Oliy Majlis Senati Raisi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdi

18:06 16 May 2023 Siyosat
1430 0

Shu kunlarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida boʻlib turibdi.

15-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.

Prezident Ilhom Aliyev Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyaning Ozarbayjonning buyuk farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100-yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining navbatdan tashqari yigʻilishida ishtirok etayotgani, ushbu mamlakatning umummilliy lideri xotirasiga koʻrsatilgan yuksak hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holatiga toʻxtalar ekan, Ilhom Aliyev ular izchil ravishda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Davlat rahbarlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va qardoshlik munosabatlari oʻrnatilib, oliy darajadagi tashriflar almashinuvining samarali mexanizmi yaratilganini taʼkidladi. “Oʻtgan yilning oʻzida men Oʻzbekistonga 3-marta tashrif buyurdim. Bu biz uchun mamlakatingizdan yaqinroq doʻst yoʻqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, — dedi Ilhom Aliyev.

Oʻz navbatida Oliy Majlis Senati Raisi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan keyingi yillarda Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani, ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasi deyarli barcha yoʻnalish va darajalarda kuzatilayotgani, muhimi, ikki qardosh mamlakat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar maydonlarida bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelayotganligiga alohida toʻxtaldi.

Shuningdek, Tanzila Narbayeva parlamentlararo muloqot ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangani, Oʻzbekiston va Ozarbayjon parlamentlari xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, bundan buyon ham ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish uchun parlamentlararo aloqalarning barcha imkoniyat va saʼy-harakatlarini ishga solinishini taʼkidlab oʻtdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini ikki mamlakat parlamentlararo muloqoti orqali rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, hamkorlikning turli yoʻnalishlari jumladan, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, energetika, sarmoyaviy va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, bugungi kunda Ozarbayjonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari masalan, toʻqimachilik va ipakchilikda IT-parklar va klaster tizimini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish va uni joriy etish masalasiga eʼtibor qaratilayotganligi taʼkidlandi.

Tarix, til, madaniyatning mushtarakligi oʻzbek va ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikni tasdiqlaydi. Shu maʼnoda uchrashuvda ikki xalq bir-birini tarjimasiz tushunishi, doʻstona munosabatlarni mustahkamlashning muhim sharti ham madaniy-maʼrifiy muloqot ekanligi aytib oʻtildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi qardoshlik aloqalari istiqbolli davom etishi muhimligi qayd etilib, ikki davlat yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan maxsus forum tashkil etish masalasini koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер