Oʻqituvchi kasbining maqomi va obroʻsi koʻtarildi

17:07 24 Dekabr 2024 Jamiyat
391 0

Bilimli, iqtidorli bola nafaqat oʻzining, balki millatning ham kelajagini belgilaydi. Bunday avlod oʻqituvchi-pedagoglar mehnati, izlanishlari ortidan tarbiyalanadi.

Keyingi sakkiz yilda yurtimizda taʼlim va tarbiya tizimida tom maʼnoda, tarixiy ishlar amalga oshirildi. Sohaga oid koʻplab qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiyamizda oʻqituvchining maqomi alohida belgilab qoʻyildi.

Agar oʻqituvchi-pedagog erkin faoliyat yuritmasa, uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati davlat tomonidan himoya qilinmasa, oʻz navbatida, majburiyatlari qonunchilik bilan belgilanmasa, koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi. Bu muammolarga aynan, 2024-yilda butkul barham berildi.

Prezidentimiz tomonidan shu yilning 1-fevral kuni 21 moddadan iborat “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunning imzolanganini yurtimiz pedagoglari katta quvonch bilan eslaydi. Mazkur qonunga koʻra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi. Pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, jumladan, bitiruvchilarning bandligi taʼminlangani haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish man etiladi.

2023-yilning 27-mart kuni qabul qilingan pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi qonunga koʻra, pedagog xodimni mehnatga biron bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 33 mln. soʻmgacha (BHMning 100 baravari) jarimaga sabab boʻlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 49.5 mln. soʻmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi belgilab qoʻyildi. Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangan. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq chorasi koʻrildi.

Yangi Oʻzbekiston islohotlarida bunday chora-tadbirlar soʻzsiz hayotga tatbiq etilayotgani bois oʻz samarasini bermoqda. Joriy oʻquv yilida oʻquvchilarimiz nufuzli xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalarga erishgani fikrimizni isbotlaydi. Jumladan, 128 ta medal — 15 ta oltin, 36 ta kumush, 77 ta bronza! Ularning koʻpchiligi asosan kimyo, matematika, fizika va informatika fanlari boʻyicha ustunlik qilib, eʼtirofga sazovor boʻldi. Bu Oʻzbekiston tarixidagi rekord koʻrsatkich boʻlib, bundan barchamiz cheksiz gʻururlanamiz. Kelayotgan Yangi yil ham shubhasiz, yangi imkoniyatlar olib kelishiga ishonamiz.

Shoira XUDOYQULOVA,

Termiz davlat universiteti oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер