Omon Matjon bogʻi

12:36 28 Oktyabr 2021 Madaniyat
771 0

2020-yilning 29-oktyabri erta tongda telefonim jiringladi... Uning tugmachasini bosdim. Telefondan Omon Matjonning katta oʻgʻli Diyorbekning salomlashgan ovozi keldi. Keyin bir fursat oraga ogʻir sukunat choʻkdi. Noxush sassiz holatdan soʻng “Kecha tunda adamni Ollohning panohiga topshirdik”, degan soʻzlari eshitildi. Quloqlarimga ishonmadim. Ishonish ham qiyin edi. Axir yaqinda telefonlashgan, uchrashgan, dildan suhbatlashgan odamning endi oramizda yoʻqligini dabdurustdan tasavur qilish qiyin edi. Lekin Haqning ishiga chora yoʻq. Undan koʻngil soʻradim. Shu kuni mehridaryo inson, nihoyatda yaqin akam, atoqli ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon Toshkentning sharqiy ufqida joylashgan Olmos ota qabristoniga hayotda umr yoʻldoshi boʻlgan Masʼuda Matjonova yoniga dafn qilindi.

Sir emas, oʻtgan yil insoniyat hayotida ogʻir yil sifatida tarixga muhrlandi. Tojdor virus deb atalgan koʻzga koʻrinmas yov yer yuzida millionlab odamlarning yostigʻini quritdi. Mamlakatimiz aholisi ham ana shu pandemiya azoblarini boshidan kechirdi. Xalqimiz orasidan yetuk davlat va jamoat arboblari, atoqli ijodkorlar, sanʼatkorlar, olimlar, ziyolilardan baʼzilari va boshqa yana qancha insonlar ana shu kasallik tufayli hayot bilan vidolashdilar.

Matjonovlar oilasi uchun ham 2020-yilning kuzi ogʻir keldi. Oktyabr oyining boshlarida Omon akaning Samarqand shahrida yashaydigan akasi, sanʼatkor va umrini ilmu maʼrifatga bagʻishlagan ziyoli inson Zarif Matjonov salkam 90 yoshida vafot etdi. Oʻsha paytlarda Omon aka Toshkentdagi ikkinchi statsionarda tojdor virus va boshqa kasalliklar keltirib chiqargan xastalikdan davolanayotgan edi. Shuning uchun yaqinlari akaning oʻlimini ukaga bildirishmaydi. Oʻsha kunlarning birida kasalxonaga kirish, koʻrishish taqiqlangani uchun Omon akaga telefon qilib ahvol soʻradim. Ovozi xiyla past, dardchil edi. Koʻnglini koʻtarishga harakat qilib, hali sogʻayib ketasiz, deb dalda berdim.

U soʻzimni eshitib boʻlgach, hazin ohangda “Yaqinda tush koʻrdim, tushimda onam bilan birga yurganmishman (U kishining onasi yoshligida vafot etgan). Bu nimaning alomati ekan, bilmadim. Sendan bir iltimos, negadir akam telefon ham qilmaydi, telefonimga ham javob bermaydi. U kishi bilan bir bogʻlangin, salomatligini bilib, salomimni yetkazgin,” dedi. Men uning bu iltimosini bajara olmadim.

Ikkinchi stansionarda Omon aka birinchi qavatda, uning turmush oʻrtogʻi Masʼuda opa ikkinchi qavatda tojdor virusdan davolanayotgan edi. 23-oktyabrda doktorlar u kishi sogʻayganligi uchun uyiga qaytishga ruxsat berishadi. Ammo u kishi uyga kelgach, bir kundan keyin virus asorati tufayli vafot etadi. Tabiiyki, farzandlar onasining oʻlimi haqidagi xabarni Omon akaning xastaligi yanada kuchaymasin, degan niyatda bildirishmaydi. Omon aka Qurʼoni karimni va undagi “Yosin” surasini imom-xatiblarga, qorilarga oʻqitib tinglashni nihoyatda xush koʻrardi. Oʻlimidan uch-toʻrt kun oldin farzandlaridan imom-xatiblardan birini oldirib, huzurida “Yosin” oʻqitishni iltimos qiladi. “Yosin” oʻqilgach, imom-xatibdan bu surani ikkinchi qavatda yotgan turmush oʻrtogʻi Masʼuda opa huzurida ham oʻqishni soʻraydi. Bu gal “Yosin”ni eshitish Masʼuda opaga nasib qilmaydi...

Shu vorqealarni boʻlib oʻtganiga ham, mana, bir yil boʻlibdi. Omon akaning oramizda yoʻqligiga hamon koʻnikolmayman. U goʻyo biz bilan hamnafas yurgandek, yonimizda turib “Qalay, dunyo tinchmi, doʻstlar salomatmi?” deb turgandek tuyulaveradi. Bunday paytda u bilan bogʻliq voqealarni xotiraga aylantirish, diltortar suhbatlarimizni “boʻlgan edi” deb eslash oson kechmaydi. Lekin nachora? Axir oʻtganlarni eslamoq, xotiralarini yodga olmoqdan boshqa choramiz bormi?! Bizning vazifamiz safdoshlarimizni unutmoq emas, xotiralari bilan yashamoq emasmi?!

Omon Matjon nozik didli, hayotning har bir lahzasidan chuqur falsafiy xulosalar chiqara oladigan, voqelikni teran anglaydigan hassos shoir edi. U hayotda hamma narsani bekamu koʻst koʻrishga intilardi, goʻzallikni, adolatni, haqiqatni ulugʻlardi. Inson bu cheksiz olamda kechadigan lahzalik hayotida oʻzidan ezgu ishlarni, ezgu amallarni meros qoldirib ketishi kerak, degan gʻoya bilan yashardi. Shuning uchun sheʼriyatida ezguliklarni ulugʻlash gʻoyasi hamisha ustuvor boʻlib kelgan.

Uning qalbida doimo tariximizga buyuk oshuftalik bor edi. Tarixni oʻrganmasdan turib bugungi anglab boʻlmaydi, bugunsiz esa kelajak yoʻq, degan fikr har bir asarining markazida turardi. U uchliklaridan birida

Uchrashuvimizga yaqin qoldi,

Oʻtmish, bugun bilan yuzma-yuz

Shundoq kelajakning yonginasida,

deb yozishi ham bejiz emasdi.

Shoirning qalbidagi barcha orzular, oʻylar, ezgu maqsadlar, armonlar, tugʻyonlar “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Quyosh soati”, “Haqqush qichqirigʻi”, “Seni yaxshi koʻraman”, “El birla boʻl”, “Diydor aziz” kitoblarida, “Toʻgʻon”, “Pahlavon Mahmud”, “Abu Rayhon Beruniy” dramatik dostonlarida, “Shayx Najmiddin Kubro” tarixiy fojiasi, “Toʻrabekxonim” qissasi, “Ming bir yogʻdu” deb atalgan Alisher Navoiyning “Xamsa”si asosida yaratilgan bitiklarida, xorijiy koʻplab ijodkorlar asarlaridan tarjimalarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Omon aka nafaqat adabiy-badiiy jarayonda, balki ijtimoiy hayotda ham faol edi. Uning shoirona qalbidagi ezguliklar hayotiy aʼmollarida ham boʻy koʻrsatib turardi. Endilikda xotira bahona shoirning ana shu ezgu ishlaridan baʼzilarini eslab oʻtishni niyat qildim.

Omon Matjon Samarqand Davlat universitetini tugatgach oʻtgan asrning 70-yillari boshida Toshkentdagi Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida nazm boʻlimida faoliyatini boshladi. Keyin shu boʻlimga mudir boʻldi. Aynan oʻsha yillarda uning tashabbusi bilan nashriyotda “Shoirning birinchi kitobi” degan turkum tashkil etildi. Bunday turkumni tashkil etish oson boʻlmaydi. Nashriyotda “Shoirlarning kitoblarini nashr etish koʻpayib ketdi”, degan bahona bilan bu ishga toʻsqinlik qiluvchilar ham boʻladi. Shu turkumda yaxshi kitoblar chiqsa, maqtov nashriyot shaʼniga aytiladi, oʻrtamiyona kitoblarning tanqidi esa Omon Matjonga tegadi. Eng muhimi, shu turkumda oʻsha yillari bir necha oʻnlab shoirlarning ilk sheʼriy toʻplamlari kitobxonlar qoʻliga yetib boradi. Yosh ijodkorlarga ijod yoʻli ochiladi. Boshlangan xayrli ish oʻz mevasini berdi: ana shu turkumda sheʼrlari chiqqan shoirlarning deyarli hammasi endilikda adabiyotimizning yetuk vakillariga aylandi. Lekin Omon akadan biror davrada “Men ana shu ishni qilganman”, degan soʻzni eshitgan emasman.

Oʻsha yillari Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida yana bir xayrli ish amalga oshirildi. Buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyning koʻp jidliklarini nashr etish yoʻlga qoʻyildi. Bu jildliklarni tayyorlash uchun koʻplab navoiyshunos olimlar ishga jalb qilindi. Yana bir navoiyshunos olim nashriyotning oʻziga ham kerak edi. Omon aka bu ishga Samarqand Davlat universitetida faoliyat yuritayotgan adabiyotshunos olim Asqarali Sharopovni taklif qildi. Asqarali Sharopov oʻz ishiga puxta, Alisher Navoiy asarlari matnini yaxshi biladigan olim edi.

Ulugʻ shoir asarlari toʻla nashr etildi. Shoirning tashabbusi bilan “Xamsa”dagi dostonlarning nasriy bayoni ham chop qilindi. Ayni paytda, Alisher Navoiyning boshqa asarlarining ham nasriy talqini nashr etilishi rejalashtirildi. Ammo Asqarali Sharopovning vafoti, Omon Matjonning boshqa ishga oʻtkazilishi munosabati bilan bu reja amalga oshmadi. Omon aka bu ishning amalga oshmaganidan keyinchalik koʻp oʻkindi. Lekin oʻsha yillarda Alisher Navoiy asarlarini chop qilish asnosida tugʻilgan fikr-mulohazalar, undan oʻrganishlar asosida keyinchalik “Ming bir yogʻdu” deb nomlangan asari paydo boʻldi. “Ming bir yogʻdu” Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarini oʻqish, oʻrganish davomida Omon Matjon qalbidagi hayratlar, hayajonlar va bu hayajonlar, hayratlarning shoir dilidagi nazmiy ifodasi edi. “Hayrat ul-abror” butun insoniyat uchun barcha zamonlarda xizmat qiladigan hayot falsafasining betimsol ifodasidir”, derdi shoir. Shu sababli “Hayrat ul-abror” uning doimiy hamrohiga aylangandi.

Omon Matjon muharrir sifatida yangiliklar yaratishni “Choʻlpon” nashriyotiga rahbar boʻlib kelganidan keyin ham davom ettirdi. Bir guruh ijodkorlarni, tarixchilarni, olimlarni yigʻib, xalqimizning va turkiy ellarning qadim maʼnaviy boyliklari boʻlgan “Avesto”, “Qoʻrqut ota”, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Manas” kabi koʻplab asarlar haqida ham kattalarbop, ham bolalarbop tarixiy hikoyalar yaratish, qadim shaharlar kechmishi va bunyodkorligi bilan bogʻliq adabiy-badiiy risolalar bitish, milliy qahramonlarimiz, buyuk shaxslar hayoti, faoliyati xususida kichik hajmda, lekin qiziqarli ilmiy-ommabop tadqiqotlar yozish masalalarini oʻrtaga qoʻydi. Bular bolalar uchun chinakam tarix va tarix saboqlari boʻlishi kerak edi.

Haqiqatan ham shunday boʻldi. “Choʻlpon” nashriyotida yuqorida aytilgan yoʻnalishlarda “Qiziqarli tarix” turkumida kitoblar nashr etildi. Shu kitoblardan bittasi haqida toʻxtalsak, koʻzlangan maqsad koʻlami ulugʻvorligi yaqqol namoyon boʻladi. Nashriyotda tarixchi olim Tohir Karimovning “Muqaddas “Avesto” izidan” deb atalgan kitobi chop qilindi. Maʼlumki, xalqimiz tarixining va kitobot sanʼatining ilk namunasi hisoblangan “Avesto” asari haqida mustaqillikdan ilgari deyarli maʼlumot berilmas edi. Istiqloldan keyin bu asar xususida, uning tarixi haqida ilmiy jamoatchilik orasida soʻz yuritila boshlandi. Asarning oʻzbek tiliga tarjimasi paydo boʻldi. 2001-yilda “Avesto” asari yaratilganligining 2700-yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi va Urganch shahrida maydon tashkil etilib, mahobatli yodgorlik oʻrnatildi. Bularning hammasi ushbu kitob xususida, uning tarixi, ahamiyati, meros sifatida qadr-qimmati toʻgʻrisida xalqimiz, xususan, yoshlar, bolalar uchun qiziqarli kitob yaratishni hayotiy zaruratga aylantirdi. Haqiqatan ham, kitob nihoyatda qiziqarli yoʻsinda, aniq maʼlumotlar asosida bitilgan. U hammabop boʻlishi uchun ham kirill, ham lotin alifbolarida nashr qilingan. Umuman aytganda, Omon Matjon boshlab bergan tashabbus oʻzini oqladi. Shu sababli kitob muallifi asarning yozilishi gʻoyasidan tortib,uning kitobxonlar qoʻliga yetib borishigacha barcha tashkiliy ishlari uchun Omon Matjonga, “Choʻlpon” nashriyoti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiradi. Oʻsha paytda nashriyotda uning imzosi bilan chiqarilgan har bir kitob ana shunday tarixiy zaruratlar natijasida, kitobxonlar talablari asosida chop etilgan.

Tashqaridan qaraganda juda sokin, muloyim, dunyoda tashvishi yoʻq odamday koʻrinadigan Omon aka yurt uchun, xalq uchun astoydil jon kuydiradigan insonlar toifasidan edi. U hayotda roʻy bergan biror voqeaga befarq qaramasdi, yutuq va kamchiliklar yonidan befarq oʻtib ketmasdi, ketolmasdi. Uning bolalik, yoshlik davri Xorazm viloyati, Yangibozor tumanidagi Bogʻolon qishlogʻida oʻtgan. Men u bilan qishloqdoshman. U qachon qishloqqa borsa, yutuqlardan quvonib, kamchiliklardan esa ranjib qaytardi. Bu quvonch va ranjishlar payti kelib, umumlashgan holda sheʼrlarida aksini topardi.

Qishlogʻimizda bogʻlar koʻp boʻlgani uchun shunday atalgan. Lekin oʻtgan asrning 80-yillari oʻrtalarida shoʻrolar rahnamolari buyrugʻi bilan bogʻlar yoʻq qilinib, oʻrniga paxta ekildi. Omon aka bir gal qishloqqa borib, xafa boʻlib qaytdi. Qishloqdan kelgach undan xol soʻrash uchun uyiga bordim.

— Qishloq nomini oʻzgartiramiz, — dedi u dabdurustdan.

— Nimaga? — hayron boʻldim.

— Bogʻi yoʻq qishloqni Bogʻolon deb atab boʻlmaydi, shuning uchun nomini “Paxtazor” qoʻyamiz...

Bu xususda boshqa gaplashmadik. Oradan bir yil oʻtganidan keyin qishlogʻimiz hududidagi kolxozga Omon akaning sinfdosh doʻsti Soliy Hayitboyev rais qilib saylandi.

Omon aka qishloqqa yana bir marta borib keldi. Bu gal shashti boshqacharoq, dadilroq edi. Erta bahorda rais doʻsti bilan Andijonga yoʻl oldi. Andijondan bir million tupdan ortiq sarxil meva qiladigan daraxt koʻchatlarini Bogʻolonga olib kelishdi. Salkam 100 gektar yerda bogʻ yaratishdi. Qolgan koʻchatlarni bogʻolonliklarga tarqatishdi. Oradan ikki yil oʻtib, yana shunday bir bogʻ barpo etildi. Bogʻolon oʻz nomiga munosib boʻla boshladi.

Oʻsha paytlarda shoʻrolar davlatining markazi Oʻzbekistondan faqat paxta talab qilib turgan jarayonda paxtazor oʻrniga bogʻ barpo etish nihoyatda qiyin ish edi. Bu ishni rais ham, shoir ham hayotlarini oʻrtaga qoʻyib amalga oshirgan edilar, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oradan 4-5 yil oʻtib Xorazmda bogʻlar barpo etishga astoydil kirishildi. Har bir tumanda oʻnlab bogʻlar yaratildi. Bular aslida Omon aka va Soliy aka boshlab bergan tashabbusning davomi edi.

Endilikda oʻsha bogʻ yana ham kengayib, yana ham ulgʻayib goʻzal maskanga aylandi. Bu yerda bogʻolonliklarning yuzlab oila vakillari tadbirkorlik bilan shugʻullanib, oila tebratishmoqda. Oʻsha paytda bogʻning nomini “Yoshlik” deb atashgan edi. Lekin bogʻolonliklar unga haqiqiy nomni berishdi. U “Omon Matjon bogʻi” deb yuritiladi.

Omon aka bilan tugʻilib oʻsgan yurtimiz Xorazmga koʻp marta birga borganmiz. Goh toʻy, maraka, goh anjuman, yigʻilish degandek. Eslasam, shoir bilan oxirgi safarimiz 2019-yilda boʻlgan ekan. Dastlab ziyoratgohlarga bordik, doʻstlarni, yaqinlarni yoʻqladik. Keyin Urganch shahrini aylandik.

Shaharning yangi bunyod etilgan dahalarini, koʻchalarini, xiyobonlari, maydonlarini koʻrdik. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Abulgʻozi Bahodirxon, Muhammad Rizo Ogahiy haykallarini ziyorat qildik. Urganch Davlat universitetining yangi binolaridan koʻzimiz yayradi. Shahar boʻylab sayrimiz aeroport yaqinidagi Muhammad Muso al-Xorazmiy va Abu Rayhon Beruniy bogʻlarida yakuniga yetdi.

— Xorazm ilmu maʼrifat, ijod ahli oʻlkasi. Bu yerda qancha allomalar oʻtgan, qancha shoirlar qalam tebratgan. Sanʼatkorlar bu yurtning dovrugʻini olamga taratgan. Mana, birgina Urganch shahrining oʻzida ulardan qanchasi ulugʻlanib, koʻchalar, maydonlar, xiyobonlarga nomlari qoʻyilgan. Bu ulugʻ ish. Lekin mening bir armonim, orzuim bor. Qani, endi shaharning mana shu al-Xorazmiy bogʻida nihoyatda muhtasham qilib ilm-fan, adabiyot va sanʼat muzeyi ochilsa, unga barcha xorazmiylar, xivaqiylar, gurganjiylar, kotiylar, xazoraspiylar, maʼmuniylar, zamaxshariylar va yana ming-minglab ulugʻ insonlarning nomlari bitilsa, asarlari qoʻyilsa, bu yurtga kelgan har qanday odam ular haqidagi hikoyalarni tinglabgina qolmay, tarix bilan yuzlashsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi!..

Omon Matjonning bunday orzulari, armonlari koʻp edi. Muzey barpo etish haqidagi orzusi shulardan biri edi.

Ha, Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonning oramizdan ketganiga bir yil boʻlibdi. Bir yilda hayotimizda qancha oʻzgarishlar, qancha yangilanishlar roʻy berdi. Shaharlar, qishloqlar qiyofalari oʻzgardi, katta bunyodkorliklar amalga oshirildi. Xalqimiz, millatimiz qalbida yangilanishlar boʻy koʻrsatmoqda. Bularning hammasi minglab, millionlab nigohlar koʻz oʻngida amalga oshirilmoqda., ular haqida aytilmoqda, yozilmoqda. Lekin, mening nazarimda, ana shu nigohlar orasida yana bir nigoh — Omon Matjon nigohi, atoqli shoir qalbi va soʻzi yetishmayotgandek. Agar u hayot boʻlganida yana qancha ishlarni amalga oshiradi, yana qancha sheʼrlar kitoblar sahifalariga bitilardi... Armonlarning cheki yoʻq. Nima boʻlmasin, u xalqi uchun oʻzidan yaxshi nom qoldirib ketdi.

Shoirning “Quyosh soati” kitobida shunday soʻzlar bor: “Xorazmda togʻlar yoʻq emas, bor. Xorazm togʻlari vohani tongda quyoshdan toʻsib qoʻymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi!

— Xorazmiy, Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Hojixon...” Mening nazarimda, ular yonida odam qiyofasidagi yana bir togʻ paydo boʻldi — uning nomi Omon Matjondir!

Kamol Matyoqubov,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?