Navoiyda oʻqituvchi va murabbiylar sharaflandi

Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga koʻra taqdirlangan bir guruh navoiylik oʻqituvchilarga davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov taqdirlanganlarni qutlab, mamlakatimizda taʼlim tizimidagi keng koʻlamli islohotlar, oʻqituvchi va murabbiylar mehnati alohida eʼtirof etilayotgani hamda bir qator imkoniyatlar yaratib berilayotgani yangi-yangi marralar sari qanot boʻlayotganini taʼkidladi. Xususan, soʻnggi 3-yilda viloyatdagi taʼlim muassasalarida ishlaydigan pedagoglarning toifasi 68 foizdan 71 foiz oshib, 1 870 nafar chet tili oʻqituvchilarning 87 foizi til bilish sertifikatiga ega boʻldi. Shu davr ichida bitiruvchilarning davlat OTMga kirish koʻrsatkichi 48,3 foizga yetkazildi. Viloyatda yangi baholash tizimiga oʻtkazilgan maktab oʻquvchilarining bilim samaradorligi 58,4 foizdan 72,5 foizga oshgan boʻlsa, ushbu maktab bitiruvchilarining OTMga kirishi oʻrtacha 81,0 foizga yetdi.
— Bevosita taʼlim fidoyilarining mehnati ragʻbatlantirilishga toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi kunda viloyat boʻyicha 134 oʻqituvchi 1000 va undan koʻp dollar miqdorida oylik maosh olmoqda, — deydi N. Tursunov. — Xususan, Zarafshon shahridagi 8-maktabdan Iroda Sodiqova (25 mln. soʻm), 10-maktabdan Dilorom Abdullayeva (20 mln. soʻm), Xatirchi tumanidagi 71-maktabdan Mashhura Toʻxtayeva (20 mln.soʻm.) shular jumlasidandir. Shuningdek, viloyatimizning 68 nafar oʻqituvchisi vazir jamgʻarmasidan ustama oladi.
Tadbirda viloyat taʼlim tizimi muassasalarining moddiy texnik bazasi mustahkamlanishi haqida soʻz borarkan, soʻnggi uch yilda viloyatda 8 ta umumtaʼlim maktabi yangidan barpo etilib, 156 ta maktabda rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilgani, respublika va mahalliy byudjetning 31,4 milliard soʻm mablagʻlari hisobidan 3000 dona kompyuter, 450 dona elektron doska, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga esa 1,9 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 550 dona planshetlar olib berilganligi taʼkidlandi.
— Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan har bir hududda taʼlim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan yagona yondashuvning joriy etilgani hamda “Yangi avlod” bogʻchalari barpo qilinishi, maktablar 12-yillik taʼlim oʻtilishi barcha ota-onalar tomonidan zoʻr quvonch bilan qabul qilindi, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibasi, Navbahor tumanidagi 1-maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining oʻrinbosari Sayyora Hafizova. — Shuningdek, yangi oʻquv yilidan bogʻchalarda ishlaydigan oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun bakalavr taʼlim shaklida “1+5” (1 kun oʻqish, 5 kun ish) joriy qilingani tizimdagi bogʻcha tarbiyachilari uchun tom maʼnoda ajoyib sovgʻa boʻldi.
Tadbirda davlat mukofotlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirilib, fidoyi, oʻz sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol oʻqituvchi hamda murabbiylaridan bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorligʻi, tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Temur ESHBOYEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring