“Oʻgʻlonlar omon, yurt tinch boʻlaversin”

18:20 12 Yanvar 2026 Jamiyat
357 0

Kenja oʻgʻlim Jobirbek bolalikdan ancha shoʻx, texnikaga ixlosi baland boʻlgan. Balogʻatga yetib armiyaga chaqirilganida ham tankchilar qismiga tushdi. Qiziqish va uquvi asqatib jangovar mashinani boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatishni tezda oʻzlashtirib olganidan ekipaj yetakchiligini ishonib topshirishgan. Bir yillik muddat oxirlagan paytda oʻgʻlim armiyada qolib, shartnoma asosida xizmatni davom ettirishga qaror qilganini aytganida avvaliga javob qaytarishga ikkilanganim kechagidek esimda. Axir onaning koʻngli hamisha bolada, koʻzimdan uzoqlashmasin, deganmanda. Jobirbek meni koʻndirdi. Shunga ham oʻn besh yildan oshibdi.

Hayotini harbiylik bilan bogʻlagan oʻgʻlimning askarlik turmushiga biz ham birdek koʻnikib ketdik. U bilan kunda kunora oʻtkazib turadigan telefon suhbatlarida xizmatidagi yangiliklar, quroldosh doʻstlari bilan naqadar inoqlashib ketganligi, eng muhimi, komandirlarining ishonchini qozongani haqidagi xushxabarlari bilan koʻnglimizni togʻday koʻtarar, xotirjamligimiz ortib, sogʻinch tuygʻularini yumshatardi.

Samarqand uncha uzoq emas, ham diydor, ham sayohat degandek orada dadasi bilan askar bolamni tez-tez yoʻqlab turishni odatga aylantirdik. Uylanganidan soʻng unga berishgan shinamgina xonadon kelin-kuyovga birdek yoqib tushadi. Kechga tomon oʻgʻlim ishdan qaytgach oʻzaro suhbat qiziydi. Oradan koʻp oʻtmay farzandli ham boʻlishdi. Har gal mehmonga borib jajji nabiramni qoʻlga olganimda, Jobirbekning chaqaloqlik pallasi yodimga tushadi.

Armiya hayoti ham kunda bir yangilik, koʻngilni quvontiradigan xabarlarga toʻla. Ayniqsa, kasbiga sadoqatli, topshiriqlarni aʼlo darajada bajaradigan xizmatchilarning mehnati hamisha qadrda. Bundan ikki yil avval oʻzining tank brigadasi bilan Rossiyada 24 davlatdan ishtirok etgan jangovar mashina egalari harbiy musobaqasida katta serjant Jobirbek va uning quroldosh doʻstlari faxrli birinchi oʻrinni egallab, butun yurtimizga katta sharaf keltirganligi hali-hamon koʻpchilikning yodida. Oʻsha yili Davlatimiz rahbari farmoni bilan Jobirbegimning koʻksini Shuhrat medali bezagan chogʻda esa oʻzimga sigʻmay quvonganimni asti qoʻyaverasiz.

Bilasizmi, onaning baxti nimada? Eng avvalo, farzandlarining kamoli, baxtu saodatida. Dilbandi hayotda munosib oʻrin topib, jamiyatga nafi tekkan ota, onalar kunda bir yasharadi. Toʻrt oʻgʻil, bir qizni ulgʻaytirib el safiga qoʻshganimdan baxtiyorman. Jobirbegimning sharafli kasb – yurt posboni vazifasida sobit turganligi esa oʻzgacha gʻurur bagʻishlaydi. Ilohim, oʻgʻlonlar omon, yurt tinch boʻlaversin!

Santalat IMOMNAZAROVA,

Namangan viloyat Mingbuloq tumani Qoʻgʻalikoʻl

mahallasida yashovchi mehnat faxriysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?