Namanganda bosh miya sohasida murakkab jarrohlik amaliyoti mahalliy mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi
“Xalq soʻzi ONLINE”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Namanganda bosh miya sohasida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti mahalliy mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi. Mazkur amaliyotga respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filiali neyrojarrohlik boʻlimida qoʻl urildi. Bu jahon tibbiyoti ilgʻor usul va uslublarini viloyat tibbiyotida qoʻllashga astoydil intilayotgan neyrojarroh Saydullo Sharifboyevning izchil saʼy-harakatlarining mevasidir. Nafaqat muassasa, balki respublika jarrohligi tarixida ilk bor bosh miyada olib borilgan neyroendoskopik amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi.
— Yaponiya, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqa tibbiyoti rivojlangan davlatlarga xizmat safarlari chogʻida ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, jahonga tanilgan olimlarning bosh miya sohasida neyrojarrohlik amaliyotlari oʻtkazish boʻyicha maʼruzalarini diqqat bilan tinglab, ulardagi zamonaviy tibbiyot jihozlari yordamida olib borilgan murakkab neyrojarrohlik amaliyotlariga qiziqib qolgandim. Keyinchalik buni yurtimizda joriy etishga urinib koʻrish gʻoyasi paydo boʻldi, — deydi Saydullo Sharifboyev. — Shu ishtiyoq boʻyicha izlanish olib bordik. Yaponiya elchixonasi eʼlon qilgan grant boʻyicha loyiha tuzdik. Natijada filial uchun 110 ming AQSH dollari miqdorida grant mablagʻi ajratildi. Bu mablagʻga Germaniyaning “Karl Shtors” kompaniyasidan “Neyroendoskop” apparati xarid qilindi. Bugun mamlakatimizda yagona hisoblangan mazkur takomillashgan va qimmatbaho uskunani ishga solib, birinchi amaliyotni oʻtkazdik.
Ilgʻor texnologiyaning afzalligi shundaki, endoskop orqali inson bosh miyasi asosida joylashgan oʻsmalar mini invaziv usulda olib tashlanadi. Birinchi jarrohlik amaliyoti ham shu yoʻsinda olib borildi. Bemorni bezovta qilayotgan kasallik boʻyicha burun va sfenoidal boʻshliq orqali kirilib, gipofiz bezi oʻsmasi bartaraf etildi. Butun amaliyot jarayoni monitorda aks etib turdi. Va bir yarim soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring