Orzusi ushalgan bolalar

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bolaligimizda yozgi taʼtil eng sevimli faslimiz edi. Bu davrda maktab oʻquvchilari deyarli yozgi oromgohlarga qamrab olinardi. Bir paytlar bolalarning quvonchli ovoziga toʻlgan oromgohlar faoliyati keyinchalik birin-ketin toʻxtay boshladi. Aksariyati “Falon lagerda bola suvga choʻkibdi”, “Togʻdan tushib ketibdi”, “Attraksiondan yiqilibdi” degan xavotirli gaplar ortidan yopildi. Bolalar uchun qurilgan shunday goʻzal maskanlarni “tadbirkor”lar xususiylashtirib, buzib yuborishdi. Baʼzilarini yirik tashkilotlar saqlab qoldi, ammo bir shart bilan — faqat oʻz xodimlarining farzandlari borishi evaziga. Tanish-bilish, imkoniyati borlar oʻsha oromgohlarga yoʻl oldi, qolganlar taʼtilni uyda yoki qishloqda oʻtkazishga majbur boʻldi. Uch oy davomida taʼlim, ijod, hunar, sport, sogʻlom turmush degan tushunchalar yoshlar hayotidan yoʻqoldi. Maktablarda zoʻrma-zoʻraki kunduzgi oromgohlar tashkil etilgan boʻlsada, bu tashabbus ham bir-ikki mavsum bardosh berdi. Kam maosh olayotgan oʻqituvchilar taʼtilda koʻngilli ishlashga xohish bildirmadi.
Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Yozgi oromgohlar zamonaviy, xavfsiz va samarali tarzda qayta tiklanmoqda. Joriy mavsumda mamlakat boʻylab 1100 dan ortiq oromgoh faoliyat koʻrsatishga shay holatga keltirildi. my.gov.uz orqali oromgohlarga onlayn yoʻllanma olish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Ota-onalar uydan chiqmagan holda oromgohni tanlab, ariza yuborishi va toʻlovni amalga oshirishi mumkin. Eng muhimi — kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun oromgohda bepul dam olish imkoni yaratildi.
Mamlakatda 6 milliondan ortiq maktab oʻquvchisi bor. Hatto faqat 7–14 yoshli bolalarni oromgohlarga qamrab olmoqchi boʻlsangiz ham bu katta ish. Bu yil 100 ming nafar oʻquvchi uchun maktablar qoshida kunduzgi oromgohlar tashkil etildi. Ilgarigidek xarajatlar birovning gardaniga “ilintirilmadi” — barcha mablagʻlar mahalliy byudjet hisobidan ajratilmoqda. Ushbu jarayonda faol ishtirok etayotgan oʻqituvchi va murabbiylarga munosib ish haqi toʻlash belgilandi. Faqat boshlangʻich sinf oʻquvchilari emas, balki barcha yoshdagi maktab oʻquvchilari uchun boʻsh vaqtni mazmunli tashkil etish maqsadida 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 2 mingdan ziyod turizm obyektlari faol ravishda jalb etilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida joriy yil 15-may kuni maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish va ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida 1-iyundan 30-avgustga qadar “Zarbdor 90 kunlik” dasturi eʼlon qilindi. Unda maktab oʻquvchilari va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sogʻlomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi. Surxondaryo viloyatida bu yoʻnalishdagi faoliyat allaqachon boshlab yuborilgan. Denov tumanidagi 14 ta maktabda kunduzgi oromgohlarga 1200 nafardan ortiq bola qamrab olingan boʻlsa, Uzun tumanidagi 8 ta, Angor tumanidagi 7 ta maktabda ham yozgi oromgohlar ish boshladi. Sariosiyo tumanida oʻquvchilar robototexnika, tikuvchilik, pazandachilik, sport, kibersport, chet tillari va “Turon” teatri kabi yoʻnalishlarda amaliy koʻnikmalarni egallash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Termiz shahridagi politexnikum va hududlarda faoliyat yuritayotgan 15 ta kasb-hunar markazida ham oʻquvchilar uchun toʻliq qulayliklar yaratildi. Bu yerda taʼtilni foydali oʻtkazish, qiziqqan kasb sirlarini oʻrganish, koʻnikmalarni oshirish imkoni bor. Toʻgaraklarda oʻquvchilarning qiziqishlariga qarab hunarmandlik, kulolchilik, yogʻoch va metall oʻymakorligi, sartaroshlik, robototexnika, oshpazlik va qandolatchilik, karving sanʼati, tikuvchilik va kiyim dizayni, fotografiya, videotasvirga olish, grafik dizayn, gulchilik, duradgorlik, avtotrenajyor, kibersport, ot sporti, hamda SMM zamonaviy va anʼanaviy yoʻnalishlarda malakali mutaxassislar tomonidan saboqlar berilyapti. Masalan, Instagram, TikTok, Facebook kabi platformalarda kontent yaratish, reklama va targʻibot strategiyalari boʻyicha ham amaliy mashgʻulotlar tashkil etilmoqda. Fan toʻgaraklari faoliyati ham tizimli ravishda yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborli jihati — barcha mazkur ishlarning amalga oshirilishi viloyat hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan qatʼiy nazoratga olingan, eng malakali ustoz va murabbiylar jalb etilgan.
— Yozgi taʼtil yaqinlashsa, bolalarimning vaqtini qanday foydali oʻtkazishni oʻylardim, — deydi Termiz shahrida yashovchi Nigora Valiqulova. — Uch nafar farzandim maktab yoshida. Ishda paytimda ularni nazorat qilish mushkul edi. “Zarbdor 90 kunlik” dasturi tufayli bu muammo hal boʻldi. Endi farzandlarim taʼtilni mazmunli oʻtkazishyapti.
— Bu yil maktabning 9-sinfini tugatdim, — deydi Boysun tumanidan Maftuna Ahmedova. — Oilamizda men yagona qiz farzandman. Hozircha oʻqishni texnikumda davom ettirish imkonim yoʻq, lekin tikuvchilikka katta qiziqishim bor. Maktabimizda ochilgan toʻgarak ayni muddao boʻldi. Hozirda mustaqil ravishda kiyim tikishni oʻrgandim.
Bugungi yoshlar zamonaviy bilim, koʻnikma va tarbiya asosida ulgʻaymoqda. Ammo bolaligi eʼtiborsizlik davriga toʻgʻri kelgan bir avlod haqida oʻylasang, diling ogʻriydi. Oʻsha yopilgan oromgohlar, bekor qilingan toʻgaraklar, yoʻqolgan bolalikning alami jonga qattiq botadi. Shu avlod farzandlari davlat va jamiyat gʻamxoʻrligida ulgʻayayotgani esa dilga taskin beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring