Orolboʻyi va Xorazmdagi ochiq muloqotlarda ochiq gaplar aytildi

15:41 05 Mart 2025 Jamiyat
98 0

Ochiq muloqot chin maʼnoda ochiq boʻlsa, aholi dilidagi va tilining uchidagi gaplarni erkin ayta olsa, muammolarga yechim topilib, uni oʻz hayoti davomida his qilsagina samaralari koʻzga yaqqol tashlanadi. Baʼzi ochiq muloqotlarning faqat qogʻoz qoralash uchun oʻtkazilayotgani, odamlar fikri inobatga olinmayotganidan hafsalasi pir boʻlayotgani ham bor gap.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida oʻtkazilgan ochiq muloqot tadbirlarida aholi oʻz fikrini erkin aytdi va muammolarni hal etish yuzasidan zarur chora tadbirlar belgilandi. Unda aholi va tadbirkorlarning 30 ga yaqin ishlab chiqarishdagi toʻsqinliklar, xizmat koʻrsatish sifati, mahalliy biznes va iqtisodiy rivojlanishga taalluqli murojaatlari qabul qilindi va 10 dan ortiq takliflari tinglandi.

Nukus shahrida fuqaro va tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda Qoʻmita raisi Halilillo Toʻraxoʻjayev uy-joy, kommunal sohasi, davlat xaridlari jarayonlarida uchrayotgan muammolar va tender qoidalarini takomillashtirish boʻyicha, qishloq xoʻjaligi kooperativlari tomonidan birja savdolarida fyuchers shartnomalari tuzish, ishlab chiqarish va eksport bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishdagi qiyinchiliklar yuzasidan berilgan murojaatlarni qabul qildi. Ushbu murojaatlarni vakolat doirasida hal etish, shuningdek, boshqa masalalar yuzasidan masʼul davlat tashkilotlari bilan birgalikda oʻrganish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Bundan tashqari, qoʻmita tomonidan ochiq muloqotda aholining osh tuzi va qadoqlangan ichimlik suvining sifatini tekshirish va reklamalar xususidagi takliflarini koʻrib chiqish uchun tegishli tashkilotlarga maʼlumotlar yuborildi.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa va Toʻrtkoʻl tumanlaridagi Tuproqqalʼa» mahalla fuqarolar yigʻinida 3 ta nasos va 1,5 kilometr sugʻorish tarmogʻi, “Ellikqalʼa” Ovul fuqarolar yigʻinida 1 ta nasos va 1 kilometr sugʻorish tarmogʻini tortish, shuningdek, “Bazirgon” MFYda 5 kilometr ariqni betonlash hamda elektr energiyasi barqarorligini taʼminlash, internet sifatini oshirish va ichki yoʻllarni taʼmirlash yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.

Xorazm viloyatida oʻtkazilgan ochiq muloqotda jismoniy va yuridik shaxslarni elektr energiyasi hamda gaz taʼminoti, qurilayotgan yangi turar-joylar va ulardagi muammolar, imtiyozli kredit ajratish va kadastr hamda maxsus fan dasturlari, oliy taʼlim sohasida qiynayotgan muammolari, berilgan taklif va koʻplab murojaatlari toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinib, ijroga qaratildi. Moliya, taʼlim sohasidagi takliflar esa tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Xorazm viloyatida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish yoʻnalishini yanada shakllantirishda oʻzaro hamkorlikda jamoat tashkilotlarining imkoniyatidan foydalanish masalalari ham belgilandi. Ushbu yoʻnalishdagi ishlar qamrovini kengaytirish yuzasidan «Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish strategiyasi« ishlab chiqilayotganligi haqida maʼlumot berildi.

Ikki hududda oʻtkazilgan ochiq muloqotlarda fuqaro va tadbirkorlarga qoʻmita tomonidan sohaga oid huquqiy bilim va maslahatlar ham berildi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, aholi va tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifasidir.

Otabek USMONOV,

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini

himoya qilish qoʻmitasi raisi maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер