Orzulari bir olam qiz

15:34 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
105 0

— Nomaʼlum joy, begona yurt, notanish odamlar. Mana shunday sharoitda kimdir sizga “Assalomu alaykum, kuningiz xayrli boʻlsin, yangi joyga moslashib qoldingizmi,” desa bormi, quvonchdan naq yuragingiz yoriladi. Daniyaga kelgan kunlarim shunday boʻlgan. “Dairysoft” asoschisi Bahodir aka Tillaboyev boshqa shogirdlari qatori menga ham videoqoʻngʻiroq bilan chiqqan. Birinchi kuni ovozimda biror oʻzgarishni sezgan chogʻi, dalda berganlar: “Aslo koʻngilni choʻktirmang. Hammasi yaxshi boʻladi, muhimi siz haqingizdagi mehnatkash, vazifasini yaxshi uddalaydigan qiz ekan, deyishdi. Demak, albatta, tez orada shu yerlik boʻlib qolasiz”. Shunday boʻldi ham, — deydi Nargis Turgunova. — Amaliyot jarayonida yevropaliklarni oʻzimcha qayta kashf etdim, ular menga ustozlik qilishgani yanada quvonchli.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti 4 -bosqich talabasi Nargis Turgunova asli jizzaxlik, Sharof Rashidov tumanidagi Kuyovboshi qishlogʻidan. Oʻzining aytishicha, otasi Bahrom Normatov muallim, onasi Gavhar Normatova esa shifokor. Sezilib turibdiki, u otasidan ilmga chanqoqlikni, onasidan ezgulikka oshno boʻlishni yuqtirgan. Normatovlar oilasidan chiqqan birinchi vetvrach, amaliyotini Jizzaxu poytaxtda emas, balki olis xorijda — Daniyada oʻtayotgan ham u. Albatta, ustozi Bahodir Tillaboyevning koʻmagi bilan.

— Bolaligimdan kitobga mehr qoʻyganman, uy hayvonlariga eʼtiborim boʻlakcha edi. Hovlimizdagi sigir-buzoq, echki-uloq, hatto itlaru mushuklarni oziqlantirish ham menga zavq berardi. Ana shu qiziqish tufayli maktabni bitirgach hech ikkilanmay hujjatlarimni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga topshirdim, — deydi Nargis Turgunova. — Oʻqishga kirgach sezdimki, shu sohani puxta egallashning oʻzi katta yutuq. Vetvrach sifatida Yevropada ishlash yanada foydali, ham pul topasan, ham malakang oshadi, ham sayohat degandek. Ustozlarimning bu maslahati menga qanot bagʻishladi. Shahardagi Registon oʻquv markaziga qatnay boshladim. Maqsadim ingliz tilini mukammal oʻrganish edi. Qolaversa, xorijiy tilni puxta egallamasdan turib chet elni orzu qilma, deyishgandi-da!

Nargis Turgunova amaliyot oʻtab ishlayotgan ferma Bramming shahri biqinida joylashgan bahavo joy. Fermer Siyebgert Beorsma janobilari samimiy inson, chorvani yaxshi koʻradi. Shu bois fermadagi 850 boshdan ortiq sogʻin sigirlarning har biri kuniga 40-45 litrgacha sut beradi. Sutning oʻrtacha yogʻlilik miqdori ham 3,5 – 4 foizni tashkil qiladi.

— Bu ferma meni mutaxassis sifatida yanada ulgʻaytirdi. Shu yerda koʻp narsani oʻrgandim, — deydi Nargis Turgunova. — Daniyaliklar mutaxassis qatori ishchining malakali boʻlishiga jiddiy eʼtibor beradi. Men fermaga borgan kunim birqancha sinovlardan oʻtdim. Kasal mollarni podadan qanday ajratish, ularni qanday va qay tartibda saqlash, mutaxassis aytgan tavsiyalarni oʻz vaqtida soʻzsiz bajarish koʻnikmalari, barcha-barchasini bilish kerak. Fermada oʻtkazilgan oseminatorlar seminarida ishtirok etib, sertifikat oldim. Shu safarim davomida Parijni, Belgiyadagi goʻzal shaharlarni tomosha qildim. Ish jarayonidagi tirishqoqlik, samimiy munosabat kuchimga-kuch qoʻshdi. Fermer boshliq chorvadorlar oilasining tom maʼnoda aʼzosiga aylandim. Shu sababli Siyebgert Beorsma janoblarining doʻsti meni Qozogʻistonda yangidan ochilayotgan fermasiga ishga taklif qildi. Bundan behad xursandman. Chunki men uchun Daniya —Qozogʻiston qoʻshma korxonasi tarzida ish boshlaydigan fermaga ishga kirish kelgusida ona qishlogʻimda ham shunday yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan chorvachilik majmuasini yaratishimga turtki beradi. Ayni chogʻda orzular qanotida uchyapman, yuragimda ming bir niyatlar.

Abdunabi Aliqulov

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер