Oʻzaniga qaytayotgan daryolar

Vatanimiz tarixining turli davrlarida jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho meʼmoriy obidalar vujudga kelgan. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho madaniy meros durdonalari bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xorij toʻplamlari, jamgʻarmalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda.
Ajdodlarimizdan yetib kelgan boy madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va uni ommalashtirish boʻyicha keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining ezgu Qoyalari asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Ezgu orzular roʻyobi
Shu paytga qadar Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan jahonning turli hududlariga tarqalgan merosimizni oʻrganish boʻyicha 30 ga yaqin mamlakatlardagi 200 dan ortiq muzey, kutubxona va kolleksiyalar oʻrganib chiqildi. Ushbu izlanishlar natijasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumida 80 jild kitob-albom chop etdik.
Biroq bu tarixiy merosni asl Vataniga — Oʻzbekistonga qaytarish mumkin boʻlarmikin, degan savol koʻpchilikka tinchlik bermagani tabiiy. Bugun Prezidentimizning bevosita koʻmagida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi misolida ana shu orzular amalga oshmoqda.
Joriy yilning 29-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu markazning muhim maqsad va vazifalariga alohida toʻxtalgan, jumladan, uning ekspozitsiyalarini xalqimizning boy madaniy merosi namunalari bilan boyitish, xorijdagi yirik kolleksiyalar, auksion uylari orqali shu osoriatiqalarni yurtimizga qaytarish boʻyicha alohida tavsiyalar bergan edi.
Oʻtgan davr mobaynida Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Rossiya singari mamlakatlardagi 50 dan ziyod kutubxonalar, muzeylar, shaxsiy kolleksiyalar bilan tanishib chiqdik. Jumladan, bir qator olim va tadqiqotchilardan iborat hayʼatning Buyuk Britaniyaga qilgan xizmat safarlari ham oʻta samarali kechdi.
Maʼlumki, Buyuk Britaniya yirik muzeylari, maʼrifat maskanlari, auksion markazlari bilan ham dong taratgan. Xususan, “Sothebyʼs” va “Christieʼs” auksion uylari shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatuvchi eng yirik savdo tashkilotlaridan sanaladi. Har ikkala auksiondan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun jami 46 ta lot, 85 ta tarixiy buyum sotib olindi.
Soʻgʻd matolarining eng katta kolleksiyasi
Bundan uch yil avval Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro kongressda Malayziya islom sanʼati muzeyi vakillarining Oʻzbekiston hududiga tegishli boʻlgan soʻgʻd chakmoni haqida bergan maʼlumoti katta shov-shuvga sabab boʻlgandi. Rossiya Davlat Ermitajida saqlanayotgan soʻgʻdlar davriga oid metall idishlarga ham havas bilan qaraganmiz. Oʻzimizda ana shunday nodir eksponatlar yoʻqligidan afsuslanganmiz.
Zotan, mamlakatimiz hududida ming yillar davomida turli millat va elatlar yashagan. Tarixiy jarayonlar natijasida oʻzbek xalqining shakllanishida muhim oʻrin egallagan qavmlardan biri — soʻgʻdiylar jahon madaniyatida munosib iz qoldirgan.
Endilikda ajdodlarimiz mehnati va tafakkuri mahsuli boʻlgan bu osoriatiqalar bilan tanishish uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kelishning oʻzi kifoya. Bugun Britaniya kolleksiyalaridan sotib olingan soʻgʻd toʻqimachilik mahsulotlari markaz ekspozitsiyasini bezab turibdi. Bu buyumlar oʻz qimmati va qamroviga koʻra, jahondagi eng yirik soʻgʻd matolari kolleksiyasini tashkil qiladi.
Mazkur toʻplamdagi 25 ta nodir eksponatning 21 tasini turli kattalikdagi mato parchalari, toʻrttasini butun choponlar tashkil qiladi. Buyuk Britaniyadagi qator art-dilerlar va kolleksionerlardan sotib olingan bu matolar V — VIII asrlarda Soʻgʻdiyona hududlarida toʻqilgan.
Saljuqiylar kuch-qudrati timsoli
Markaziy Osiyodan to Onadoʻliga qadar ulkan hududlarda uch asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hukmronlik qilgan saljuqiylar oʻzlaridan juda katta moddiy va madaniy meros qoldirishgan. Bugungi kunda jahon muzeylarida, shaxsiy kolleksiyalarda, qoʻlyozmalar markazlarida ushbu sulola davri bilan bogʻliq tarixiy meros salmoqli oʻrin tutadi.
Shu yilning may oyida Londondagi “Christieʼs” savdo uyi tomonidan savdoga chiqarilgan saljuqiylar davri zargarlik namunalari ham yana Oʻzbekistonga qaytarib kelindi. 35 ta bejirim taqinchoqni oʻz ichiga olgan bu toʻplam bundan sakkiz asr ilgari ajdodlarimiz zargarlik sanʼati va dizayn sohasida ham peshqadam boʻlganlaridan dalolat beradi.
Saljuqiylar saltanati va kuch-qudrati ramzi boʻlgan shohona tugʻro ham Oʻzbekistonga qaytarildi. Unda ikki boshli burgut tasviri aks ettirilgan boʻlib, harbiy yurishlar chogʻida sultonlar chodirining eng yuqori qismiga oʻrnatilgan.
Burgut qadimdan hokimiyat, kuch va davlatchilik Qoyasining asosiy ramzi sifatida talqin qilingan. Saljuqiylar davrida esa u saltanatning siyosiy qudrati, Sharq va Gʻarbga hukmronligini anglatgan. Taʼkidlash joizki, bunday durdonalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining hech birida uchramaydi. Shuningdek, somoniylar, gʻaznaviylar, qoraxoniylar, Xorazmshohlar singari mintaqamizdan yetishib chiqqan va dunyoning katta hududlariga dovruq solgan sulolalarga tegishli osoriatiqalar ham birinchi boʻlib bizning oʻlkamizga olib kelinmoqda.
Sohibqiron nigohi tushgan
Shuni faxr bilan taʼkidlash joizki, Amir Temur va temuriylarga tegishli tarixiy buyumlar dunyo antikvariat bozorida benihoya qadrlanadi. Yaqinda “Christieʼs” savdo uyi oʻtkazgan bir kimoshdi savdosida Shohrux Mirzo davriga tegishli boʻlgan “Meʼrojnoma” asarining birgina sahifasi 2 million funt-sterlingdan oshiq narxda sotilganidan xabar topdik.
Shu bois, biz ham sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid osoriatiqalarni yurtimizga qaytarishga astoydil bel bogʻladik. Ular orasida Amir Temur topshirigʻiga koʻra, 1400-yillarda Samarqandda xattot Umar Aqtaʼ koʻchirgan ulkan Qurʼoni karimning bir parchasini alohida taʼkidlash lozim.
Rivoyatlarga koʻra, Umar Aqtaʼ dastlab Sohibqiron uchun uzukning koʻzidan joy oladigan kichik hajmdagi Qurʼon nusxasini koʻchiradi. Ammo buyuk hukmdor bu kichkina nusxa muazzam Kalomulloh shaʼniga munosib emasligi, aksincha uning muhtashamligi va buyukligini koʻrsatish zarurligini aytgach, xattot qisqa muddatda jahondagi eng katta Qurʼoni karim nusxasini hozirlaydi.
Nihoyat, Sohibqironning shaxsiy mulki boʻlgan ushbu Qurʼoni karim nusxasining ikkita satrini qaytarishga muvaffaq boʻldik.
Bundan tashqari, Amir Temur davriga oid shohona chopon, Ibn Sinoning Husayn Boyqaro hukmdorligi davrida Hirotda koʻchirilgan “Kitob ush-shifo” asari, boburiylar davriga oid miniatyuralar, hujjatlar, toʻqimachilik mahsulotlari namunalari, qilich va xanjarlar ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mulkiga aylandi.
Boburiylar merosi Vatanga qaytmoqda
Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukmronlik qilgan boburiylar jahon tarixi va madaniyatida munosib oʻrin egallagan. Afsuski, boburiylarning ona Vatanida shu paytga qadar ularga tegishli na bir qoʻlyozma, na tayinli eksponatni koʻrish imkoni bor edi. Endilikda, Prezidentimiz koʻrsatmalariga asosan boburiylar davriga oid oʻnlab eksponatlar yurtga qaytarilmoqda.
Shu paytga qadar Qurʼonning bu sulola davrida yaratilgan ikkita qoʻlyozmasi, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy” asari, boburiy hukmdorlar va shahzodalarning 10 ga yaqin miniatyuralari, kashtachilik va toʻqimachilik mahsulotlari namunalari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Ular orasida tarixchi olimlar shaxsan Mirzo Boburga tegishli ekanini taʼkidlayotgan xirqa ham bor.
