Nukusga dastlabki elektrobuslar yetib keldi

13:52 19 Yanvar 2026 Jamiyat
346 0

Nukus shahri qiyofasi tubdan oʻzgarib, aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifati yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan shahar jamoat transporti parkini yangilash va sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Yaqinda Nukus shahriga ilk bor zamonaviy elektrobuslar olib kelindi. Xitoydan keltirilgan 12 dona elektrobus uchun jami 24 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Bu nafaqat yoʻlovchilar uchun qulaylik, balki shahar ekologiyasini muhofaza qilish yoʻlidagi muhim qadamdir.

- Yangidan olib kelingan elektrobuslarda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha bir necha imkoniyatlar yaratilgan, — deydi “Sapsan Trans Nókis” korxonasi ish boshqaruvchisi Uzaqbay Qurbaniyazov. – Shu oʻrinda mazkur zamonaviy transportlar eng avvalo, ekologik toza va tejamkor texnikalar ekanligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Elektrobuslarda imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar chiqib tushishlari uchun panduslar mavjud. Shuningdek, hozirda deyarli barcha yoʻlovchilar qoʻlida boʻlgan mobil telefonlarini quvvatlash jihozlari ham oʻrnatilgan. Tez orada Nukus shahridagi yoʻlovchilar elektrobuslar xizmatidan foydalanadilar.

-Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar hamda Nukus shahrida jamoat transportini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida jami 200 ta yangi avtobus olib kelinishi belgilangan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligining sektor rahbari Muratbay Jiyemuratov. — Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu texnikalarni bosqichma-bosqich yetkazib berish choralari koʻrilmoqda.

Oʻtgan yildan boshlab sohada tub islohot amalga oshirilib, yoʻlovchi tashish xizmati “brutto-shartnoma” tizimiga oʻtkazildi. Bu tizimda asosiy eʼtibor reja ortidan quvishga emas, balki “bosib oʻtilgan yoʻl” va “xizmat sifati” mezonlariga qaratiladi.

Bugungi kunda shahar boʻylab jami 20 ta yoʻnalish tashkil etilgan boʻlib, ularni zamonaviy transport vositalari bilan toʻliq taʼminlash rejalashtirilgan. Ushbu jarayonning amaliy ifodasi sifatida, oʻtgan yili “Sapsan Trans Nókis” MCHJ tomonidan 11 milliard soʻmlik lizing asosida 13 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, foydalanishga topshirilgan edi.

Xizmat koʻrsatish koʻlamini kengaytirish maqsadida korxona tomonidan Nukus shahrida 200 ta avtobus sigʻimiga ega boʻlgan zamonaviy park barpo etilmoqda. Bu esa transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va haydovchilar uchun munosib sharoit yaratish imkonini beradi.

Hozirda elektron tender savdolari orqali biriktirilgan 7-A-sonli (“Nukus savdo majmuasi – Shimoli-gʻarbiy avtovokzal“) yoʻnalishida avtobuslar brutto-shartnoma asosida muntazam qatnovini davom ettirmoqda. Bu kabi islohotlar pirovardida xalqimizning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilishga xizmat qiladi.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер