Oʻzaro munosabatlarda yangicha impuls

14:44 31 Yanvar 2023 Jamiyat
559 0

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan xalqaro maydonda har bir davlatning yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish omili har qanchongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab olindi.

Shu oʻrinda Prezidentimizning tashabbuslari bilan ilgari surilgan gʻoyalar va yaratilgan yangicha formatlar natijasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida konstruktiv muloqot muhiti shakllandi.

Yaqinda mamlakatimiz rahbarining Qirgʻizistonga amalga oshirgan ikki kunlik davlat tashrifi chin maʼnoda tarixiy voqelik boʻldi.

Qayd etish joizki, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlat chegarasini delimitatsiya hamda demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalari samaradorligini oshirish va boshqa dolzarb masalalarga yechim topildi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisida shartnoma tuzilganligi mintaqamizda qoʻlga kiritilgan oʻziga xos diplomatik yutuq boʻldi.

Ayni paytda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegara boʻyicha kelishuvlarga erishilgani xalqaro ekspertlar orasida ijobiy munosabat va yuqori bahoga sabab boʻldi. Ularning fikricha, ikki doʻst davlat oʻrtasidagi chegaralarning qonuniy tartibga solinishi mintaqadagi chegara masalalarini tinch yoʻl bilan hal etishning namunasi boʻlishi mumkin.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzaro borib-kelishlari toʻgʻrisidagi bitimga erishilganligi ham oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining uzoq yillik orzulari amalga oshishi hisoblanadi.

Endilikda Oʻzbekistonning barcha fuqarolari Qirgʻizistonga, xuddi shunday Qirgʻiziston fuqarolari Oʻzbekistonga birgina ID-karta orqali kirishlari mumkin.

Ushbu tashrif davomida qabul qilingan muhim hujjatlardan yana biri Keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya boʻldi. Bu davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlidagi koʻp qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.

Bu hali hammasi emas. Ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlar dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi, muammolarga murosali yechim topish va nizolarni oldini olishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, 2017-yil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida Oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan. Ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari bugungi kunga kelib yangi bosqichga koʻtarilganligini qayd etib oʻtish lozim.

Parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda. Xususan, hozirgi kunga qadar 20 dan ortiq parlamentlararo delegatsiyalar almashinilgan. 2020-yil 10-iyulga kelib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiz Respublikasi Jogorgu Keneshi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiya tashkil etildi.

Shuningdek, parlamentlararo “Markaziy Osiyo lider ayollarining mintaqaviy muloqoti” doirasida ham keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hozirgi kunga qadar 10 dan ziyod tadbirda doʻstona ruhda ishtirok etib kelinmoqda.

Qardosh davlatlarning parlamentlararo munosabatlari qonun ijodkorligi, parlament nazorati va mahalliy kengashlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish borasida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qirgʻiz Respublikasi Jogoru Keneshi Devoni Tadqiqot markazi oʻrtasida 2018-yilda Oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan memorandum doirasida parlament aql markazlari (“think tank”) oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, oʻtgan davr mobaynida parlamentlar faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashning oʻziga xosligi, qonun loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish, ilgʻor xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda milliy qonunchilikni rivojlantirish borasida turkum tadbirlar oʻtkazilib, gibrid formatda doimiy muloqot amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida ham oʻzaro manfaatli amalga oshirilayotgan boʻlib, kun tartibiga qoʻyilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinishida bir xil yoki yaqin pozitsiyani namoyon etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan ikki tomonlama aloqalar va oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish juda muhim.

Umuman olganda, hozirgi kundagi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar tarixan misli koʻrilmagan yuqori darajada rivojlanmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona, strategik sheriklik munosabatlarini nafaqat saqlab qolish, balki uni yanada rivojlantirish va mustahkamlash doimiy va dolzarb ahamiyatga ega.

Jasur XUDOBERGANOV,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti Ilmiy hamkorlik va xalqaro aloqalar shoʻbasi mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?