Ona zamin qalqoni
16-sentyabr — Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
Suyundik MAMIROV/“Xalq soʻzi”. Ozon qatlami sayyoramizni quyoshning zararli nurlaridan himoya qiluvchi qalqon vazifasini bajaradi. Afsuski, hozirgi davrda bu qalqonning oʻzi himoyaga muhtoj. Yer sharida ekologik muammolar ortib borayotgani, atmosferaga zararli moddalarning katta miqdorda chiqarib yuborilishi natijasida ozon qatlami yemirilishi insoniyatni xavotirga solmoqda.
Darhaqiqat, bundan taxminan 620 million yil avval paydo boʻlgan ushbu qatlam yer yuzidagi jamiki tirik organizmlarni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlari taʼsiridan asraydi, yaʼni yerga tushayotgan nurli radiatsiyaning qariyb 93-99 foizini tutib qoladi.
Ozon qatlami turli sabablarga koʻra, siyraklashishi mumkin. Masalan, tabiiy sabablardan biri vulqon otilishi hisoblanib, u bilan birga tarkibida oltingugurt birikmalari otilib chiqadi. Oltingugurt havoda boshqa gazlar bilan aralashadi. Shu jarayonlar natijasida ozon qatlamini yemiruvchi sulfatlar hosil boʻladi. Inson faoliyati bilan bogʻliq jarayonlarni eʼtiborga olmasak, tabiiy hodisalar natijasida ozonning paydo boʻlishi va yemirilishi tezligi teng, yaʼni stratosferada ozon konsentratsiyasi deyarli oʻzgarmaydi.
Bu jarayonni insoniyatning ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish faoliyati tezlashtirib, sayyoramizni quyosh radiatsiyasidan himoya qiladigan ozon qatlami shiddat bilan yupqalashishimga olib keldi. Maʼlumotlarga qaraganda, ozon qatlamining yemirilishi natijasida eng katta tuynuklar Yerning janubiy va shimoliy qutblarida qayd etilgan.
Taʼkidlash joizki, ozon yemiruvchi moddalarning aksariyati global isishni keltirib chiqaruvchi gazlar hisoblanadi. Shunday ekan, ozon qatlamining yemirilishi mislsiz iqlim oʻzgarishiga, odamning immun tizimi pasayishiga, teri saratoni kasalligi koʻpayishiga, oʻsimliklar rivojiga, umuman, insoniyatning turmush tarziga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Ozon qatlamini muhofaza qilish masalasi barcha mamlakatlarni hamjihatlikda faoliyat yuritishga undaydi. 1985-yil 22-mart kuni Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qabul qilindi. Eʼtiborli jihati, 1987-yil 16-sentyabr kuni ushbu konvensiya asosida Monreal protokoli imzolandi. Mazkur protokolga asosan jahon hamjamiyati xlorftoruglerod (XFU) va boshqa ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni ishlab chiqarishni keskin qisqartirish maqsadida birlashdi. Bugungi kunda 200 ga yaqin mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan Monreal protokolida ozon qatlamini yemiruvchi 100 ga yaqin moddalardan foydalanishni bosqichma-bosqich qisqartirish boʻyicha vazifalar qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yilda Ozon qatlamini himoya qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va Monreal protokoliga qoʻshildi. Mamlakatimizda ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish chora-tadbirlari samarali amalga oshirib kelinmoqda. Hozirgi vaqtda bunday moddalarning 99,9 foizi muomaladan chiqarilgan.
Muxtasar aytganda, dunyo hamjamiyati tomonidan ozon qatlamini tiklash boʻyicha koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, hisob-kitoblarga koʻra, asrimiz oʻrtalarida mavjud ozon tuynuklari toʻliq qoplanishi kutilmoqda. Bunga Oʻzbekiston oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgani barchamizni mamnun etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring