Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Foto: president.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Inson huquqlari, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega boʻlishlarini taʼminlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, Advokatlar palatasi hamda jamoatchilikning quyidagi takliflari maʼqullansin:
nogironligi boʻlgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlash hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish;
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar hamda ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish boʻyicha imtiyozlar berish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish.
2. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash darajasini 60foizga yetkazish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Mazkur koʻrsatkichga erishish doirasida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023-yilda muhtoj shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangansifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, shu jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul taʼminlasin.
3. Belgilansinki:
a) 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlashda nogironligi boʻlgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi.
Bunda:
fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi;
protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi oʻzaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi;
“Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi;
b) nogironligi boʻlgan shaxslarni “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi orqali, shu jumladan, zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi boʻlgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.
Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash uchun soʻrovnomalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatidan bitta soʻrovnoma va umumiy roʻyxatdan bitta soʻrovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyulga qadar nogironligi boʻlgan muhtoj shaxslar taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari roʻyxatini kengaytirish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi (yoʻlda kuzatib boruvchi) bir nafar fuqaro uchun davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, davlat xizmatlari markazlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida (joyida) koʻrsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish, davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish boʻyicha imtiyoz beriladi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi boʻlgan bolaga gʻamxoʻrlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa aʼzosiga nogironligi boʻlgan bolaning yonida birga boʻlish uchun sharoit yaratiladi, jumladan:
statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi;
bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyiladi.
7. Belgilab qoʻyilsinki, pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi boʻlgan shaxs deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimlarining yoʻllanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinadi.
8. Fuqarolarga yuridik yordam koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, nogironligi boʻlgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yordam olishlariga (pro bono) koʻmaklashish uchun “Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlik tuzilmalari va advokatlar foydalanishi uchun ochiq boʻlgan nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatlari boʻlimi yaratiladi.
Bunda:
nogironligi boʻlgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) olish boʻyicha murojaatlari “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi hamda ixtiyoriy yordam koʻrsatilishi uchun advokatlik tuzilmalari va advokatlar eʼtiboriga yetkaziladi;
ixtiyoriy bepul yuridik yordam koʻrsatish istagida boʻlgan advokatlik tuzilmalari hamda advokatlar uchun bunday yordam taklif qilishning texnik imkoniyati yaratiladi;
advokatlik tuzilmalari va advokatlardan ular koʻrsatgan ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) toʻgʻrisida hisobot talab qilinmaydi.
9. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
a) nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslarga oʻz huquqlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida:
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning yagona roʻyxatini shakllantirsin va doimiy yangilab borsin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi fuqarolar uchun belgilangan imtiyozlarning yagona roʻyxatini “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalida eʼlon qilib, Internet tarmogʻi orqali muntazam yoritib borishni taʼminlasin;
b) Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz bilan birgalikda uch oy muddatda nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddatini qoʻllash masalasini xorijiy ilgʻor tajribalar asosida oʻrganib chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Belgilansinki, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻliq davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Bunda, davlat granti asosida oʻqitish davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga ajratilgan davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
11. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
2023/2024 oʻquv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari toʻgʻrisida abituriyentlarga maʼlumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay formatda boʻlishi, jumladan, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishini taʼminlasin;
taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan talabalarga taʼlim jarayonida koʻmaklashish uchun nogironligi boʻlgan shaxsning oila aʼzosi yoki boshqa shaxslarga oliy taʼlim muassasasida nogironligi boʻlgan shaxsning yonida birga boʻlishi uchun sharoit yaratish choralarini koʻrsin.
12. Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5217-son qarori 2-bandining oʻninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“bolalar serebral falaji, umurtqa pogʻonasining patologik sinishi bilan kasallangan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlarini 2021-2022-yillarda 28 ta, shundan 2021-yilda 14 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi, 2023-yildarobotlashtirilgan lokomat toʻplami va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan taʼminlash”.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning 2, 6va 13-bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish 2023-yilda Davlat byudjetidan tegishli sohalarga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishini, 2024-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlarni inobatga olsin.
15. Adliya vazirligi:
Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarga berilgan imtiyozlar, nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi boʻlgan shaxslarga oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlaridan foydalanishlari uchun qulay sharoitlar yaratish haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatining aholi oʻrtasida tushuntirilishini, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali muntazam ravishda va keng koʻlamda yoritib borilishini taʼminlasin.
16. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2023-yil 27-fevral
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring