Navoiyni anglash — milliy oʻzlikni anglash

17:01 06 Fevral 2026 Jamiyat
615 0

Mumtoz adabiyotimiz tarixida betakror oʻringa ega boʻlgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodi jahon adabiyotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Ulugʻ shoirning bebaho ijodiy merosi allaqachon umuminsoniyat maʼnaviy mulki sifatida eʼtirof etilgan. Biroq mustabid tuzum mafkurasi hukmron boʻlgan yillarda Navoiy merosidan maʼnaviy jihatdan uzoqlashildi. Koʻplab tadqiqotlarda uning sheʼriyatiga, davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga yuzaki yondashuv ustuvor boʻldi. Natijada hatto ziyolilar qatlami orasida ham “har bir bayti bir olam maʼnoga ega”, “Navoiyni anglash juda murakkab” kabi qolip iboralar shakllanib, millat ulugʻ shoir sheʼriyatining ruhiy qudratidan bebahra qoldi.

Bugun esa mamlakatimiz navoiyshunoslik tadqiqotlarining yirik markaziga aylanib bormoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025-yilning ulugʻ alloma nomi bilan ataladigan viloyatda “Navoiy yili” deb eʼlon qilinishi shoir adabiy merosini oʻrganish ishlarini mutlaqo yangi bosqichga koʻtardi. Mahalliy va xorijiy olimlar, ijodkor ziyolilar hamda keng jamoatchilik ishtirokida anʼanaviy xalqaro simpoziumning oʻtkazilishi esa butun turkiy olam adabiy muhitini yagona maʼnaviy manba atrofida birlashtirdi.

Hazrat Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan viloyatda keng qamrovli maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarda shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy kechalar, mushoiralar tashkil etildi, yangi ilmiy tadqiqotlar taqdim etildi. Xususan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalari universitetida oʻtkazilgan “Navoiyni anglash — oʻzlikni anglash” mavzusidagi adabiy-maʼrifiy anjuman mazmunan salmoqli boʻldi. Unda “Alisher Navoiy hayotiga doir manbalarni oʻrganishning yangi bosqichi”, “Alisher Navoiy hayoti yoʻli” kitobining yaratilish tarixi, Navoiy ijodini oʻrganishning yosh avlod kamolotidagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilindi. Anjumanda universitet jamoasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ xodimlari bilan birga mamlakatimizning taniqli navoiyshunos olimlari ham ishtirok etdi.

Anjumanni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktori, senator Quvondiq Sanaqulov kirish soʻzi bilan ochar ekan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston navoiyshunoslik tadqiqotlarining markaziga aylanganini, shoir hayoti va ijodini oʻrganishda yangi davr boshlanganini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Alisher Navoiy hayoti yoʻli” kitobining adabiy-maʼrifiy ahamiyati, shoir asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy gʻoyalarning jahon tamaddunida tutgan oʻrni xususida maʼruza qildi. Professor Nurboy Jabborov esa Alisher Navoiyning shoir va davlat arbobi sifatidagi faoliyatining yangi qirralariga atroflicha toʻxtaldi.

— Navoiy yuksak adabiy qiymatga ega asarlarini ona tilida yaratish orqali turk-oʻzbek tilining beqiyos qudratini, uning boy tasviriy vositalarga va keng imkoniyatlarga ega ekanini amaliy jihatdan isbotlab berdi, — deydi professor Nurboy Jabborov. — U oʻz ijodiy va davlat arbobi sifatidagi faoliyatida ikki muhim va murakkab vazifani oʻz oldiga qoʻygan. Birinchisi — oʻzbek adabiy tilini yuksak darajada rivojlantirish va tom maʼnodagi milliy adabiyotni yaratish boʻlsa, ikkinchisi — ona tilini ijtimoiy-siyosiy jihatdan himoya qilish, uni davlat tili darajasiga koʻtarish yoʻlida kurashishdan iborat edi.

Anjuman shoir gʻazallariga bastalangan kuy-qoʻshiqlardan iborat badiiy dastur bilan yakunlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?