Maʼlumki, Qurʼoni karimdan turli duolar bitilgan bunday liboslar hukmdorlar uchun maxsus tikilgan. Xirqa matosida oʻnlab oyatlar va duolar xattotlik sanʼatining yuksak namunasi sifatida joylashtirilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuruvchilar Bobur Mirzoning shaxsiy dastxati, u yaratgan maxsus alifboda koʻchirilgan Qurʼoni karim nusxasini ham koʻrishlari mumkin.
Jahon nigohidagi xazinamiz
7-8-iyul kunlari mazkur markaz tomonidan Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida Londondagi “Sothebyʼs” va “Christieʼs” auksion uylarida ushbu artefaktlarning koʻrgazmalari tashkil qilindi.
— Mamlakatingiz va xalqingizga tegishli boʻlgan bebaho boylikning bir qismi qaytarilayotgani Oʻzbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa boʻlib, yosh avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. Oʻz merosini qaytarishga yoʻnaltirilgan bunday amaliy saʼy-harakatlar madaniy uygʻonish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi, — dedi “Christieʼs” savdo uyi Vasiylik kengashi faxriy raisi, Snoudon grafi, Qirollik xonadoni vakili Devid Armstrong-Jons.
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, — deydi “Sothebyʼs” savdo uyining Sharq merosi boʻyicha vakili Benedikt Karter. — Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga koʻmaklashganimizdan mamnunmiz”.
Mazkur safar asnosida Londondagi taniqli art-dilerlar, savdo uylari vakillari bilan kelishuvlarga erishildi. Natijada markaz muzeyi ekspozitsiyasi uchun auksion va art-dilerlar kolleksiyalaridan yana 600 ga yaqin eksponatlar saralandi. Bu roʻyxat markazning mamlakatimiz hukumati topshirigʻiga koʻra tuzilgan nufuzli ilmiy kengashi aʼzolari tomonidan maʼqullandi.
Xabaringiz bor, 19-fevral kuni yurtimizga kelgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Prezidentimizga Kaʼba yopinchigʻi — Kisvaning bir parchasini topshirdi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, ushbu nodir tuhfa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Kisvaning yana bir yirik parchasi shu yilning yoz oylarida Saudiya Arabistonidan olib kelindi. Ayni paytda bu nodir eksponat birinchi Renessans ekspozitsiyasida, Islom dinining Markaziy Osiyoga yoyilishi boʻlimiga joylashtirildi.
“Oʻzbekiston ulugʻ tarixga ega...”
Shu yil 29-avgust kuni Prezidentimizning poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish asnosidagi tashrifi markazimiz tarixidagi unutilmas voqealardan biri boʻldi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi jarayonlar bilan tanisharkan, yakuniga yetayotgan markaz qurilishi yuzasidan qimmatli maslahatlar va tavsiyalar berdi.
Jahonning turli davlatlaridan kelgan oliy martabali mehmonlar markaz bilan tanishib, chindan ham xalqimizning bunyodkorligi va tafakkuriga, davlat rahbarining tashabbuslariga tan berib ketishmoqda. Oʻtgan haftada AQSH Prezidentining global sheriklik boʻyicha maxsus vakili Paolo Zampoli markazimizga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.
“Prezident Janobi Oliylarini men buyuk yetakchi, halollik timsoli, tinchlik elchisi va Oʻzbekistonning uygʻonish davridagi chinakam lideri sifatida koʻrdim”, dedi Zampoli janoblari.
Kuni kecha Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov, Turkiyaning yetakchi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi oʻrinbosari Zafer Sarikaya ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Aleksandr Beglov markaz faoliyati bilan tanisharkan, “Faqat buyuk davlat rahbarlarigina oʻz Vatanining barhayot merosini oʻrganish va saqlash uchun ana shunday ulugʻ ishlarni amalga oshirishga qodir”, degan fikrni bildirdi. Turkiyalik mehmon esa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turkiy tilli mamlakatlar uchun ham faxr-u iftixor manbai ekanini taʼkidlab, ana shunday ezgu ishlarning boshida turgan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan benihoya minnatdor ekanini izhor etdi. Zotan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va madaniy islohotlarning yorqin natijasidir.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring