Namanganda ustozlar forumi boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Viloyat madaniyat markazida “Sifatli taʼlim – kuchli jamiyat” shiori ostida tashkil etilgan forumda oʻtgan oʻquv yili yakunlari va yangi oʻquv yilidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman viloyatdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarligi jarayoniga bagʻishlangan koʻrgazma bilan boshlandi. Unda taʼlim muassasalarida yaratilgan moddiy-texnik baza, ijodiy ishlar, oʻquvchilar va ilm dargohlari jamoalarining izlanishlari mahsuli, axborot texnologiyalari va ularning ish samaradorligi bilan bogʻliq yutuqlar namoyish qilindi.
Tadbirda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov soʻzga chiqib, yurt ravnaqi, mamlakat istiqboli kelajagimiz egalarining har jihatdan ilmu salohiyatli, zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal egallagan oʻgʻil-qizlar boʻlib voyaga yetishiga bogʻliqligi haqida fikr yuritdi.
Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Oybek Zokirov maʼruzasida taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi masʼuliyati haqida soʻz bordi.
— Viloyatimizda bugunga kelib oʻqish va oʻqitishni yuqori darajada tashkil etishning barcha imkoniyatlari yaratilgan, — dedi O. Zokirov. — Xususan, boshqarma tasarrufida bugungi kunda 1334 ta davlat taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, ularning 606 tasi maktabgacha taʼlim, 714 tasi umumtaʼlim, 12 tasi ixtisoslashtirilgan, bittasi ijod hamda bittasi Prezident maktabi shaklida faoliyat koʻrsatmoqda.
Boshqarma boshligʻi tugallangan yil yakunlari haqida gapirar ekan, viloyat boʻyicha 1333 nafar bitiruvchi muddatidan avval xorijiy oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirganligini sohadagi islohotlar, oʻqituvchi -pedagoglarning samarali mehnati, oʻquvchilarning tirishqoqligi natijasi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Yaqinlashayotgan oʻquv yilida bu singari muvaffaqiyatlar yanada koʻpayadi. Boisi maktablarga ilgʻor taʼlim dasturlarini joriy etish, taʼlim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida sentyabr oyidan boshlab 1-4-sinflar uchun yangi avlod darsliklari joriy etiladi. 7 ta maktabda oʻquvchilarning qobiliyati va tanlovi asosida taʼlim jarayonlarini tashkil etish tajriba-sinovdan oʻtkaziladi. Shuningdek, 14 ta maktabda tajriba sifatida ingliz tili fanidan tashqari 7-sinfdan ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz va nemis tillari qoʻshimcha oʻqitilishi, 10-sinfdan bitta kasb oʻrgatilishini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Anjuman yakunida taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ustoz va murabbiylardan bir guruhi faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring