Orzularning oydin yoʻlida

14:59 09 Dekabr 2025 Jamiyat
284 0

Namanganda joriy yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida toʻrt maskan oʻzgacha qiyofaga kirdi. Shulardan biri – Toʻraqoʻrgʻon tumanida, markazdan yigirma chaqirim olisda joylashgan, oʻttiz uch yillik tarixga ega Shovon mahallasi. U uzoq vaqt rivojlanishdan orqada qolgan boʻlsa-da, endi qoʻrgʻon boshiga oftob tekkanidan toʻrt minglik aholi kayfiyati koʻtarildi. Bor-yoʻgʻi oʻn oy avval mahzun va rivojlanishdan orqada qolgan bu hududda bugun yangi zamon shamollari esmoqda.

– Dastur ijrosi uchun 3,2 milliard soʻm ajratildi, bu kichik mablagʻ emas, – deydi MFY raisi Gʻaybullo Mamadaliyev. – Birinchi navbatda elektr taʼminoti uzluksizligi masalasi hal etildi. Ikkita 400 kVali quvvatli transformator oʻrnatilib, 11 kilometr uzunlikdagi tarmoq yangilanishi natijasida xonadonlarda chiroqlar yorishdi, maishiy elektr uskunalari mukammal ishlay boshladi. Shuningdek, mavjud yagona suv qudugʻiga yana bittasi qoʻshilishi barcha 803 hovlining isteʼmolga yaroqli obi-hayot bilan toʻla taʼminlanish imkonini yaratdi.

Azaldan Shovonda tomorqa xoʻjaligi aholining asosiy daromad manbai boʻlgan. Biroq soʻnggi 10–15-yil ichida dehqonchilik pasaydi. Yozning issiq davrida ariqlardan kelayotgan suv keskin kamayib, koʻp xonadonlarga suv yetib bormay qoldi. Natijada ekinlar, ayniqsa, koʻp yillik mevali daraxtlar zavol topdi. Mahalla aholisi bu qiyinchilikdan chiqish uchun mahalla etagidan oqib oʻtgan chuqur soy va yana bir anhordan suvni nasoslar yordamida yuqoriga tortib chiqishni amalga oshirdi. Dastur doirasida har ikki manbaga quyosh panellari bilan ishlaydigan agregatlar oʻrnatildi. Suvsizlikdan aziyat chekkan ariqlargacha quvurlar tortib berildi. Xayrli ishlarning samarasi shu yil yozda sezildi: bogʻ va tomorqalar qaytadan yashnab, qurib qolgan oʻrik, olma va boshqa daraxtlar yangi hosil berdi.

– Odamlar koʻz oʻngida roʻy berayotgan bunday xayrli ishlar koʻpchilikning qarashini oʻzgartirdi, – deydi mehnat faxriysi Muhammadjon Yoʻlchiboyev. – Koʻpni koʻrgan nuroniylar va bir qator tadbirkorlar kengashib, mahalla ichki yoʻllarini asfaltlashga kirishdi. Oʻziga toʻq ishbilarmonlar va faol fuqarolar homiyligida uch milliard soʻmga yaqin mablagʻ toʻplandi. Hozirga kelib sakkiz kilometrga yaqin koʻchalar asfalt bilan qoplangan. Endi yogʻin-sochinli kunlarda ham loyli koʻchalardan aziyat chekmaymiz.

Shu oʻrinda maqsadli dastur shovonlik bolalarga esda qolarli tuhfa ham taqdim etdi. “Yuksalish” koʻchasida boʻsh turgan joyda qurilgan zamonaviy Workout maydonchasi jajji fuqarolarning eng sevimli maskaniga aylandi. Shovondagi yangilanishlarga hamohang yigʻindagi yettilikning faolligi ham kuchaygan. Ayniqsa, aholi bandligini taʼminlash sohasidagi ishlar koʻlami ortib bormoqda. Hududning asosiy drayveri hisoblangan qoʻychilikdan xonadonlarga baraka kiryapti. 250 dan ortiq fuqaro bu ishni oilaviy biznesga aylantirgan. Issiqxona xoʻjaligi, bogʻdorchilikni yoʻlga qoʻyganlar hisobiga davlat nafaqasiga koʻz tikkan xonadonlar kamaydi. Kambagʻallik roʻyxatidagilar yil boshidagi 48 tadan 17 taga tushdi, 114 ta migrantning 38 tasi uyiga qaytib, shu yerning oʻzida daromad topmoqda.

– Idoramiz zamonaviy imoratga ega boʻlganidan juda xursandmiz, – deydi Gʻaybullo Mamadaliyev. – Yettita xona va faollar zaliga ega bu imoratda yettilikning barcha aʼzolari oʻz vazifalarini talab darajasida bajarishi uchun yetarli sharoit muhayyo qilingan. Zamonaviy jihozlangan zallar, ofis xonalari va imkoniyatli infratuzilma faoliyatni samarali va erkin olib borish imkonini beradi. Kelgusida esa hududda qoʻychilikni yanada rivojlantirish, mahallada ishbilarmonlikni kengaytirish va qishloq xoʻjaligini kompleks rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sobiq qishloq xoʻjaligi korxonasining ikki qavatli binosi va uning bir gektarlik maydoni asosida klaster tashkil etish niyatidamiz.

Bu loyiha mahalladagi ish oʻrinlari va daromad manbalarini koʻpaytirish, fermer va dehqonlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda aholining oziq-ovqatga boʻlgan talabini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shovonimizning hayotbaxsh islohotlardagi ishtiroki bundan ham faollashadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер