Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

03:30 10 Mart 2022 Hujjatlar
11808 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur 1-ilovaga muvofiq;

2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturni 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:

byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan ayollarga har oy uchun minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi;

mazkur yuridik shaxslarning ushbu band ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan xodimlar oldidagi majburiyatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlangan homiladorlik va tugʻish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.

3. Xotin-qizlarga taʼlim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

a) oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki taʼlim shaklida oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion soʻm resurs mablagʻlari yoʻnaltirilsin.

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan mablagʻlarni ajratish grafigini tijorat banklari kesimida tasdiqlasin;

b) davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard soʻm moliyalashtirilsin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022-yil 1-sentyabrga qadar davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan xotin-qizlarning davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida roʻyxatini shakllantirsin hamda 2022-yil 1-oktyabrga qadar kontrakt toʻlovlarini qoplab bersin;

v) xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha – 50 nafar, magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratib borilsin.

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ushbu kichik bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga har yili Davlat byudjetidan kamida 6 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin;

g) har yili Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) tavsiyalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontraktlari mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirish, ularga tavsiyalar berish va taʼlim kontraktlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qoʻmita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Davlat test markazi (M.M. Karimov) bir oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan alohida kvotalarni davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash, xotin-qizlarga tavsiyalar berish, alohida test sinovlarini oʻtkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ye) davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilsin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda xotin-qizlar uchun mazkur kichik bandda nazarda tutilgan maqsadli kvotalar davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari kesimida tasdiqlanishini taʼminlasin.

4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi, «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi va “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasining:

asosan xotin-qizlarga dizayn, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari, tarmoqlar iqtisodiyoti, marketing va talab yuqori boʻlgan boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim beradigan alohida universitetni;

ushbu universitet huzurida paxta-toʻqimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida bosqichma-bosqich hududiy texnikumlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov), Qoʻmita (Z.B. Maxkamova), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) ikki oy muddatda universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish, uning moddiy-texnika taʼminoti va joylashtirilishi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Xotin-qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov):

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bilan birgalikda har yili mart oyida amaliy innovatsion loyihalar boʻyicha “Olima ayol” tanlovini oʻtkazib borsin;

ikki oy muddatda “Boʻlajak olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovini oʻtkazish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kamida 10 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

6. Qoʻmita, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Qoʻmita huzurida “Olima ayollar jamiyati”ni tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Olima ayollar jamiyati”ni tashkil etish chora-tadbirlari boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda “Olima ayollar jamiyati”ga xotin-qizlarni amalda qoʻllab-quvvatlash va yanada ragʻbatlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard soʻm ajratilishi nazarda tutilsin.

7. 2022-yil 1-iyundan boshlab davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga oʻqitishning yangi tartibi joriy etilsin. Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;

malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;

oʻquv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;

malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun oʻqish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;

malakani baholash markazlari tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf oʻquvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida qoʻshimcha kurslarda oʻqitish boʻyicha davlat buyurtmasi beriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga oʻqitish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan 2022-yilda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashadigan hamda ularning muammolari bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlariga 17,1 milliard soʻm miqdoridagi grant mablagʻlari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qishloq joylaridagi ayollarni kasbga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan taʼminlash loyihalarini amalga oshirish maqsadida 2023-yildan boshlab:

har yili nodavlat tashkilotlarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 ming baravari miqdorigacha grantlar berish uchun Davlat byudjetidan kamida 50 milliard soʻm Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga ajratib borilsin;

tuman (shahar) sektor shtablari joylashgan binolarning kamida bittadan xonasida oʻquv kurslarini oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

9. 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarining reyestri (keyingi oʻrinlarda – Reyestr) joriy etilsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev):

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar tumanlarda mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylari roʻyxatini shakllantirsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, 2022-yil 1-sentyabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar Reyestrga kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar boʻlgan va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga:

Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan obyektlar boʻyicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi 50 foiz imtiyoz qoʻllagan holda hisoblanadi;

ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq toʻlash fondiga ijtimoiy soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;

byudjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 750 baravarigacha boʻlgan mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqi beriladi;

ular tomonidan koʻchmas mulk ijaraga olinganda 3-ilovaga muvofiq imtiyozlar beriladi.

10. Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlanganligi, Oliy Majlis Senati raisi T.K. Narbayeva – komissiya raisi hamda Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.M. Rafikov – komissiya raisi oʻrinbosarlari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi (T.K. Narbayeva) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi”ni tasdiqlasin va ijroga qaratilishini taʼminlasin:

a) Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha alohida oʻquv kurslarini tashkil etish hamda har yili kamida 100 nafar xotin-qizlarni oʻqitish;

b) 2024-yil 1-yanvarga qadar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xodimlari orasida xotin-qizlarning ulushini kamida 30 foizga yetkazish;

barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar oʻrinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash. Bunda mazkur talab tegishli tashkilot rahbari xotin-qizlar orasidan tayinlanganda yoki unda faqat bir nafar oʻrinbosar boʻlgan taqdirda majburiy hisoblanmaydi.

11. Moliya vazirligi (T.A Ishmetov) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022-yilda qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratsin.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S.M. Xolxoʻjayev, A.A. Kamalov, D.Sh. Sultanov) 2022-yilda mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning jami 4 trillion soʻm qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) uch oy muddatda xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 300 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishini taʼminlasin.

13. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil 1-apreldan boshlab:

tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million soʻmdan 10 million soʻmga oshiriladi;

“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2024-yillarga moʻljallangan “Biznes ayollar” dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

tadbirkorlik subyektlari orasida xotin-qizlarning ulushini 40 foizgacha yetkazish;

xotin-qizlarga oʻz tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yoʻlga qoʻyish uchun 35 million soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratish.

15. 2022-yil 1-iyundan boshlab mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi oʻrinlarda – markazlar) tashkil qilinsin. Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni barpo etish uchun har bir mahalladan 300 kvadrat metrgacha boʻlgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki boʻsh turgan davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida mahallalarga ajratsin;

Markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan barpo etilishi nazarda tutilsin;

barpo etilgan markazlar mahallalar tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijaraga berilsin.

16. Xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:

a) 2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltirilsin;

b) 2022-yil 1-apreldan boshlab uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun ijtimoiy uy-joylarni “Xalqparvar” komissiyalari bilan kelishgan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan sotib olishga ruxsat berilsin;

v) uy-joyga muhtoj, jumladan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi, lekin koʻpi bilan 500 ming soʻmgacha boʻlgan qismi “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin. Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2022-yildan boshlab zarur mablagʻlar ajratib borilsin;

ushbu bandda koʻrsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb oʻrganish, mehnat qilish imkoniga ega boʻlsa, mustaqil yoki Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi asosida ishga joylashish boʻyicha ijtimoiy majburiyatlarni yuklash tartibi joriy etilsin.

17. 2022-yil 1-apreldan boshlab:

a) boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarning:

farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga toʻlanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinsin;

3 yoshgacha boʻlgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga Davlat byudjetidan subsidiyalar belgilangan tartibda ajratilsin;

b) toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilsin;

v) kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar oʻz huzurida maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin.

Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.V. Shin) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning «v» kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Belgilansinki:

aliment toʻlovchining boshqa ijro hujjatlari boʻyicha majburiyatlari mavjud boʻlganda, qarzdordan undirilgan mablagʻlar aliment toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik toʻliq qoplangandan soʻng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment toʻlovlaridan joriy qarzdorlik toʻliq qoplangandan soʻng undiriladi;

aliment majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlab kelayotgan va qidiruvga eʼlon qilingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.

19. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) va Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) uch oy muddatda aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin. Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:

a) aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qarzdorlik toʻliq bartaraf etilguniga qadar:

qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;

qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʻrsatmaslik;

b) aliment boʻyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash.

20. Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilsin va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 milliard soʻm ajratilsin.

Belgilansinki, sud qarori bilan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʻlarni uch oy ichida undirish imkoni boʻlmagan hollarda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari aliment toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʻla toʻlash uchun yoʻnaltiriladi hamda keyinchalik aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan aliment toʻlovlaridan qarzdorlik toʻlanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida:

a) Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev) ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim boʻlgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar, reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanishga muhtoj boʻlgan 10 ming nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizlar roʻyxatlarini Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etsin;

b) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bilan hamkorlikda 2022-yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda 2022-2025-yillar davomida 227 ta tugʻuruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni toʻliq taʼmirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilsin;

v) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022-yilda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar ajratilishini taʼminlasin:

yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga qoʻshimcha – 100 milliard soʻm;

nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash uchun Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga qoʻshimcha – 17 milliard soʻm;

barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi “Onko-nazorat” (“Cancer – nazorat») ayollar koʻrik xonalarini tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy vositalar bilan jihozlash uchun – 20 milliard soʻm;

9-12 yoshdagi 815 ming nafar oʻsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi hamda 12 turdagi vaksinalar bilan emlash uchun – 200 milliard soʻm.

22. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) 2022-yil 1-iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;

chet el fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va Oʻzbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash boʻyicha majburlov choralarini qoʻllamaslik;

ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

yaqin qarindoshi boʻlgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni va nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;

ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlagan shaxsga nisbatan haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi maʼmuriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.

23. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda:

iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash hamda intellektual va innovatsion tashabbuslarini rivojlantirish maqsadida “Bilimdon qizlar” telekoʻrsatuvi;

turli sohalarda yutuqlarga erishgan xotin-qizlar toʻgʻrisida ibo-hayo, poklik, sabr-toqat va ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targʻib qiluvchi “Ayol muvaffaqiyati” ruknidagi teledasturlar tayyorlanishi hamda efirga uzatilishini taʼminlasin.

24. Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan oilalarga beriladigan “Ibratli oila” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin
va uni 15-may Xalqaro oilalar kunida topshirish tartibi belgilansin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bir oy muddatda “Ibratli oila” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

26. Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida:

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva – 10-band;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvahitov – 3-band;

Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova – 1, 4, 5, 22-25-bandlar;

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov – 2, 6-9, 11, 13-16, 20-bandlar;

Bosh vazir oʻrinbosari S.Oʻ. Umurzakov – 12-band;

Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev – 17-19, 21-bandlarda nazarda tutilgan tadbirlar ijrosi sifatli va oʻz vaqtida taʼminlanishi uchun masʼul va javobgar etib belgilansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva va Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova har uch oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?