Nukus yashil va ko‘rkam shaharga aylanmoqda
Foto: “Xalq so‘zi”
Qoraqalpog‘iston deganda bu yerda amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor bo‘lmaganlar xayoliga dastlab qurigan Orol dengizi, qumlik, sahrolar kelishi mumkin. Lekin qurigan dengiz tubida yashil qoplamalar barpo etilayotganidan butun dunyo xabardor bo‘layapti, desak mubolag‘a emas. Mo‘ynoq, Bo‘zatov va Taxtako‘pirdagi ta’bir joiz bo‘lsa olamshumul bunyodkorlik ishlari hududdagi aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda. Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga qaratayotgan e’tibori natijasida sahrodagi Nukus bugun yashil shaharga aylanmoqda.
Yigirmanchi asr oxirida yirik sanoat, ilm-fan va madaniyat markazi, do‘stlik va birodarlik shahri nomini olgan Nukus shahri bugun yanada betakror qiyofa kasb etib, ko‘rkam va yashil shaharga aylanib bormoqda.
Nukus shahri mamlakatimizdagi markaziy shaharlar orasida yosh va ko‘rkam shaharlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 11 sentyabrdagi farmoni asosida O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi va shaharning 70 yilligi munosabati bilan Nukus shahri “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Nukus shahrining tashkil topganiga 90 yil to‘lmoqda. To‘qson yil tarix uchun juda qisqa davr. Lekin, hozir shaharda bir-biridan ko‘rkam inshootlar, ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’yektlari, zamonaviy turar-joylar qad rostlagan. Albatta, bu yangilanishlar shaharni bir necha yillar oldingi ko‘rinishi bilan tanish bo‘lganlarning hayratini oshirishi shubhasiz. Ayniqsa, mehmonlar va Nukusga ilk bor tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar tomonidan Nukus — yashil shahar,— degan ta’riflar ayni vaqtda ko‘paymoqda.
Shahar atrofidagi yo‘l bo‘ylarida “Qoraqalpoqyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi tomonidan yashil hududlar tashkil qilinmoqda. Birgina joriy yilgi bahor mavsumida Nukus shahar hududidagi A380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 765 kilometridagi “Klevr” ko‘prigi atrofiga 20 ming dona sharq tuyasi, davlat ahamiyatidagi “Nukus -Chimboy-Taxtako‘pir” avtomobil yo‘li hududlariga mingdan ortiq katalpa, qarag‘ash va boshqa turdagi manzarali daraxt va butalar ekildi.

E’tiborlisi, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar noan’anaviy usulda ekildi. Ular yuqoridan qaraganda qoraqalpoq xalqining tarixi va milliy naqshlarini ko‘rinishida ekilgan bo‘lib, bugun barq urib o‘sayotgan daraxtlar ko‘rinishi shahrimiz mehmonlarining diqqatini tortmoqda. Yo‘l bo‘ylariga ushbu uslubda ekilgan daraxt ko‘chatlari «Qora uy» va qoraqalpoq milliy naqshlari va palma daraxti ko‘rinishlarini aks ettiradi.
Biz, ko‘chatxonada ishchi-xodimlar bilan suhbatlashib, jarayonlarni s’yomka qilayotgan paytimiz tasodifan yaqinda tayinlangan Nukus shahar hokimi Abatbay Daniyarov kelib qoldi.

- Bular bugungi kun qahramonlari, - dedi Abatbay Daniyarov ko‘chatxonada mehnat qilayotgan ishchilarga ishora qilib. - Mana bugun shahrimiz mahalla raislari bilan Mustaqilligimizning 32 yilligiga amalga oshiradigan ishlarimizni kelishib oldik. Shunda har bir mahalladan kamida ikkita namunali “yashil ko‘cha”lar qilib, ularga manzarali ko‘chatlarni ekishni belgilab oldik. Bu yerga kelishimni boisi ham kuzda ekiladigan ko‘chatlarimiz zaxirasi va bugungi parvarishi bilan tanishishdan iborat edi. Shahrimizni obod va yashil shahar qilish yo‘lida barchamiz birgalikda harakat qilsak, ishchilarimizga qulay sharoitlar yaratsak, albatta maqsadimizga yetamiz, - dedi shahar hokimi qisqa suhbatimiz davomida.
Darvoqe, Nukus shahar Obodonlashtirish boshqarmasi jamoasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda 52 ta maxsus texnikalar, ko‘chma texnikalardan samarali foydalanib kelinmoqda. Yaqinda shahar bo‘ylab boshqarmaning 24 nafar uchastka boshliqlariga elektro-velosipedlar berildi.

E’tiborlisi, ko‘plab ishchi xodimlarning velosiped va boshqa zarur texnikalar bilan ta’minlanishi Nukusni yashil shaharga aylantirishga, ishlarni yanada samarali olib borishga ulkan hissa qo‘shayotir.
Bir so‘z bilan aytganda shahar maqomini olganiga 90 yil to‘lgan Nukus - bugungi kunda shahrimiz mehmonlari va chet ellik sayyohlar tomonidan “yashil shahar” deya etirof etilmoqda. Biz, bu e’tiroflarga sabab bo‘lgan omillarni va amaldagi ishlarni o‘z nuqtai nazarimiz bilan ifoda etishga harakat qildik. Ayni kunlarda esa, yashillik yaratuvchilari bu e’tiroflarni hayotiy haqiqatga aylantirish, Nukusni yanada yashil makonga aylantirishdek, ulkan maqsadi ko‘zlab, kuch va shijoat bilan mehnat qilishmoqda.







Gʻayrat Otajonov,
“Xalq so‘zi”
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring