Sifatsiz va noqonuniy binolar qachon barham topadi?
Bugun yurtimizning istalgan shahar va qishlogʻiga bormang, yangi qurilayotgan, taʼmirlanayotgan zamonaviy bino va inshootlarni koʻrasiz. Yangi uylar, ravon yoʻllar, maktab va bogʻchalar, shifo maskanlari, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, yirik zavod va korxonalarning barchasi farovonlikdan, aholi uchun yuqori turmush sharoiti yaratilayotganidan nishona, albatta. Ammo ayrim qurilish obyektlarida “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish tutilayotgani achinarlidir. “Birniki mingga mingniki koʻpga” deganlaridek hozir koʻpchilik zamonaviy binolarning sifatsizligidan tashvishga tushmoqda. Sifatsiz qurilishlar asosan davlat obyektlari hamda qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkor – quruvchilar qurayotgan koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlarida kuzatilmoqda.
Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat va monitoring tadbirlari davomida bir qator shunday holatlar qayd etilgani fikrimizni isbotlaydi. Masalan, Samarqand viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hududida yangidan qurilayotgan binoda tekshiruv oʻtkazilganda jiddiy qoidabuzarlik aniqlandi. Qurilish jarayonida shaharsozlik normalari qoida talablari qoʻpol ravishda buzilgan, yaʼni bazalt qoplamasi devorga yopishtirilganda orqa qismiga toʻliq kley surtilmagan. Obyekt hududida qurilish madaniyatiga ham rioya etilmagani bois maydon qurilish chiqindilari bilan toʻlgan. Qurilishlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan qurilish tashkiloti masʼullariga tushuncha berilib, nuqsonlar joyida tuzatildi. Bunday kamchiliklar inspeksiya nazorati yoki buyurtmachi eʼtiboridan chetda qolsa nima boʻladi?
– Samarqand shahri Semurgʻ mahallasidagi Buyuk Ipak yoʻli koʻchasida joylashgan 11-sonli koʻp qavatli uyning 54-xonadonda mulkdor tomonidan uyning tayanch konstruksiyasi buzilganligi aniqlandi, – deydi Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi nazorati inspeksiyasi rahbarining oʻrinbosari Akobir Chorshanboyev. – Holat yuzasidan mulkdorga nisbatan MJTKning 159-moddasi tegishli qismi bilan maʼmuriy jarima qoʻllanilib, oʻzboshimchalik bilan bajarilgan qurilishlarni oʻz holatiga qaytarish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Noqonuniy qurilishlarni aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi yoki beparvolik oqibatida viloyatda noqonuniy qurilishlar soni ham yil boshiga nisbatan 95 taga oshib, 440 taga yetdi. Inspeksiya tomonidan bor-yoʻgʻi 112 ta noqonuniy qurilmalarni buzdirish boʻyicha sudlarga daʼvo ariza kiritilgan. Sudlar tomonidan 45 ta obyektni buzdirish boʻyicha qaror chiqarilgan boʻlsa-da, Majburiy ijro byurosi tomonidan obyektlarda halicha buzish ishlari boshlanmagani savol ostida qolmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjalik sohasida davlat nazoratini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiya va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining “Mahallalarda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasiga oid qonun buzilishlarni oldini olish yuzasidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash hamda vakolatli organlarga xabar berish haqida”gi qoʻshma qaror qabul qilinganidan keyin ham noqonuniy qurilishlar soni yildan yilga koʻpayib bormoqda.
Nahot bunga mutasaddilar tomoshabin boʻlib tursa? Hududlardagi qurilish boʻlimlari tomonidan obyektlar ustidan yetarli nazorat oʻrnatilmagan. Birgina Samarqand shahar qurilish boʻlimi tomonidan Ziyokorlar mahallasida “Yuksel Group Sam” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berilgan. Biroq, yetarli nazorat yoʻqligi sababli fuqaro tomonidan yakka tartibda emas, balki koʻp qavatli uy-joy qurilmoqda. Hali foydalanishga topshirilmagan 41 ta obyekt elektr, gaz, suv taʼminotiga ulanib, toʻlaqonli faoliyat koʻrsatayotganligi aniqlangan. Nima sababdan elektr, gaz va suv taʼminoti korxonalari ularning tarmoqqa ulanishiga ruxsat bergan? Ruxsat bermagan boʻlsa, nega tarmoqqa ulanishi holatiga koʻz yumib kelinmoqda? Samarqand shahar Narpay koʻchasidagi “Selxoztexnika” va Kimyogarlar shaharchasi 29-dahasidagi “Xurshid Baraka Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qurilgan koʻp qavatli uy-joylarda aholi yashab kelmoqda. Bunday holatlarni koʻrgan boshqa quruvchilar ham obyektni topshirmasdan, davlatga soliq toʻlamasdan ham faoliyat koʻrsatsa boʻlarkan, degan xayolda binoni haligacha topshirmasdan yuribdi.
Bugungi kunda qurilish muddati tugagan 644 ta obyekt foydalanishga topshirilmagan. Buning oqibatida davlat byudjetiga ham soliq tushumlari undirilmayapti. Xoʻsh, bunga kim javobgar? Hozirda bunday holatlar boʻyicha viloyat hokimligi tomonidan qattiq nazorat oʻrnatilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan zarur choralar koʻrilmoqda. Lekin sifatsiz va noqonuniy qurilishlar qachon barham topadi? Bunday achinarli vaziyatlarga mutasaddilardan munosabat kutamiz!
Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring