Nodirjon Turgʻunov Oʻzbekistonning Iordaniyadagi elchisi etib tayinlandi

11:52 29 May 2025 Siyosat
91 0

Foto: “Dunyo”

Oʻzbekistonning Iordaniyaga yangi tayinlangan elchisi Nodirjon Turgʻunov ushbu mamlakat TIVga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Maʼlum qilinishicha, kecha, 28-may kuni Nodirjon Turgʻunov Iordaniya Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash vazirligi bosh kotibi Majid al-Qatarna bilan uchrashgan. Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Iordaniya munosabatlarini jadallashtirish, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Ikki doʻst davlat oʻrtasida mustahkam tarixiy va madaniy aloqalar mavjudligi alohida taʼkidlangan.

Siyosiy muloqotni kengaytirish istiqbollari, jumladan, turli darajadagi oʻzaro tashriflarni tashkil etish va qoʻshma tadbirlar, xususan, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar va hukumatlararo komissiya majlislarini oʻtkazish orqali muhokama qilingan.

“Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish va qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirdilar. Iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish boʻyicha aniq takliflar koʻrib chiqildi. Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, sayyohlik almashinuvini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, alq diplomatiyasini mustahkamlashning muhim vositasi sifatida Oʻzbekiston va Iordaniya poytaxtlarida Madaniyat kunlarini oʻtkazish zarurligi qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 15-fevral kuni oʻrnatilgan.

Eslatib oʻtamiz, Nodirjon Turgʻunov 2024-yilning mart oyida Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi, 2025-yil aprel oyida esa bir vaqtning oʻzida mamlakatimizning Bahrayndagi birinchi elchisi etib tayinlangan edi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida ham akkreditatsiyadan oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер