Oydin koʻchalar...

Bugun yurtdoshlarimiz farovon turmush kechirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli va maroqli oʻtkazishga intilmoqda. Buni hududlardagi madaniy hordiq chiqarish maskanlari, koʻngilochar majmualar, sayohat manzillarining doimo aholi bilan gavjumligidan ham bilish mumkin. Ilgari ushbu majmualarning aksari faqat kunduzgi vaqtlarda ishlar, bu shahar joylarda tunda ham faoliyat yuritadigan savdo va servis xizmatlari, madaniy, koʻngilochar majmualarga boʻlgan talabni yuzaga keltirayotgandi.
Qarshi shahrida 2 ta koʻchadagi barcha savdo va xizmat koʻrsatish majmualari kunu tun faoliyat yuritadigan boʻldi. Ulardan biri Qarshi shahrining “Vatanparvarlar” bogʻi hududida joylashgan. Bu joyning tanlanishi bejiz emas. Shaharning ikkita yirik koʻchalarni bogʻlaydigan ushbu koʻchaning umumiy uzunligi qariyb bir kilometrni tashkil etadi. Uning bir yonida “Vatanparvarlar” bogʻi, bogʻ hududida ochiq suv havzasi, ikkinchi tomonida yangi barpo etilgan koʻp qavatli uy-joylar massivi joylashgan.
Shu vaqtga qadar ushbu koʻcha boʻyida zamonaviy mehmonxona, bir nechta savdo va ovqatlanish shoxobchalari joylashgan edi. Uning 24/7 rejimiga oʻtkazilishi munosabati bilan hududda 550 metr piyodalar yoʻlagi pardozlandi, 400 metr asfalt yoʻl yotqizildi, 4 000 metr kvadrat hududga bruschadka terildi, 16 dona oʻrindiqlar oʻrnatildi. Mavjud 8 ta obyektning faoliyati kengaytirilib, yana 52 ta obyekt yangidan tashkil etildi. Jumladan, sport va sogʻlomlashtirish majmualari, goʻzallik salonlari, zamonaviy kafe va restoranlar, bolalar attraksionlari hamda boshqa shu kabi savdo va koʻngilochar shoxobchalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Biz bu yerga soat tungi 23:30 lar atrofida bordik. Odam gavjum. Kimdir farzandini attraksionda uchirmoqda, kimdir muzqaymoqxoʻrlik qilyapti, yana kimdir shunchaki ochiq havoda favvoralarning rango-rang raqsini tomosha qilib oʻtiribdi.
– Oʻzim universitetda oʻqituvchi boʻlib ishlayman, turmush oʻrtogʻim harbiy sohada faoliyat yuritadi, – deydi Nigora Ashurova. – Kunduz kunlari bolalar bilan sayrga chiqishga, koʻngilochar majmualarga borishga vaqt boʻlmaydi. Bugun bu yerga kelib, yarim tunga qadar maza qilib aylanib yuribmiz. Shahrimizning kundan-kun chiroy ochib, zamonaviylashib ketayotganini yana bir bora his etdik.
– Bu yerdagi manzarani koʻrib, kunu tunni farqlolmay qolasiz, – deydi Shuhrat Bekjonov. – Oʻzim besh yil davomida Janubiy Koreyada ishlaganman. U yerda tunu kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat koʻrsatish majmualari koʻp. Endi shahrimizda ham bunday goʻzal, zamonaviy majmualar koʻpayayotganidan xursandmiz.
Eʼtiborlisi, ushbu koʻchada yangi subyektlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi natijasida yana 350 dan oshiq kishining doimiy ish bilan bandligi taʼminlandi.
Jahongir BOYMURODOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring