuv tejovchi texnologiyalar — zamon talabi, hayotiy zarurat. Chunki suvga boʻlgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Agar 1990-yillar boshida mamlakatimizda aholi soni 20,3 mln. kishini tashkil etib, iqtisodiyot tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 64 mlrd. m3 suv sarflangan boʻlsa, 2020-yilga kelib, aholi jon boshi qariyb 34 mln. kishiga yetdi, iqtisodiyotimiz tarmoqlari uchun ishlatilayotgan suv hajmi 
51-52 mlrd. m3ni tashkil etmoqda, xolos. Yaʼni aholi soni koʻpaygani sari suv resurslari tobora kamaymoqda. Faqat suv tejovchi texnologiyalarni keng qoʻllash orqaligina mintaqada yuz berishi muqarrar boʻlgan suv taqchilligining oldini olish mumkin.

Hozirgi kunga qadar yurtimizda 130 ming gektar maydonda suv ­tejovchi texnologiyalar joriy etilgan boʻlib, shundan tomchilatib ­sugʻorish texnologiyasi 77,4 ming gektarni tashkil etadi. 2020-yilda bunday maydonlarni 250 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu boradagi saʼy-harakatlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, 300 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Subsidiyalar Prezidentimizning 2019-yil 25-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ­ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ekin turi, sugʻorish texnologiyasi va yerning bonitet ballidan kelib chiqib ajratiladi. Yaʼni tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun gektariga 8 mln. soʻm, yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari uchun 4 mln. soʻm, diskretli sugʻorish uchun 1 mln. soʻm miqdorida moliyaviy koʻmak beriladi.

Shu bilan birga, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 mln. soʻmdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida qoplab berilmoqda.

Bu kabi amaliy saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, 2025-yilga qadar yurtimizda tejamkor texnologiyalar qoʻllaniladigan maydonlarni 
1 million gektarga yetkazish moʻljallanmoqda.

— Sohada katta sarf-xarajatlar evaziga yirik loyihalar amalga oshirilmasin, nazorat boʻsh boʻlsa, kutilgan natijaga erishilmasligi aniq. Shuning uchun bugungi kunda suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarishni zamonaviylashtirish, suvni nazorat qilish va uning hisobini ­yuritish tizimini avtomatlashtirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ayni shu yoʻnalishda qanday natijalarga erishildi va qaysi boʻgʻinlarda kamchiliklar koʻzga tashlanmoqda?

— Bu borada soʻz yuritganda, avvalo, respublikamizning asosiy suv obyektlariga zamonaviy “Aqlli suv” tizimi joriy qilinganini aytish joiz. Yaʼni Koreya Respublikasi ­xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning grant mablagʻi hisobidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida 60 dan ortiq suv xoʻjaligi obyektlariga suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi qurilmalar oʻrnatildi. 2020-yil davomida yana 90 ta obyektda mazkur tizim joriy qilinib, ularning umumiy soni 150 taga yetkaziladi. Bu raqamlar yil sayin koʻpaytirilib, toʻliq innovatsion usulga oʻtiladi.

Bundan tashqari, sizot suvlari sathi va mineralizatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn kuzatish, monitoringini yuritish hamda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini baholash imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim yaratilmoqda. Uni shu yilning oʻzida 2000 ta kuzatuv qudugʻida qoʻllashni moʻljallab turibmiz. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda, 2020-yilda 10 ta, 2021-yilda 20 ta, 2030-yilgacha esa 100 ta suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish jarayonlari va suvni ­nazorat qilish ishlari avtomat­lashtirilgan tizimga oʻtkaziladi.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan 2030-yilgacha Suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasida ham sohada avtomatlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan. Uning loyihasi nufuzli xalqaro ekspertlar hamda Avstraliyaning suv xoʻjaligi sohasida istiqbolni belgilovchi strategik hujjatlarni ishlab chiqishga ixtisoslashtirilgan “Aither” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida tayyorlandi. Unda qamrab olingan ustuvor yoʻnalishlar doirasidagi chora-tadbirlar tufayli obihayotni tejagan holda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish, shoʻrlangan maydonlarni har yili 1 foizga kamaytirib borish, shuningdek, 298,5 ming gektar foydalanishdan chiqqan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish koʻzda tutilmoqda. Xususan, 2019 — 2021-yillarda 147 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritiladi.

— Suv behuda yoʻqotilishining oldini olish koʻp jihatdan irrigatsiya tarmoqlarining nechogʻli soz holatda ekanligiga ham bogʻliq. Bugungi kunda ushbu tarmoqlarni taʼmirlash-tiklash, oʻzanlarni betonlashtirish, pirovardida barqaror obihayot taʼminotiga erishish borasida qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

— Toʻgʻri taʼkidladingiz, respublikamizda mavjud sugʻorish tarmoqlari 180 ming kilometrni, kollektor-drenaj tarmoqlari 140 ming kilometrni tashkil etsa, irrigatsiya tizimlarining asosiy qismi tuproq oʻzanli. Bu esa yiliga oʻrtacha 35 — 38 foiz suv yoʻqotilishiga olib kelyapti, shu jumladan, baʼzi hududlarda 40 foiz va undan koʻproq boʻlmoqda. Shuning uchun keyingi payt­da oʻzlashtirilayotgan ichki va xorijiy investitsiyalarning muayyan qismi tarmoqlarni betonlashtirishga yoʻnaltirilmoqda. 2020-yilda vazirlik tizimida Suv xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani bu boradagi ishlarimizni yana-da jonlantirish imkonini beradi, albatta. Sababi agentlik koʻmagida 2020-yilda Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom ­taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokidagi jami 6 ta investitsiya loyihasi ­doirasida 186 mln. dollarlik xorijiy kredit mablagʻi oʻzlashtiriladi. Bu 2019-yildagiga nisbatan 1,47 baravar koʻpdir.

Umuman, Investitsiya dasturi doirasida yil davomida irrigatsiya obyektlarida 756 mlrd. soʻmlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 80 ta obyekt foydalanishga topshirilishi belgilangan. Shu bilan birga, 400 mlrd. soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilmoqda. Buning natijasida loyiha amalga oshirilgan hududlarda suv sarfi kamayib, oʻrtacha 5 — 10 foiz iqtisod qilishga erishiladi.

Taʼkidlash kerakki, kanallar va ulardagi gidrotexnika inshootlarini rekonstruksiya qilish, lotok tarmoqlarini, nasos stansiyalarining bosimli quvurlarini yangilash singari tadbirlar tufayli suv bilan taʼminlanganlik darajasi past boʻlgan jami 1 million 900 ming gektar sugʻoriladigan maydonning 280 ming gektariga 2020-yilda obihayotni barqaror yetkazib berishga muvaffaq boʻlinadi. Eng asosiysi, irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga ilmiy va innovatsion ishlanmalar jalb qilinishi tufayli ularning foydali ish koeffitsiyenti yiliga oʻrtacha 1 foizdan oshirib boriladi. Ayni paytda bu boradagi koʻrsatkich 0,63 foizga teng boʻlsa, 2030-yilda 0,73 foizga yetkaziladi. Natijada yiliga oʻrtacha 5,3 mlrd. m3 suv iqtisod qilinadi va sugʻoriladigan yerlarning kafolatli suv taʼminotiga erishiladi.

Suv resurslarining ortiqcha sarflanishiga yana bir ogʻriqli masala — sugʻoriladigan ekin maydonlarining 46 foizi turli darajada shoʻrlangani ham sabab boʻlmoqda. Shuning uchun suv-tuz balansi yuritish mexanizmini takomillashtirish, yer osti sizot suvlarini meʼyorda ushlab turishga qaratilgan melioratsiya ishlari ham doimiy eʼtiborimiz markazida turibdi. Birgina 2020-yilning oʻzida 202 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanib, shoʻrlangan yer maydonlari ulushi 45 foizga kamayadi, yer osti sizot suvlari sathi pasayadi.

Maqsadimiz suv xoʻjaligining barcha xodimlari, miroblar oʻz ­oldiga qoʻyilgan vazifalarni ­sidqidildan bajarib, elimiz das­turxoni toʻkinligini taʼminlash yoʻlida mehnat qilayotgan dehqon va fermerlarga mavsum davomida uzluksiz obihayot yetkazib berishdir. Ishontirib aytamanki, sohaning fidoyi xodimlari xizmatlari evaziga yuzaga kelishi mumkin boʻlgan suv tanqisligi oqibatlarini yumshatib, bunga, albatta, erishamiz.

Said RAHMONOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер