OAV — jamiyat koʻzgusi
Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat boʻlimi hamda Guliston tuman hokimligi hamkorligida “OAV — jamiyat koʻzgusi” mavzusida media-tur tashkil etildi.
Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi vakillari, respublika nashrlarining Sirdaryo viloyati hududiy muxbirlari, viloyat, tuman va shahar gazetalari bosh muharrirlari, tuman hokimligi axborot xizmati vakillari, hamda tuman hokimi oʻrinbosarlari ishtirok ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimi xabariga koʻra, media-tur avvalida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalarining tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi oʻrni, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi muammolari va ularni yechishdagi OAVning vositachilik roli haqida atroflicha soʻz yuritildi. Shu bilan birga, jamiyatda axborotga boʻlgan ochiqlikni taʼminlash, jurnalistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlarning OAV sohasidagi ishtiroki va media savodxonlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Joʻrayev soʻzga chiqib, tumanning tarixi, jumladan, Mirzachoʻlni oʻzlashtirish davrlarida OAVning, xususan, “Guliston hayoti” gazetasining oʻrni beqiyos boʻlganini, salkam bir asrdan buyon tumanning madaniy, ijtimoiy va siyosiy hayotida muhim oʻrin tutganini taʼkidlab oʻtdi.

Mazkur nashr viloyatda taʼsis etilgan birinchi gazeta hisoblanadi. U 1930-yilda “Kolxoz mehnati” nomida oʻzbek va rus tillarida chiqqan, keyinchalik “Kommunizm uchun”, 1962-yildan esa “Guliston” nomi bilan chop etilgan. 1998-yildan boshlab esa “Guliston hayoti” nomi bilan tuman hokimligi muassisligidagi yagona nashr sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Tahririyatda Sherali Quvondiqov, Vahob Shodmonov, Mehri Musayeva, Xolboʻta Xudoyorov, Bahodir Muhammadiyev, Hakimjon Xalilov, Nosir Shokirov, Toʻra Sulaymon, Saminjon Sultonov, Hayotxon Ortiqboyeva, Ergash Xalilov, Turgʻun Norqulov, Bahor Xolbekova, Xudoyberdi Keldibekov, Rashid Samdinov, Mavjuda Xolmatova kabi ustoz jurnalistlar uzoq yillar fidoyilik bilan mehnat qilishgan.
Gazeta bosh muharriri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Bahriniso Norjigitova gazeta tarixi, tahririyatning soʻnggi yillardagi faoliyati, qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlar va amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
— Gazetamizning 95-yillik arxivi toʻliq saqlangan. Keyingi yillardagi bosma nashrlarda kuzatilgan qiyinchiliklar bizni ham chetlab oʻtmadi, — deydi Bahriniso Norjigitova. — Lekin gazetamiz muntazam chiqishda davom etdi. Muassis va homiylar yordamiga tayandik. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondining uch marta grantini yutdik. Bu yil viloyatda matbuotga munosabat tubdan yaxshilangan. Tizimga toʻgʻri va oqilona yondashuv sabab, yopilish arafasida turgan baʼzi tuman va shahar gazetalari yana chop etilmoqda. “Guliston hayoti” gazetasi obunasi ham 1500 nusxaga yetdi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida OAV va davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, joylardagi dolzarb muammolarni tezkor va xolis yoritish masalalari boʻyicha aniq takliflar ilgari surildi.
Media-tur doirasida jurnalistlar tumandagi “Aleona Textil” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxonada ikki yil ichida 70 nafar nafar ayollar doimiy ish bilan taʼminlangan, 2,5 milliard soʻmlik mahsulot eksport qilishga erishilgan. Ishlab chiqarishdan tushgan daromad hisobidan oʻz yer maydonida yangi binolar qurish ishlarini olib bormoqda.

Navbatdagi manzil Doʻstlik mahallasida joylashgan “Namunali tomorqachi” koʻkrak nishoni sohibi Abdulhakim Toʻrayev xonadoni boʻldi. Bu oila aʼzolari uzoq yillardan buyon issiqxona va tomorqachilik bilan shugʻullanadi.
— Bir necha turdagi hosil yetishtirib, daromad olamiz, — deydi xonadon sohibi. — Olti sotixli issiqxonasiga dekabr oyida ekilgan rediska hosili hisobidan 20 million soʻmga yaqin daromad qildik. Mehnatimiz ortidan farzandlarimizni uy-joy qildik, farovon hayot kechirmoqdamiz.
Anjuman ishtirokchilari Guliston tumanidagi iqtisodiy-ijtimoiy oʻzgarishlar bilan tanishdilar, tuman hayotida OAV ning roli haqida batafsil tushunchalarga ega boʻldilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring