OKMKda yillik rejalar uddalanmoqda

16:21 23 Noyabr 2022 Jamiyat
481 0

Foto: Халқ сўзи

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi korxonalar 2022-yil uchun belgilangan yillik reja topshiriqlarini izchillik bilan uddalamoqda. Bu yutuqlarda, albatta, oddiy ishchi-xizmatchilar, muhandis-texnik xodimlar, ruda qazib olish konlari, boyitish fabrikalari jamoalarining beqiyos hissasi bor.

Kombinatda keyingi yillarda olib borilayotgan modernizatsiya va yangilanish, ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash natijalari koʻzga tashlana boshladi.

«Qalmoqqir» kon boshqarmasining “Sariq Choʻqqi” konida mehnat qilayotgan fidoyilar joriy yilning 15-noyabr kunida ruda qazib olish yillik rejasini muddatidan oldin bajarishga erishdi.

— Koʻp millatli jamoamizning ahilligi va uddaburonligi tufayli ishlab chiqarishda yuqori natijalar qayd etilmoqda. Joriy yil boshidan noyabr oyining birinchi yarmigacha 4 million 800 ming tonna ruda qazib olishga erishdik. Bu yillik rejada belgilangan vazifalarni bajarishimizga asos boʻldi. Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida 2 million 846 ming metr kub hajmidagi togʻ jinsi qazib olinib, bu boradagi yillik reja ham uddalandi, — deydi karyer boshligʻi Abdumoʻmin Saparov. — Mehnat jamoamiz bundan tashqari ustki qatlam rejasi boʻyicha ham yaxshi natijalarni qoʻlga kiritdi.

Yuqorida qayd etganimizdek, bugun kombinat tarkibidagi barcha konlarda ish qizgʻin, yillik rejalar uddalanib, qoʻshimcha yutuqlar sari odimlanmoqda. Jumladan, OKMKning Surxon vohasida joylashgan «Xondiza» kon boshqarmasidan xushxabar olindi. Aslida bu mehnat jamoasi qator yillardan buyon ilgʻorlikni qoʻldan bermay kelayotir.

— Ishchilarimiz joriy yil oktyabr oyining dastlabki kunlaridayoq konsentratda mis metall ishlab chiqarish yillik rejasini bajirishgandi, — deydi «Xondiza» kon boshqarmasi direktori Botir Xujamuratov. — Joriy yil rejasi boʻyicha konsentratda 1545,6 tonna mis metall ishlab chiqarish vazifasi zimmamizga yuklatilgandi. Oʻtgan 9 oy natijalarining oʻziyoq ishlab chiqarish jarayoni jadallik bilan ildamlanganini koʻrsatdi. 1-oktyabr kuni yillik topshiriqni muddatidan oldin bajarishga erishdik. Mehnat jamoamiz erishayotgan yutuqlar bu bilan chegaralanmaydi. Kon boyituvchilarimiz konsentratda rux metall ishlab chiqarish borasida ham peshqadam.

OKMKda olib borilayotgan islohotlar, oqilona boshqaruv tizimi shakllangani, har bir ishchi-xizmatchi va muhandis-texnik xodimning oʻz vazifasiga sidqidildan yondashuvi, borcha korxona va konlarda ishlab chiqarish rejimiga qatʼiy amal qilinayotgani salmoqli yutuqlarga asos boʻlmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?