Navoiyda ham Prezident maktabi oʻz faoliyatini boshladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ushbu maktabning oʻqituvchi va oʻquvchilardan iborat jamoasi joriy yilning may — avgust oylarida shakllantirildi. Olti ming nafarga yaqin talabgor orasidan 144 nafar oʻquvchi, qariyb ming nafar pedagog ichidan 35 nafar oʻqituvchi koʻp bosqichli sinovlar asosida saralandi. Bu paytda quruvchilar shahar markazida ikki qavatli maktab binosida bunyodkorlik ishlarini nihoyasiga yetkazayotgan edilar.
Yetmish besh milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirilgan maktab qurilishida ilgʻor arxitektura texnologiyalaridan foydalanildi. Binoni pardozlash ishlarida qoʻllanilgan boʻyoqlar rangi bolalarga ruhiy tetiklik, keyingi mashgʻulotlarga motivatsiya bersa, qurilish materiallari tarkibi qishning sovugʻi va yozning jaziramasidan himoya qilish xossalariga ega.
— Eng muhimi, farzandlarimiz zamonaviy texnologiyalar asosida taʼlim oladi, — deydi 9-sinf oʻquvchisi Abduaziz Ramazonovning onasi Vazira Azimova. — Bu, tabiiyki, ularning darslarni oʻzlashtirishi, tarbiyasi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarida juda muhim.
Maktabda darslar ertalab sakkiz yarimda boshlanib, 15:30ga qadar davom etadi. Darslar oraligʻida odatdagi qoʻngʻiroq oʻrniga mayin musiqa yangrab, oʻquvchilarni tanaffusga chorlaydi.
Maktab sinfxonalari har bir fan tasnifiga qarab jihozlangan. Ularga oʻrnatilgan elektron doskalarda dars jadvali, tanaffus vaqti, oʻqituvchi haqida qisqacha maʼlumot mavjud.
— Iqtidorli oʻquvchilarga dars oʻtish biz, oʻqituvchilar uchun oʻziga xos bir imtihon, — deydi maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Shoira Ibragimova. — Har bir dars puxta tayyorgarlik, izlanish va alohida yondoshuvni talab etadi.
Darslar tugagach, oʻquvchilar oʻzlari tanlagan toʻgaraklarda vaqt oʻtkazadi. Bu toʻgaraklarda ularning sport, sanʼat, yetakchilik va notiqlik koʻnikmalari, tanqidiy fikrlash, axborot izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash kabi qobiliyatlari shakllantiriladi.
— Oʻquv jarayoni esa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM — taʼlim» (Science - tabiiy fanlar, Technology — texnologiya, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) dasturi asosida olib boriladi, — deydi maktabning fizika fani oʻqituvchisi Bogdan Dimitru. — Taʼlim olishda oʻquvchilarning qiziqishlari, ayrim fanni tanlash va ularni oʻrganish darajasini inobatga olgan holda individual oʻquv jarayoni olib boriladi.
Bogdan Dimitru asli Ruminiyadan, darslarni Kembrij sistemasida oʻtadi. Navoiyga kelguniga qadar AQSH va Angliyada qariyb yigirma yil taʼlim tizimida ishlagan.
Maktabda oʻquv blokidan tashqari oshxona mavjud boʻlib, bu yerda oʻquvchilar maxsus ratsion asosida ovqatlanadi. Maxsus sport maydoni va sport zali bolalarning jismoniy komilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
— Nabiram ushbu maktabning 7-sinfiga qabul qilindi, — deydi professor Ahmadjon Qutbiddinov. — Yaqinda imtihonlar haftaligi tugab, oʻquvchilarning baholari, natijalari ota-onalarga maʼlum qilindi. Taʼlim faxriysi sifatida yaratilgan sharoitga mutanosib talab va masʼuliyatning yuqoriligi menga juda ham maʼqul keldi.
Prezident maktabining taqdimot marosimida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbari H. Umarova ishtirok etib, maktab jamoasi va oʻquvchilarni tabrikladi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring