Oqsab qolayotgan tarmoqlar qachon oʻnglanadi?

13:04 05 Avgust 2021 Iqtisodiyot
1017 0

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida joriy yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy natijalar tahlili hamda yil yakuniga qadar barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, birinchi yarim yillikda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga oʻsgani qayd etildi. Bunga, asosan, sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishilgan. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakatda jami 53 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 14 foiz oshgan.

Majlisda shu kabi muvaffaqiyatlar ham tilga olindi, lekin asosan kamchiliklar va ularni keltirib chiqarayotgan omillar atroflicha muhokama qilindi, tahlillarga keng oʻrin berildi. Oqsab qolayotgan tarmoqlar, yoʻnalishlar rahbarlariga ahvolni oʻnglash yuzasidan aniq vazifalar yuklandi. Shu oʻrinda yigʻilishda sohadagi real vaziyatni koʻrsatuvchi raqamlar, faktlar ochiq-oydin aytilgani, bu esa, ayniqsa, iqtisodiyotni taraqqiy ettirishda ijobiy rol oʻynashini taʼkidlashni istardik. Holbuki, yaqin oʻtmishda barcha jabhalarda “oʻsish”, “rivojlanish”dan darak beruvchi raqamlar eʼlon qilinardi. Bu esa xulosalar chiqarish, muammolarni aniqlash, yechimini topishga monelik qilardi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, hududiy sanoat hajmi Sirdaryo viloyatida 41 foiz, Xorazmda 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda 24 foiz oʻsgan. Biroq, bu koʻrsatkich katta imkoniyatlarga ega Fargʻona viloyatida atigi 1,2 foiz va Toshkent viloyatida 4,6 foizni tashkil etgan. 110 ta hududiy sanoat korxonasida oʻtgan yilga nisbatan 2,2 trillion soʻmlik mahsulotlar kam ishlab chiqarilgan. Qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida oʻtgan yilgi darajada saqlanib qolgan. Dehqonchilik yoʻnalishida mahsulot yetishtirish kamaygan. Hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilgan boʻlsada, hali joylarda kutilgan natija boʻlmayapti.

Yigʻilishda ana shu masalalarni jadallik bilan hal qilish, har bir tarmoq va hudud boʻyicha 9 oy hamda yil yakuniga moʻljallangan aniq rejalar ishlab chiqib, ijrosini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Biz – deputatlar videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar, berilgan topshiriqlardan tegishli xulosalar chiqardik. Avvalo, belgilangan vazifalar amalga oshirilishini taʼminlashda deputatlik va jamoatchilik nazoratidan samarali foydalanishimiz zarur. Sohadagi nuqson-kamchiliklarning hal qilinishi boshlangan islohotlarni yana-da chuqurlashtirishga ham bogʻliq, deb hisoblaymiz. Shu bois tegishli qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishni rejalashtiryapmiz.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?