Namanganda sayyohlik xizmatlari eksporti 190,8 million dollarga yetdi

15:56 19 Noyabr 2024 Jamiyat
261 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzining goʻzal tabiati, uzoq tarixga ega osori-atiqalari bilan sayohat ishqibozlarini chorlab kelgan Namanganda bugun 300 ga yaqin turistik manzillar faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida ularga yetti millionga sayyohlar tashrif buyurib, xizmatlar hajmi 370 million AQSH dollaridan ortdi. Ushbu koʻrsatkichning 190,8 million dollari 600 mingga yaqin xorijiy fuqarolar hissasiga toʻgʻri keladi.

Aytish lozimki, sohani rivojlantirishning istiqbolli rejalari ijrosi bilan gullar shahri va tumanlardagi jozibador maskanlarga kelayotgan sayyohlar oqimi jadal oʻsib bormoqda.

Kecha viloyat markazidagi “Atour“ mehmonxonasida tashkil etilgan xalqaro turizm yarmarkasida hudud sayyohlik salohiyati yana bir bor namoyish qilindi. Unda 60 ga yaqin mahalliy va xorijiy vakillar, shuningdek, soha yoʻnalishida tahsil olayotgan 50 dan ortiq yoshlar hamda hunarmandlar ishtirok etdi. Germaniya, Shveysariya va Avstriyadan kelgan 9 ta yirik turbiznes vakillari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Oʻzbekiston hududlarida barqaror iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash loyihasi doirasida tadbirda qatnashdi.

— Tadbirning asosiy maqsadi yevropalik sayyohlarni jalb etishga qaratilgan boʻlib, yurtimiz manzaralari, xususan, yangi sayyohlik lokatsiyalari bilan tanishtirishga alohida eʼtibor qaratildi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov. — Pirovardida, xorijlik turoperatorlar oʻz sayyohlari uchun yangi yoʻnalishlarni tanlab olishdi. Ularning koʻpchiligi joriy yilning 21-23-noyabr kunlari poytaxtda oʻtkaziladigan navbatdagi “Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi” davomida oʻzaro shartnoma va memorandumlar imzolash niyatida ekanligini bildirishdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, viloyat turizm boshqarmasi nafaqat mehmonlarga xizmat koʻrsatish bilan cheklanib qolmasdan Namangan ahlining boshqa manzillar, xususan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm shaharlariga sayohatini tashkil etish borasida ham izchil ish olib boryapti. Joriy yil boshidan buyon ikki milliondan koʻproq kishi ayni respublikamiz shaharlariga sayohatga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?