Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bitiruvchilariga diplom topshirildi

19:26 19 Iyul 2023 Jamiyat
619 0

Foto: Xalq soʻzi

Universiteti mamlakatimiz konchilik hamda kimyo, energetika sanoati uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri sanaladi. Ilm dargohi reyting boʻyicha respublikamiz oliy oʻquv yurtlari orasida beshinchi oʻrinni band etib, qariyb 8,5 ming talabani oʻz bagʻriga olgan. Bu 2000-yil bilan solishtirganda uch baravardan koʻp demakdir.

Shu davr ichida taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati ham oshib, bugun universitetning 300 kishilik pedagogik jamoasining 29 nafari doktorlik 121 nafari esa fan nomzodi ilmiy darajasiga ega.

Universitetning 19 gektarlik hududida oltmish foiz maydonni laboratoriyalar egallagan. Bu nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlash hamda turli ilmiy izlanishlar natijalarini sinovdan oʻtkazishda ham qulayliklar yaratadi.

2021-yili “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hududida toʻliq quyosh energiyasidan foydalanib, yer osti suvlarini toza ichimlik suviga aylantirib beruvchi yangi namunadagi suv tozalash qurilmasi yaratildi.

— Hayotimning universitetda tahsil olgan toʻrt yilini eng baxtli onlarim deb hisoblayman, — deydi kon muhandisi mutaxassisligini egallagan Muxlisa Ochilova. — Taʼlim olish bilan birga turli tanlov va fan olimpiadalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdim. Shu bois ilmiy izlanishlarni davom ettirish niyatidaman.

Universitetning 2022-2023 oʻquv yilini Muxlisa qatori bakalavriat yoʻnalishida 689 nafar, magistratura yoʻnalishida esa 88 nafar yigit-qiz tamomlab, ularga mutaxassislik diplomlari tantanali topshirildi.

Yosh mutaxassislarni “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov qutlab, ularning kelgusi hayotida muvaffaqiyatlar tiladi. Izlanuvchan va yuqori salohiyatga ega mutaxassislar uchun kombinat eshiklari har doim ochiqligini taʼkidladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?