Oldingdan oqqan suv qadri
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bugun yer yuzi aholisining har toʻrtinchisi toza ichimlik suviga muhtojlikni his etib yashamoqda. Yana shunchasi sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan obihayotdan isteʼmol qilishga majbur. Qoʻshib hisoblaganimizda sayyoramizning 4,5 milliardga yaqin aholisi chuchuk suv muammosidan aziyat chekmoqda. Mutaxassislarning fikricha suv tanqisligi bundan buyon oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. U allaqachon bosim quroliga aylanganini bugungi kun notinchliklari yaqqol koʻrsatib turibdi.
Suv tanqisligi muammosi Markaziy Osiyo mintaqasiga ham daxldor. Chunonchi, mamlakatimizda ham aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Birgina Navoiy viloyati misolida oladigan boʻlsak, 2017-yil boshlarida hudud aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 68,2 foizni tashkil etardi. Bugungi kunda bu koʻrsatkich 85 foizdan oshgan boʻlsada, Xatirchida aholining 40, Qiziltepada 60 foizga yaqini toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Karmana, Navbahor va Konimex tumanlarining ayrim hududlarida grafik asosida ichimlik suvi yetkazib berishda hamon muammolar mavjud. Olis choʻl hududlarida aholining siyrak joylashganligigina muammoni boʻrttirib yubormay turibdi. Qishloq xoʻjaligi uchun ekin suvlariga ehtiyoj ham yildan yilga oshib, mazkur holatlar tabiatning bebaho neʼmatidan tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etmoqda.
Ushbu masalada xolisona munosabat bildiradigan boʻlsak, suvdan oqilona foydalanishda yaqin-yaqingacha samarali biror-bir tadbir amalga oshirilmaganligini qayd etish joiz. Faqat 2018-yil 27-dekabrida Prezidentimizning “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingachgina suv isrofining oldini olishda ijobiy loyihalar amalga oshirila boshlandi. Ushbu qaror asosida ekin-tikinda tomchilatib sugʻorishni joriy etish sharti bilan artezian quduqlar qurishga ruxsat berilib, ularni subsidiya orqali bilan ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyildi. Bundan koʻzlangan maqsad yer osti chuchuk suvlari zaxirasini saqlab qolishdir.
— Hovlimizdagi mana shu quduqqa oltmish yildan oshdi, — deydi Nurota shahridagi E. Sudur MFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Akmal Otaboyev. — Boshlanishida 12 metrdan suv berardi. Hozir chuqurligi ellik metrdan oshgan, bir qatra suvi yoʻq. Yigirma-yigirma besh yil avval bir oyda ikki marta Chashmaning suvidan hovlidagi dov-daraxtni sugʻorib turardik. Chashmayam tortilib, hammasi qurib qoldi.
Yer osti suvlari zaxirasining tortilishi faqat Nurota shahri yoki uning atrofidagi qishloqlargagina tegishli emas. Shuningdek, yer osti suv sathining pasayishida ulardan anʼanaviy usulda pala-partish foydalanish bilan birga hududlarda konchilik ishlari uchun quduqlar qazilishining ham oʻz taʼsiri bor.
— Anʼanaviy usulda bir gektar yerni sugʻorishga sarflangan suv bilan oʻsha yerni bir mavsum davomida sugʻorishni oʻz tajribamda koʻrganman, — deydi fermer Ulugʻbek Saʼdullayev. — Tomchilatib sugʻorishda birinchidan suv sarfida mablagʻ iqtisod qilinsa, ikkinchidan mineral oʻgʻitlar isrof boʻlishining oldi olinadi. Uchinchidan yer osti suvlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri sugʻorish tuproq va suv oʻrtasidagi harorat tafovuti sabab turli kasallanishlarga olib keladi. Tomchilatib sugʻorishda bunday xavf keskin kamayadi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi keyingi loyihalar taqdiri endilikda tomorqa egalari va fermerlarimizga ham bevosita bogʻliq. Zero, BMT ekspertlarining qayd etishicha, ayni vaqtda dunyodagi mavjud chuchuk suvning 99 foizi yer osti suvlari hisoblanadi. Dunyo aholisi isteʼmol qilayotgan toza ichimlik suvining yarmi, sugʻorish uchun ishlatilayotganlarining 25 foiz uning hissasiga toʻgʻri keladi. Navoiy viloyatida dehqonchilik uchun ishlatilayotgan suvlarning 90 foizga yaqinini chuchuk suv tashkil etadi. Ular Zarafshon daryosi va Amu Buxoro kanallari orqali qoʻshni mamlakatlardan keladi. Yaqin kelajakda suv ehtiyojining kamida 25 foizga oshishi bashorat qilinmoqda. Kezi kelganda taʼkidlash joiz, dehqonchilik qishloq joylarida aholining asosiy daromad manbai ekan bunda taqiqlash kabi choralar masalaga yechim boʻlolmaydi. Shu sabab mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2026-yil 1-martga qadar xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilgan holda Uchquduq tumanidagi Mingbuloq suv inshootida qoʻshimcha suv saqlash rezervuarlari qurish, Xatirchi tumani Maydonsoy mahallasidagi soy oʻzanida sel suvlarini yigʻish uchun Maydonsoy sel suv ombori qurish, Nurota tumani Sentob mahallasidagi soy oʻzanida sel suvlarini yigʻish uchun Sentobsoy sel suv omborini qurish vazifalari belgilangan.
Albatta, ushbu loyihalar kattagina mablagʻ talab etadi. Hududda dehqonchilik va ichimlik uchun chuchuk suv masalasiga batamom yechim boʻla olmaydi. Qolgani aholining suvdan foydalanish madaniyatiga bogʻliq. Zotan, suv resurslaridan oqilona foydalanish ularning kelajak avlodga yetishini taʼminlashda muhim omillardan biri hisoblanadi. Aks holda suv oqib ketaveradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring