Orol yoʻllarining yashil qalqoni

14:23 29 Yanvar 2025 Jamiyat
154 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Yaqinda Qoraqalpogʻiston boʻyicha amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri boʻlgan xalqaro ahamiyatidagi “Qoʻngʻirot – Beyneu” avtomobil yoʻlining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi Prezidentimiz ishtirokida tantanali ravishda foydalanishga topshirilgandi. Mazkur avtomobil yoʻli boʻyini koʻkalamzorlashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida 2025-yilgi saksovul ekish mavsumi boshlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, respublika sektor rahbarlari va idora-tashkilot mutasaddilari ishtirok etdi. Uch avlod vakillari va deputatlar ishtirok etgan tadbirda Orolboʻyida keng koʻlamli maydonlarga saksovul ekish ishlarining boshlanishi, uning hudud ekologiyasi, atrof muhit musaffoligini taʼminlashdagi ahamiyati haqida ham soʻz yuritildi.

Davlatimiz rahbari 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida Moʻynoq tumanida ham boʻlib, Orol dengizining qurigan maydonlariga saksovul ekish boʻyicha vazifalar belgilangandi. Shu tariqa Orolboʻyida ommaviy ravishda saksovul ekish ishlari boshlanib, 2019-yilning oʻzida 500 ming gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirilgandi.

— Bugungi xayrli ishlar doirasida ushbu xalqaro avtomobil yoʻlining 314 kilometr qismining boʻyida saksovul ekish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining shoʻba boshligʻi Aynazarov Orazali. — Ekish ishlariga 15 ta masʼul tashkilotlar biriktirilgan boʻlib, jami 2 ming 800 gektar maydonda 1 million 150 ming donaga yaqin saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklarni ekish nazarda tutilmoqda.

Shu oʻrinda Orolboʻyida hurmatli Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahbarligida yashil hududlarni kengaytirish va ekologik holatni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilayotganini alohida eʼtirof etib oʻtmoqchi edim. Bu borada qilingan ishlar natijasida Orol dengizining qurigan maydonlarida jami 1,8 million gektar maydonga saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklar ekildi. Bunday ezgu ishlar bugungi kunda ham qizgʻin davom etmoqda. Yurtimizda 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deya belgilanishi ham bejiz emas. Tadbir ishtirokchilari hududda tayyorlangan maydonlarga saksovul koʻchatlarini ekishdi. Shu tariqa mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bogʻlaydigan strategik avtomagistralning Qoraqalpogʻiston hududidan oʻtuvchi yangilangan yoʻl yoqalariga “yashil qoplama”lar barpo etish ishlari boshlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?