Obod manzillar yana bittaga koʻpaydi

12:12 14 Dekabr 2023 Jamiyat
325 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari hamda tegishli vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi boshchiligida mamlakatimizning eng olis va chekka hududlarining 70 ta mahallasida “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ana shunday manzillardan biri Surxondaryo viloyatining olis, togʻli manzili Boysun tumanidagi “Duoba” mahallasida yangidan qad rostlagan maktab, poliklinika va mahalla idorasi binolari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shu manzillarda qurilish-taʼmirlash ishlari oʻz yakuniga yetkazildi va foydalanishga topshirildi.

Oʻzgarishu yangilanishlarning guvohi, ishtirokchisi va eng muhimi undan bahramand boʻlayotgan qishloq ahli uchun bu kun bayram koʻrinishini oldi. Uzoq yillar davomida kutilgan eʼtibor va qisqa muddat ichida roʻy bergan obodlik toʻyu tantana bilan qarshilandi.

Sanʼatga ixlosmand Boysun eli bugun nomoddiy madaniy merosi, qadimiy udum va anʼanalari, shonli tarixi bilan kelajakka yuz tutmoqda. Purviqor togʻlar qoʻynidagi “Duoba” mahallasi voha markazidan qariyb 180 kilometr olisda joylashgan. Hududda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlari joriy etilgach, aholining bir umrlik orzusi ushaldi. Hududda qisqa fursatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Jumladan, 2,1 milliard soʻm mablagʻ evaziga 180 oʻrinli maktab, qiymati 1,9 milliard soʻmlik 50 qatnovga moʻljallangan shifokorlik punkti barpo etildi. Shuningdek, mahallaning ogʻir ahvoldagi eski binosi 500 mln soʻmga tubdan qayta taʼmirlanib, bir yoʻla moʻjazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik oʻquv markazi ham tashkil etildi.

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yoʻl tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin boʻlgan oʻnqir-choʻnqir togʻ yoʻli tekislanib, 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yoʻllar betonlandi. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. “Qayroq” va “Gumatak” qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi qurildi. Sport maydonchasi, “Pastki Duoba” qishlogʻida esa 1 milliard soʻmga 80 oʻrinli maktab filiali barpo etildi. Turli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qad rostladi. Yangidan bunyod etilgan shifokorlik punktiga esa zamonaviy tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.

Tadbir asnosida mahallada amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh fidoyi insonlarga ehtirom koʻrsatildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida soʻz yuritishdi. Bayram koʻrinishini olgan tadbirlar turli sport musobaqalari va qiziqarli konsert dasturi bilan yanada yanada fayzli oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?