Odamiylikning eng oliy mezoni

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Bemor ikki olam oʻrtasida hayot uchun kurashmoqda. Hayot goʻzal, yashash baxt. Bemorga qon kerak, u koʻp qon yoʻqotgan. Bir tomchi qon, ming tomchi qon... Xullas, unga hayot baxshida etuvchi toza inson qoni... Mana shunday ogʻir lahzalarda donor degan hayot baxsh etuvchilar oʻsha bemorning joniga oro kiradi. Ikki olam oʻrtasida oʻlim bilan kurashayotgan insonga qon berib, uning qiyomatlik qondoshiga aylanadi. Bu har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi.
Donorlar qadrini boshiga ish tushganlar bilishadiki, hayotga qaytgan inson birgina “Dunyo turguncha turing...” – degan iltijoli kalomi bilan dil izhorlarini bayon qiladi, xolos. Aslida bu kalom ortida jon talash boʻlib yotgan insonning qalb tubidagi eng toza tilaklari boʻladi. Donor – toza qon egasi, qolaversa, kimga, qaysi bemorga qon berganini bilmaydi, lekin kimning boʻlmasin, bir insonning hayotini saqlab qolganini biladi. Balki u bemor dard bilan olishayotgan erkakdir, ayoldir, ehtimol, begʻubor qalb egasi boʻlmish bolakaydir... U yashashi, xastalikni yengishi kerak.
Ozarbayjonlik mashhur shoira va davlat arbobi Ganira xonim Pashayeva vafotidan oʻn yil oldin – 2013-yilda yozgan vasiyatini oʻqing. Mana shu vasiyatdan bir parcha:
«Koʻpdan beri meni oʻylantirib kelayotgan bir masala bor va men unga yuragimdan joy berdim. Men bu masalada birinchi navbatda oʻzim qaror qilishim kerak edi. Bir qarorga kelganimga ishonch hosil qilgan zahoti, nihoyat, onam, singlim, qisqasi, oilam bilan ochiq suhbat qurishga, ahdimni aytishga qaror qildim. Bunday suhbat ular uchun psixologik jihatdan ogʻir kechgan boʻlsada, shukrki, qarorim mohiyatini (uzoq bahs-munozaralardan soʻng boʻlsa ham) tushunishdi.
Ushbu qadamni qoʻyish orqali biz yana hayotga qaytolmasak, boshqa birovga yashashga yordam bera olamiz. Organ donorligi — bu insonning oʻlimidan keyin uning aʼzolarini boshqa odam uchun ishlatishga ruxsat berish harakati. Masalan, hayoti dializ apparatiga bogʻliq boʻlgan buyrak kasaliga qabrda hech bir oʻlgan odamga kerak boʻlmaydigan buyraklar bilan hayotga qaytishiga yordam bera olamiz...»
Nurafshon shahridagi Muqimiy mahallasi “Ziyolilar” koʻchasida istiqomat qiluvchi Maqsudjon Qoʻshmatov “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining Nurafshon shahri suv taʼminoti korxonasida iqtisodchi boʻlib ishlaydi. Oʻz qoni bilan koʻplarning hayotini saqlab qolishga hissa qoʻshayotgan donorni shu kunlarda muborak 80 yoshni qarshilab umrguzaronlik qilayotgan Mavluda aya Qoʻshmatova dunyoga keltirgan. Maqsudjon shahardagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabini tugallab, Toshkent shahridagi Hisob-kredit texnikumida oʻqidi. Yigitlik burchini bajarib qaytgach, necha yildirki ota kasbida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Mavluda aya ham uch yildan buyon faol donorlardan hisoblanadi. Ona-bola donorlar odamlarga hayot baxsh etishdek ezgu va xayrli ishning boshini tutgan farzandi bilan faxrlanadi. Aslida sogʻlom va jismonan baquvvat insonlardagina toza qon boʻladi. Shu qon xasta bemor vujudiga kirib, chanqagan organizmni suvga toʻyintirgani kabi toʻyintiradi, oziqlantiradi, jonlantiradi, tibbiyot tili bilan aytganda, qaytadan hayot baxsh etadi. Donorlikning masʼuliyati bilan birga sharafi ham juda katta. Buni dildan his qilgan Maqsudjon Qoʻshmatov hech ikkilanmay, bir yilda 4-marta 450 grammdan toza qon topshiradi.
Qahramonimiz qadrdon doʻsti – “Begʻaraz donor” guruhi aʼzosi, faol donor Bahrom Qoʻchqorov taʼkidlaganidek, bu ishning savobi katta, qon berish jonni saqlab qolish bilan barobar, degan aqidaga amal qilib ish tutadi.
Ellik uch yoshida yuragida insonlarga yaxshilik qilishdek shijoat joʻsh urib turgan qahramonimiz Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi uchun jon berishga ham tayyor ekanini har yurak zarbi va qatʼiy nigohidan sezish qiyin emas. Ammo u jon emas, qon bergan holda olijanoblikning eng oliy koʻrinishi amalda koʻrsatib, tiriklik qoʻshigʻini kuylab kelmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring