Ogʻir mahalladan obod mahallaga
Kechagina “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali qoʻllab-quvvatlanib, oʻzini ish bilan taʼminlayotgan fuqarolar bugun mahallasining ish beruvchi tadbirkoriga aylanayotgani yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning yaqqol samarasidir. Bir paytlar yordamga muhtoj, deb qaralgan oilalar va yoshlar bugun oʻz mehnati, intilishi va qatʼiyati bilan nafaqat oʻz roʻzgʻorini tiklamoqda, balki boshqalarga ham ish oʻrni yaratib bermoqda. Chindan ham, qoʻllab-quvvatlovni toʻgʻri anglab, imkoniyatini topgan inson har qanday sharoitda qiyinchiliklarni yengib oʻtishga qodir. Bugun “ishsiz mahalla” yoki “kam taʼminlangan oila” degan qarashlarni tarixga aylantirayotgan, oʻz taraqqiyoti bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan mahallalar Andijon viloyatida ham tobora koʻpayib bormoqda.
Joriy yilda viloyatdagi mavjud 16 ta shahar va tumandan 32 ta ogʻir mahalla tanlab olinib, aynan shu hududlarda manzilli ishlar tashkil etildi. Natijada mahallalarning infratuzilmasi shakllanib, aholi hayotida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Yoʻl, elektr, suv kabi eng zarur masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Xususan, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha 198 kilometrdan ortiq masofada shagʻallash, asfaltlash va taʼmirlash ishlari bajarildi. Elektr taʼminotida uzluksizlikka erishish maqsadida 66 ta yangi transformator punktlari oʻrnatilib, 58 tasi taʼmirlandi. 3600 ta beton tayanchlar qoʻyildi, 154 kilometr masofaga yangi elektr tarmoqlari tortildi. Ichimlik suvi taʼminoti ham chetda qolmadi: 56 kilometr yangi tarmoq barpo etildi, 3451 metr quvur taʼmirlandi, 4 ta yangi suv inshooti qurilib, 19 tasida taʼmirlash ishlari olib borildi. Bularning barchasi qogʻozda emas, odamlar hayotida sezilayotgan oʻzgarishlardir.

Masalan, Paxtaobod tumanidagi “Hayotbaxsh” mahallasini olaylik. Bu yerda joriy yilda 191 ta beton tayanch oʻrnatildi, 10 kilometr masofaga elektr tarmoqlari tortildi. Eng asosiysi, 29 kilometr ichki yoʻllar asfaltlashtirildi.
— Koʻchalarimiz loyligidan yurib boʻlmasdi, — deydi ushbu mahallada yashovchi Zaynabxon Mamasoliyeva. — Yozda mayli, lekin kuz-kish faslida yomgʻir yogʻsa, bolalarimiz 1,5–2 kilometr yoʻl bosib, maktabga qatnardi. Bugun esa 17 km.dan iborat koʻchalarimizning hammasi asfaltlandi. Yigirma olti yil ichimlik suviga yechim topolmaganmiz. Mahallamizning quyi qismida oquvchi kanaldan suv tashib ichgan kunlarimiz boʻldi. Shukrki, hozir har bir xonadonda toza ichimlik suvi bor. Tabiiy gaz, elektr bilan bogʻliq muammolar ham ortda qoldi. Bu kunlarga yetib kelish oson boʻlmadi.
Bunday oʻzgarishlar faqat bitta tuman yoki mahalla bilan cheklanib qolgani yoʻq. Viloyatning boshqa hududlarida ham ishlar izchil davom etmoqda. Baliqchi tumanining oʻzida 18 ta mahalla binosi taʼmirlanib, zamonaviy qulayliklar yaratildi, 2 tasi yangitdan qurildi. Shu bilan birga, 14 ta maktab, 10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 8 ta poliklinika taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.
— Ilgari kasal boʻlib qolsak, tuman markaziga borishga majbur edik, — deydi “Goʻravon” mahallasida yashovchi Abdurahmon Chirmashev. — Endi esa mahallamizning oʻzida 18-oilaviy poliklinika ish boshladi. Sharoiti juda yaxshi. Shu yerning oʻzida koʻrikdan oʻtib, tashxis qoʻyiladi, kunduzgi statsionarda davolanish uchun hamma imkoniyat bor.
Ogʻir mahallalardagi ishlar faqat infratuzilma bilan cheklanib qolmayapti. Aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish, oʻz imkoniyatlarini ishga solish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda jami 23 ming 600 ta xonadonda kuzgi ekinlar ekish ishlari olib borildi. Bu esa koʻplab oilalar uchun qoʻshimcha daromad, dasturxonga baraka degani.

— Hamma narsa harakatga bogʻliq, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli mahallada yashovchi mehnat faxriysi Nabijon Rahmatullayev. — Hovlimiz, yerimiz bor, dehqonchilik qilishga, chorva yoki parranda boqishga sharoit boʻlsa, nega foydalanmasligimiz kerak? Axir bu tayyor daromad manbai-ku. Shaxsan oʻzim bir yilda oʻrtacha 200 million soʻm sof daromad olaman. Asalarichilik qilaman, qoʻy-sigir boqaman, limon yetishtirib, koʻchatchilik bilan shugʻullanaman. Salkam 70 yoshni qarshi olsam ham tinmayman. Hovlimda ish qilsam, tanam yayraydi. Ham sogʻlom yuraman, ham daromad topaman. Ehtiyojmand oilalarni koʻrsam, uyimga chaqirib qoʻliga koʻchat tutqazaman. Shu koʻchatni parvarish qilsang, bir-ikki yilda kamida 10 million daromad qilasan, deyman. Men yaxshi sharoitda yashab turib, kimdir qiynalib yursa, befarq qaray olmayman. Odamlarga mehnat qilishni, oʻzini boqishni oʻrgatish kerak.
Bugun amalga oshirilayotgan islohotlarning asl mohiyati qogʻozda yoki shiorlarda emas, balki har bir insonning kundalik hayotida, qilgan mehnati va erishgan natijasida namoyon boʻlayotgani quvonarlidir. Agar har kim “men nima qila olaman?” degan savol bilan ish boshlasa, inson qadri haqiqiy maʼnoda yuksaladi. Yurtimiz yanada obod va farovon boʻladi. Chunki inson qadri — bu eʼtibor, ishonch va amaliy mehnat bilan barpo etiladigan ulugʻ qadriyatdir.
Saminjon HUSANOV,
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring