Oilalarga qoʻshimcha daromad

17:05 12 Oktyabr 2023 Jamiyat
711 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida joylashgan “Oʻqchi” MFYning asosiy drayveri meva-sabzavot yetishtirish boʻlib, aholi xonadonlarida yetishtirilayotgan shirin-shakar mevalar, sarxil sabzavotlar vodiy bozorlarida ancha mashhur.

— 5300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan mahallamizda har bir oila oʻz tomorqasidan yaxshi daromad oladi, — deydi “Oʻqchi” MFY raisi Obidjon Soliyev. — Mahallamizda yiliga toʻrt marotabagacha hosil olib, yetishtirgan mahsulotini xorijga eksport qilayotgan mirishkor oilalar koʻpchilikni tashkil etadi.

Mehnat faxriylari Yusufbek va Hikmatxon Roʻzmatovlar moʻjazgina tomorqasida har yili oʻrtacha 2 tonna uzum yetishtiriladi. Uzumni mahalliy tadbirkorlar koʻmagida eksport qilish orqali ushbu oila yiliga 18 – 20 million soʻm daromad oladi.

Shuningdek, xonadondagi 4 sotix yerda achchiq qalampirning 5 xil navi parvarishlanib, har sotix yerdan 2,5 – 4 million soʻm daromadga ega boʻlishadi. Erta koʻklamda buyurtma asosida qalampir koʻchatlari tayyorlab berish oilaning yana bir qoʻshimcha daromad manbaidir. Konserva qilinib ichki bozorda sotiladigan achchiq qalampir qishda oila tirikchiligi bekamu koʻst boʻlishini taʼminlaydi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?