Odob – fazilatlarning bezagi

12:52 17 Oktyabr 2024 Jamiyat
562 0

Istam IBROHIMOV/«Xalq soʻzi». Tumanlararo qatnovchi avtobusga chiqqan keksalardan biri “Boʻsh joy bormikan?” degan oʻyda yon-atrofga jovdirab qaradi. Baxtga qarshi, barcha oʻrindiqlar band, joy yoʻqligidan salonda tik turib kelayotgan yoʻlovchilar ham ancha edi.

Shunda bir ayol “Oʻgʻlim, shu kishiga joy bersangiz yaxshi boʻlardi”, – deya nasihatomuz yuzlandi oʻrindiqlardan birida oʻtirgan oʻspiringa.

– Nega joy berar ekan? Shopirga kira haqini toʻlaganmiz, – ters javob keldi oʻspirinning ortidagi oʻrindiqdan.

Aftidan, bu oʻsha bolaning onasi edi.

Oʻrtada bir lahza sovuq sukunat choʻkdi. Boyagi ayol oʻzini bosdi. Gapirmadi. Toʻgʻri ham qildi. Aks holda oʻrtada janjal koʻtarilib, kayfiyati tagʻinda buzilishi tayin edi. Qolaversa, odobli, es-hushi joyida yoshlar oz emas. Ulardan biri otaxonga joy boʻshatib berdi. Hatto kechikibroq koʻrib qolibman, degan maʼnoda uzr ham soʻragan boʻldi.

Biz otasi tengi kishiga oʻzi tugul, farzandining ham joy berishini istamagan ayolni kuzatdik. Taajjubki, unda bir kishining koʻnglini ogʻritganidan zigʻircha afsusni sezmadik. Pinagini ham buzmadi, desak toʻgʻriroq boʻladi. Unda xijolat chekish alomatidan asar ham yoʻq edi. Holbuki, shu kichik bir holatdan soʻng yoʻlovchilarning eʼtibori unga qaratilgan, bu nigohlarda odobsizlarcha munosabatga munosib javob mujassam edi. Shunda Lev Tolstoyning “Odamning maʼnaviy kamolotda qay pogʻonaga koʻtarilganini nimadan uyalishi va uyalmasligidek aniq koʻrsatib beradigan narsa yoʻq”, degan soʻzlarini esladik.

Oʻsha ayol bir ogʻiz soʻzi bilan maʼnaviy dunyoqarashi nechogʻli ekanini koʻrsatdi – qoʻydi. Bir jihati, shunday tor fikrli, xudbin ona qoʻlida tarbiyalanayotgan oʻspiringa ham achinasan, kishi. U oʻzini bir lahza boʻlsa – da oʻsha keksa kishi oʻrnida qoʻyib koʻra olarmikan? Koshkiydi, qoʻyib koʻrolsa...

– Adashmasam, oltinchi sinfda oʻqigan chogʻlarimiz edi, – deya eslaydi tanishlarimizdan biri. – Darsga qoʻngʻiroq chalinib, oʻzbek tili va adabiyoti fanidan saboq beruvchi muallimimiz sinfxonamiz tomon kela boshladi. Tengdoshlarim shosha – pisha xonaga kirishdi. Men ulardan soʻng kirayotib sinfxona eshigini qattiq yopdim – da partamga borib oʻtirdim. Muallim kirib keldi. U darsni boshlar ekan, “Oʻqituvchi kelayotganini koʻrib eshikni yopish odobdan emas”, deb qoʻydi. Bu gap avvalo menga qarata aytilganini ich – ichdan sezib, xijolat chekdim. Shu kichik bir voqeaga ham mana, oʻttiz yilcha boʻlibdi. Oʻqituvchimning bu sabogʻini hali – hanuz unutmayman...

Otang oʻtirgan uyning tomiga chiqma, degan naql bor. Topib aytilgan gap. Shu hikmatga hamma birdek amal qilganida dunyoning gʻam-tashvishli damlari xiyla kamayarmidi? Mana, qishloqdoshimiz Yandash piyonni olib koʻring. Salkam qirq yoshda. Ammo biror joyda yolchitib ishlagan emas. Xotinining oshxonada ishlab topgan puliga koʻz tikib turadi. Qoʻliga uch – toʻrt soʻm kirgan zahoti ulfatchilik qiladi. Tun yarmida shirakayf holda uyga qaytadi. Tinchgina kirib uxlasa – ku mayli. Ammo arzimas bir bahona topib xotiniga baqiradi. Keyin yoshi qaytib qolgan otasiga zahrini sochadi. Qoʻshnilarning tinchini buzadi.

Shoʻrlik otasi mahalladoshlarning koʻziga tik qaray olmaydi. Qandoq ham qarasin? Bu yogʻi “Oʻzingdan chiqqan balo...”, degan gap bor.

Yandash deganimizning ota – onasi uni erka – tantiq qilib oʻstirmaganida, fahm – farosatli, es – hushli, odobli qilib tarbiyalash haqida qaygʻurganida, mehnat ortidan bir parcha non topib yeyishni oʻrgatganida balki bunday xorlikka duchor boʻlmasmidi, degan oʻyga borasan, kishi.

Donishmandlardan biri odobga fazilatlarning bezagi, deya taʼrif bergan. Odobni odobsizdan oʻrgan, degan naql ham bor. Nima boʻlganida ham, farzandlarimizni odob-axloqli, es-hushli, oq bilan qorani ajratib biladigan qilib tarbiyalashdek muhim ishga panja orasidan qaramaylik. Axir, xalq maqolida bejiz aytilmagan: “Kiyimiga qarab kutib olinadi, aqliga qarab kuzatiladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?