Nuroniylar kasaba uyushmalari eʼzozida

17:02 30 Yanvar 2025 Jamiyat
471 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Nuroniylar kasaba uyushmasi keksalarning huquq va manfaatlarini himoya qilib kelmoqda. Mahallalar, oilalarda tinchlik-totuvlik, osoyishtalik, sogʻlom muhitning barqaror boʻlishini taʼminlashga eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, yordamga muhtoj nuroniylarga ijtimoiy koʻmaklashish, ularning sogʻligʻini tiklashi, mazmunli dam olishini tashkil etish, shu orqali yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshishni uyushma faoliyatining asosi vazifasi sifatida qaraydi.

Uyushmaning Arnasoy tumani kengashi raisi Yulduz Gʻaniyevaning tashabbusi bilan 16 nafar nuroniylar Toshkent shahridagi “Salomat hayot” klinikasiga davolanish uchun yuborildi. Arnasoylik nuroniylar ham klinikada davolanish, toʻrt mahal issiq ovqat va shifoxonada yaratilgan sharoitlardan tekin foydalanmoqda.

— Klinikada birinchi kundanoq keksalarning tibbiy tahlillari qilinib, laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazildi. Tajribali shifokorlar tomonidan tashxislar qoʻyildi, — deydi Yulduz Gʻaniyeva. — Ular davolanishi bilan yana 16 nafar keksalar klinikaga joylashtiriladi.

Uyushmaning kelajak rejalarida nuroniylarni qoʻllab-quvvatlaydigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Muxtasar aytganda, uyda oʻtirgan nuroniylar jamiyat hayotiga faol jalb etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?