Nazardan chetda qolayotgan Nazartepa
Kasbi tumanining eng olis hududlaridan biri boʻlgan Nazartepa mahallasining tarixi oʻtgan asrning 60-70-yillariga borib taqaladi. Oʻsha vaqtda Qarshi choʻlining oʻzlashtirilishi munosabati bilan bu yerda koʻp qavatli uy-joylar barpo etilib, Dehqonobod tumanining togʻli hududlarida yashovchi aholi vakillari ishchi kuchi sifatida koʻchirib keltirilgan.
Dastlab toʻqsonga yaqin oila kelib yashay boshlagan boʻlsa, keyinchalik mahallaning hududi ham, aholi soni ham yil sayin oshib bordi. Ayni paytda kelib bu yerdagi 1027 ta xonadonda 6300 nafardan oshiq kishi istiqomat qilmoqda. Shunga monand hududda yoʻl, elektr taʼminoti, oqova suv va eng asosiysi, bandlik bilan bogʻliq muammolar salmogʻi ham oʻsib ketgani bor gap.
Birgina ishsizlik muammosini olaylik. Mahallada istiqomat qilayotgan 6300 nafar aholining 2673 nafari iqtisodiy faol qatlam vakillari hisoblanadi. Ayni paytda ularning maʼlum qismi hududdagi ijtimoiy soha tashkilotlari – maktab, bogʻcha, tibbiyot punktida, qoʻshni hududlardagi tashkilotlarda ishlashadi. Shuningdek, kirakashlik, ustachilik, savdo-sotiq, chorvachilik va shu kabi faoliyat turlari ortidan yaxshi daromad topib, farovon turmush kechirayotgan oilalar bor.
Ammo 6 mingdan oshiq aholi istiqomat qiladigan mahallada bitta blok gʻisht ishlab chiqaradigan hamda bitta profildan eshik-rom yasaydigan kichik sexni aytmasa, odamlarga ish taklif etishi mumkin boʻlgan yirikroq ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish subyekti mavjud emas. Natijada ayni paytda 130 ga yaqin kishi ish izlab xorijga ketgan. Yana 110 nafar kishi esa ishga muhtoj sifatida roʻyxatda turibdi. Hali bu faqat rasmiy raqamlar. Haqiqiy raqamlar esa bundan bir necha barobar yuqori. Nega deysizmi?! Unda eshiting.

Masalan, birgina 2025-yilda mahallada turli dasturlar doirasida 37 nafar ishsiz fuqaroga 533 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, ular “bandligi taʼminlangan”lar safiga oʻtkazilgan. Yana toʻqqiz nafar fuqaroga elektr skuter, 2 nafariga tikuv mashinasi berilib, tabiiyki, ular ham “ishsizlar” roʻyxatidan oʻchirilgan va oʻzini oʻzi band qilganlar safiga qoʻshilgan.
Toʻgʻri, mazkur kichik imkoniyatdan foydalanib ham maʼlum bir sohada ishni yoʻlga qoʻygan, haqiqatan daromad topayotganlar bor, ammo nechtadan bitta. Biroq aksariyat aholi vakillari imtiyozli kredit yoki ish quroliga ega boʻlgani bilan amalda undan foydalanib, daromad topayotgani yoʻq.
Misol uchun, shu mahallada yashovchi Farida Roʻziyevani olaylik. U uch nafar farzandning onasi. Oilaning yolgʻiz boquvchisi. Oʻtgan yili ayolga bitta tikuv mashinasi berilib, oʻzini-oʻzi band qilganlar qatoriga oʻtkazilgan. Ammo bu bilan oilaning iqtisodiy ahvoli oʻnglanib qolgani yoʻq.
– Professional tikuvchi boʻlmasam-da, tikish-bichish qoʻlimdan keladi, – deydi u. – Lekin hali tikuv mashinasidan foydalana olganim yoʻq. Tadbirkorlik, nimadir tikib, uni realizatsiya qilish ham oson emas. Hozir shuning harakatidaman.
Mahalla ahli ixtiyorida 94 gektar tomorqa yer maydoni mavjud. Biroq soʻnggi yillardagi suv tanqisligi hisobiga, ariqqa suv kelmay qoʻygan. Natijada tomorqalardan ham kutilgan daromadni olib boʻlmayapti. Qishda loy, yozda tuproq koʻpchiydigan tuproq yoʻllaru elektr taʼminotidagi uzilishlar ham mahalla ahlining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Uzoq yillar davomida nazardan chetda qolib kelgan Nazartepada muammolar koʻp.
Shu boisdan ham Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi PF-143-sonli farmoni, PQ-330 sonli qarori asosida joriy etilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga eng ogʻir toifadagi hududlar qatorida Nazartepa mahallasi ham kiritildi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 199-sonli majlis bayoni bilan esa dasturga kiritilgan mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning yoʻnalishlari, moliyaviy manbalari aniq belgilab berildi. Dasturga kirgan har bir mahallaga respublika tashkilotlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari nomma-nom biriktirilib, ushbu masʼullarga har oyda kamida bir marotaba oʻziga biriktirilgan mahallaga shaxsan borib, oʻrganishlar oʻtkazish hamda ishlarni belgilangan tartibda tashkil etish vazifasi yuklatildi. Jumladan, Nazartepa mahallasiga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov biriktirildi.

Albatta, bu rejalar mahalla ahlida istiqboldagi katta oʻzgarishlarga, hududdagi ildiz otib ketgan muammolar birvarakayiga ijobiy yechim topishiga umid, ishonch uygʻotgani bor gap. Ammo oradan bir yildan oshiq vaqt oʻtdi hamki, Dasturda koʻzda tutilgan ishlarning yarmi ham bajarilmadi. Biz mahalla faollari bilan uchrashib, Dasturda belgilangan ishlaru ularning natijalari haqida soʻradik.
– “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hududdagi 2,6 kilometr yoʻlga asfalt qoplama, 5,3 kilometr tuproq yoʻlga esa shagʻal yotqizish, aholi tomorqalariga suv yetkazib berish, elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha bir qator ishlarni belgilab olgandik, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Yigitali Pirimqulov. – Shundan oʻtgan yil davomida 4 ta artezian quduq qazilib, aholi tomorqalarining 60 foizdan oshiq qismiga suv yetkazib berilishi taʼminlandi. Shuningdek, bitta transformator hamda 120 ta simyogʻoch yangilanib, 60 ta xonadonning elektr taʼminoti yaxshilandi.
Nazartepada butun boshli dastur ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar shular. Yoʻl, hududda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va servisning rivojlanishi, aholining farovon turmush-tarzi uchun shart-sharoitlar yaratish, bandligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolar hamon oʻsha-oʻsha. Muammolar haqqoniy oʻrganilib, ularni tizimli hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilgani yoʻq.
- Mahallaga Dastur ijrosi boʻyicha shaxsan masʼul etib biriktirilgan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov esa shu vaqtga qadar Nazartepaga biror marotaba ham kelib, holatni oʻrganmagan.
- Har holda mahalla raisi Ibragim Shukurov va boshqa faollar bir marotaba vazirlik masʼullari, bir necha marotaba Qashqadaryo viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbari va mutaxassislari kelib, ish olib borganini aytishgan boʻlsa-da, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining oʻzi biriktirilgan mahallaga hechqursa bir bor shaxsan kelib, holatni oʻrgangani, muammolarni hal etish choralarini koʻrganiga oid biror dalil taqdim etisholmadi. Bandlik vaziriga biriktirilgan mahallada ishsizlik eng ogʻir muammoga aylangan. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring